Bugun katta avlod vakillari yoshlarning vertual olam atrofida oʻralashib qolib, kitob oʻqimayotgani-yu teatrga kelmay qoʻyganidan koʻp shikoyat qiladi. Shikoyat oʻrinli aslida. Ammo chuqurroq oʻylab qarasak, shu holatlarga sababchi boʻlayotgan biz — kattalar emasmi? Yoshlarni toʻgʻri yoʻnaltirish, hayotning yozilmagan qoidalaridan ularni voqif qilib borish oʻzimizning vazifamiz-ku? Bugun shu va shu kabi farzand tarbiyasi bilan bogʻliq vazifalarimizga oʻzimiz ne chogʻli yondashyapmiz? Teatrning inson hayotidagi oʻrni, uning tarbiyaviy taʼsirini farzandlarimizga boshqalardan avval oʻzimiz targʻib qilishimiz kerak emasmi? Kun tartibimizdan loaqal bir oyda bir bor teatrga joy bersak, dilbandlarimiz ham oʻz farzandlarini ana shu tarbiya maskaniga yetaklab borishga odatlanadilar. Zero, shiddat bilan rivojlanayotgan mamlakatimizda bugun maʼnaviyatga har qachongidan kuchli eʼtibor berilmoqda. Ayni paytda yurtimizdagi 37 ta davlat teatrlarida 42 ta toʻgaraklar tashkil etilgani ham buning amaldagi koʻrinishlaridan biri, deyish mumkin. Ushbu toʻgaraklarga mingga yaqin oʻquvchi yoshlar jalb etilgan. Yaqin yillarda bu koʻrsatkich sezilarli darajada oʻsishiga shubha yoʻq. Oʻzbekiston respublikasi Madaniyat vazirligining teatr va sirk sanʼatini rivojlantirish boshqarmasi boshligʻi Muqaddas Ahmadjonovaning taʼkidlashicha, eksperiment tariqasida tanlab olingan Chilonzor tumanidagi 30 dan ziyod maktablarda yoshlarni teatrga jalb etish borasidagi ishlar tizimli olib borilyapti. Rusiyzabon maktablarga Operetta teatridan, oʻzbek maktablariga Muqimiy teatridan bir nafardan aktyor, ijodkorlar biriktirib qoʻyilgan.
Bundan tashqari, har bir oliy oʻquv yurtida teatr studiyasi mavjud. Aktyorlikka iqtidori bor, rol ijro eta oladigan talabalar turli tadbirlarda, bayramlarda yaxshi asarlarni sahnalashtirayotganlari quvonarli. Havaskor aktyorlar har yili oʻtkaziladigan teatr festivallarida ham oʻz iqtidorlarini namoyish etib kelmoqda. Ammo ular mutaxassis emas. Bunday yoshlarga professional rejissyorlarning koʻmagi kerak. Shu maʼnoda har bir oliy oʻquv yurtlariga teatrlardan tajribali, yosh rejissyorlar biriktirilgan. Albatta, ular teatrdagi ishlarini tashlab qoʻyib, maktab yoki oliygoh bilan shugʻullanishmaydi. Iqtidorli, isteʼdodli bolalar bilan ishlash tegishli reja asosida, maʼlum vaqtlarda amalga oshiriladi. Masalan, oliygohlardagi teatr jamoasiga toʻgʻri yoʻnalishlar berilib, sahnabop, yaxshi asarlar tavsiya qilinib, uni qanday sahnalashtirish boʻyicha ham yoʻl-yoʻriq koʻrsatiladi. Yoshlarning oʻzi sahnalashtirish jarayonini olib boradilar. Bu orqali ularda mustaqil holda va oʻz ustida ishlash koʻnikmasi ham shakllanib boradi. Teatr namoyish etilishga tayyor boʻlganida, biriktirilgan professional rejissyor eʼtiboriga havola etiladi. Talabalarning muvaffaqiyatlari bilan birgalikda kamchiliklari ham tahlil qilinib, chiqishlar yana-da pishitilgach, sahna asarini tomoshabinlar eʼtiboriga bemalol havola etish mumkin boʻladi.
