Mamlakatning investitsiya jozibadorligi avvalo mulk huquqining himoyalanganlik darajasi bilan bogʻliq. Tadbirkor ishlab topgan mablagʻini, mulkini toʻliq tasarruf etishga ishonchi komil boʻlsagina sarmoya kiritadi, biznesini yuritadi. Shu boisdan mamlakatimizda xususiy mulkni, mulkdorlar huquqini himoya qilish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirildi, bu sohada qonunchilik hujjatlari takomillashtirildi.
Biroq oʻzboshimchalik bilan xususiy mulk huquqini poymol qilish, ayrim mansabdor shaxslarning adolatsiz va asossiz vajlar bilan koʻchmas mol-mulkka aralashuvlar kuzatilmoqda va bu holatlar tadbirkorlarning, fuqarolarning haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda. Bu haqda davlatimiz rahbari 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisiga qilgan Murojaatnomasida toʻxtalib oʻtib, ayrim joylarda davlat organlari tizimidagi rahbar va mutasaddilar tomonidan tadbirkorlarning mulkka doir huquqlarini buzish holatlari hanuz davom etayotganini taʼkidlab, Biznes-ombudsmanga tadbirkorlarning huquqlarini buzgan davlat idorasi mansabdorlariga nisbatan maʼmuriy javobgarlikka tortish boʻyicha vakolat berish taklifini bildirgan edi. Shu boisdan “Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksiga oʻzgartishlar kiritish haqida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihasi ishlab chiqildi.
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasida boʻlib oʻtgan yigʻilishda mazkur qonun loyihasi birinchi oʻqishda manfaatdor idoralar mutasaddilari ishtirokida deputatlar tomonidan koʻrib chiqildi.
Qonun muhokamasi jarayonida taʼkidlanganidek, xususiy mulkni himoya qilish bilan bogʻliq muammoli vaziyatlarni bartaraf etish maqsadida, qonunchilikni takomillashtirish, shu jumladan, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakiliga ushbu kodeksning tegishli moddalarida nazarda tutilgan maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarini koʻrib chiqish vakolatini berish belgilanmoqda. Mazkur oʻzgartishlar xususiy mulk daxlsizligi, tadbirkorlik faoliyati erkinligini taʼminlashni, davlat organlari mansabdor shaxslarining huquqbuzarlik profilaktikasi kuchaytirishning institutsional mexanizmlari yana-da takomillashtirishga xizmat qilishi taʼkidlandi, deb xabar beradi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi axborot xizmati.