Fargʻona viloyatida qalbaki va sifati kafolatlanmagan dori vositalarining savdosiga chek qoʻyildi

    Ekspertiza xulosalariga koʻra, dorilar qalbaki boʻlib, tibbiy amaliyotda foydalanish taqiqlangan. Bu qalbaki dori vositalarining umumiy qiymati 78 million soʻmga teng ekani aniqlandi.

    Fargʻona viloyatining Qoʻqon shahrida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qalbaki va sifati kafolatlanmagan dori vositalari savdosiga qarshi keng koʻlamli tekshiruvlar oʻtkazildi. Ushbu tadbirlar davomida bir nechta fuqarolar tomonidan hujjatsiz dori vositalari tarqatilgani aniqlandi.

    Qoʻqon shahrida 2004-yilda tugʻilgan fuqaro shaxsiy avtomashinasiga hujjatsiz dori vositalarini yuklagan vaqtda qoʻlga olindi. U 2005 dona ampulada “Midokalm” va 750 dona ampulada “L-Lizin Essinat” dori vositalarini, shuningdek, qadoqlash uchun moʻljallangan quti va yoʻriqnomalarni saqlab kelgan. Ushbu holat yuzasidan tezkor tadbir oʻtkazilib, dorilarni saqlash va ishlab chiqarish uchun moʻljallangan yashirin sex ham aniqlandi.

    Tekshiruvlar chogʻida ushbu sexda 1177 dona “Aktovegin”, 165 dona “Tavegil”, 2700 dona nomsiz ampula, maxsus qogʻoz quti va yoʻriqnomalar, qalbaki yorliqlar va rangli boʻyoqlar topildi. Ekspertiza xulosalariga koʻra, dorilar qalbaki boʻlib, tibbiy amaliyotda foydalanish taqiqlangan. Bu qalbaki dori vositalarining umumiy qiymati 78 million soʻmga teng ekani aniqlandi.

    Tergov davomida aniqlanishicha, ayblanuvchi oʻz jinoiy sherigi, 1980-yilda tugʻilgan shaxs bilan hamkorlikda ushbu faoliyatni amalga oshirgan. Guvohliklarga koʻra, ular dorilarni qoʻlbola usulda tayyorlab, ularning tashqi koʻrinishini oʻzgartirgan. Eʼtiborga molik jihat shundaki, 2004-yilda tugʻilgan shaxs avval ham shunday jinoyat sodir etgani uchun sudga jalb qilingan, ammo u yana ushbu noqonuniy faoliyat bilan shugʻullangan.

    Shuningdek, Qoʻqon shahrida yana bir holat qayd etildi. 1983-yilda tugʻilgan fuqaro sifat sertifikatiga ega boʻlmagan 800 dona “Dyufaston” dori vositasini 800 ming soʻmga sotmoqchi boʻlgan vaqtda qoʻlga olindi. Uning yashash xonadoni tekshirilganda, umumiy qiymati 1,8 milliard soʻmdan ortiq boʻlgan “Elevit”, “Ursosan”, “Dyufaston”, “Yodomarin” va “Dyuspatalin” kabi dori vositalari, shuningdek, 5000 dona yoʻriqnoma va 1200 dona qadoqlash qutisi aniqlandi.

    Tergov davomida bu shaxsning jinoiy sherigi ham qoʻlga olindi. Uning uyida “Midokalm” dorisining 900 dona qalbaki yorliqlari topildi. Shuningdek, u “Diprosan” va “Tavegil” dorilari uchun 2000 dona etiketka va foydalanish yoʻriqnomasini tayyorlash uchun buyurtma bergani maʼlum boʻldi.

    Hozirda mazkur jinoyat ishlari boʻyicha tergov jarayonlari olib borilmoqda. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar qalbaki dori vositalari savdosiga qarshi kurashni kuchaytirish va aholi salomatligini himoya qilish maqsadida nazoratni yanada kuchaytirmoqda. Aholiga dorixonalardan faqat sifat kafolatlangan, litsenziyaga ega dori vositalarini xarid qilish va noqonuniy savdoga duch kelgan taqdirda huquqni muhofaza qilish organlariga xabar berish tavsiya etiladi.