Oʻrni kelganida aytib oʻtish joizki, toʻgaraklar faoliyati jihatidan eng yetakchi teatrlar sifatida Qoraqalpoq qoʻgʻirchoq teatri hamda Surxondaryo viloyat teatrini alohida tilga olish mumkin. Poytaxtda esa Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri va Oʻzbek Milliy akademik drama teatrlarida olib borilayotgan ishlar eʼtiborga molik. Bu ikki teatr xususida gap borganida, albatta yuzlab, minglab yoshlarga ustozlik qilgan, oʻzbek teatrining ikki zabardast ustunlari — Fatxulla Maʼsudov va Mirza Azizov nomini tilga olmay boʻlmaydi. Zero, har ikkisi ham birinchi rahbar boʻlishiga qaramay, olis hududlarga-da borib, iqtidorli yoshlar, boʻlajak aktyorlarni kashf etishga astoydil bel bogʻlagan edi. Xususan, F.Maʼsudovning Shayxontohur tumanidagi ikkita umumtaʼlim maktabida teatr jamoasi tashkil etib, oʻquvchilar bilan shaxsan oʻzi ishlagani, Andijonda ham shunday ezgu ishlarga xayrixoh boʻlgani tahsinga loyiq. Mirza Azizov esa hayotining soʻnggi damlarida ham Qorakoʻlda yangi bir ezgu loyihani muvaffaqiyatli amalga oshirishga ulgurgani bilan oʻsha yoshlar qalbida abadiy yashaydi. Eng muhimi, teatrdan butunlay yiroq boʻlgan yoshlarni birlashtira oldi u. Bugun hududda sanʼatkorlik teatriga poydevor qoʻyildi. Poytaxtning nufuzli teatri sahnasida ilk bor rol ijro etgan ana shu yoshlardan biri, “Har narsaning javobi bor” spektaklining bosh qahramoni — Zamon (Oʻlmas Allayev) oʻz minnatdorligini mana shunday izhor etgan edi:
— Aslida konservatoriyani tamomlaganman. Birinchi marta oʻzimni sinab koʻrdim. Ustozim Mirza Azizov korrupsiya illati keskin qoralangan “Har narsaning javobi bor ” spektakli uchun uyushmagan, teatrdan yiroq yoshlardan jamoa tuzayotgan ekan. Menga bitta qoʻshiq ayttirib koʻrishdi. Shunda ustoz “Bu bolaning koʻzi yonib turibdi, nimadir chiqara olaman”, dedi. Hursand boʻlib ketdim. Ustozim bilan ancha mehnat qildik. Poytaxt sahnasidagi muvaffaqiyatim, tomoshabinlar olqishlaridan ham hayajon, ham gʻururga toʻldim. Bu qoʻshiqchilik bilan aktyorlikni hamohang olib borishimga turtki boʻladi, nazarimda. Chunki endi men Zamon obraziga oʻxshagan rollarni taklif etishsa, bajonidil ijro etishga roziman.
— Biron marta ham teatrga qadam bosmagan yoshlar sahnaning sehrini his qila olmaydi, — deydi Oʻzbekiston jahon tillari universitetining 3- bosqich talabasi Shahrom Atoyev. — Spektaklni oxiriga qadar tomosha qilmagan yoshlar ham asarning kulminatsion nuqtasi — xulosadan bexabar ketaveradilar. Shuning uchun ham har bir oliy oʻquv yurti belgilangan rejaga muvofiq talabalarni bu tarbiya maskaniga olib kelyaptilar. Bu vazifa bilan alohida biriktirilgan oʻqituvchilar shugʻullanyapti. Spektaklni soʻngigacha tomosha qilgan talabalarda esa yana teatrga kelish istagi tugʻilayotgani ayni muddao.
Darhaqiqat, yoshlarni maʼnaviyatsizlikda, internetga asirlikda ayblayverish ijobiy natija bermasligini bugun amalda koʻrib turibmiz. Farzandlarimiz misoli yosh nihol. Qay tomonga qarab oʻsishini istasak, oʻsha yoqqa qarab oʻsishadi. Shu maʼnoda ularning har turli tomonlarga emas, koʻkka boʻy choʻzishlariga erishishimiz kerak. Yuqorida fikr bildirgan Oʻlmas Allayev, Shohruh Atoyevning koʻplab izdoshlari soʻnggi yillardagi targʻibot-tashviqot ishlarimiz taʼsirida shakllanib boryapti. Quvonarlisi, bugun teatrlar yosh dramaturglarni kashf etish ishlariga ham alohida eʼtibor qarata boshladi. Zero, teatrning nufuzini oshirish, sara asarlarni sahnalashtirishda kuchli, professional dramaturgiya asosiy oʻrin tutadi. Shu maʼnoda bizga qalami oʻtkir, chinakam dramaturglar kerak. Bu esa teatrlarning yoshlar bilan qay darajada ish olib borishiga bogʻliq boʻladi. Oʻylaymizki, bugun hayot boʻlgan va yuqorida nomlari tilga olingan teatrimiz dargʻalari boshlab bergan ishlarni yoshlarimiz yana-da goʻzal holatda davom ettiradilar.
Shu kunga qadar 120 mingga yaqin yoshlar teatrlarga tashrif buyurdi. Umid qilamizki, davlatimiz rahbarining alohida tashabbuslari, qolaversa, biz, kattalarning targʻibotlarimiz samarasi oʻlaroq, ertamiz egalari teatr, muzeylarning eng qutlugʻ dargoh, haqiqiy hayot maktabi ekanini his qilib ulgʻayadilar.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri