Tadbir Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Samarqand davlat tibbiyot instituti hamda “Medel” Avstriya kompaniyasi tomonidan tashkil etilib, unda respublikamizning turli viloyatlaridan 200 nafardan ortiq surdopedagog, logoped, reabilitolog hamda Rossiya, Qozogʻiston va Belarusdan taklif etilgan mutaxassislar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.
Aytish lozimki, mazkur xalqaro seminarni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – eshitishda nuqsoni bor bolalar muammolari boʻyicha erishilgan natijalarni muhokama qilish, reabilitatsiya sifatini yaxshilash maqsadida yangi surdo-pedagogik ishlanmalarni amaliyotga keng tatbiq etish, ilmiy ishlar samaradorligini yana-da oshirish hamda oʻzaro tajriba almashishdan iborat.
Dastlab seminarda Oʻzbekistonda birinchi bor psixologiya fanlari doktori Inna Koroleva maʼruza qildi. U oʻz maʼruzasi orqali kar bolalar bilan koʻp yillik ish tajribasi, koxlear implantatsiya operatsiyasidan keyingi bemorlarning nutqini rivojlantirish uslublari haqida soʻz yuritdi. Shu bilan bir qatorda belaruslik mutaxassis Svetlana Burnos qoʻshiq kuylash orqali bemor bolalarda nutqni rivojlantirish usuli haqida taqdimot qildi. Yakuniy maʼruza orqali esa oʻzbekistonlik mutaxassislar yurtimizdagi bolalar reabilitatsiyasi tajribalari bilan oʻrtoqlashdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish lozimki, soʻnggi yillarda yurtimizda eshitishda nuqsoni bor va kar bolalarda koxlear implantatsiya operatsiyalari muntazam ravishda oʻtkazib kelinyapti. Birgina 2016-yilda “Neyrosensor kar yoki zaif eshitadigan bolalarda koxlear implantatlardan foydalangan holda operatsiyalar oʻtkazish” boʻyicha 150 nafar bola qamrab olingan boʻlsa, 2018-yilda 239 nafar, 2019-yil 320 nafar, 2020-yilda esa 225 nafar zaif eshituvchi bemor bolalarda jarrohlik operatsiyalari amalga oshirilib, oʻtgan davr mobaynida bu raqam 1 000 nafardan oshdi, deb xabar beradi Sogʻliqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
Taʼkidlanishicha, bolada nutqni rivojlantirish davri boʻlmish operatsiyadan keyingi muddatning ahamiyati juda muhim. Yaʼni bu paytda surdopedagoglar bemorlarning ota-onalari bilan birgalikda har kuni shugʻullanish, toʻgʻri yondashuvni tashkil qilishi kerak. Erta oʻtkazilgan tashxislash, jarrohlik amaliyoti va toʻgʻri reabilitatsiya jarayonlari natijasida bola umumtaʼlim maktablariga toʻlaqonli qatnashi va tengdoshlaridan farq qilmasligi mumkin.
Mutaxassislarning fikricha, ayni kasallik bilan ogʻrigan bemorlardan “eshityapman, gapiryapman, yashayapman”, degan soʻzlarni eshitish eng katta natijadir.