QQSni qoplash mexanizmi joriy etiladi
1-iyuldan boshlab hisobga kiritilgan soliq summasining hisoblangan soliq summasidan oshib ketishi natijasida hosil boʻlgan QQS summasi qoplab beriladi (30.12.2019-yildagi OʻRQ-599-son Qonunning 5-moddasi). Buning uchun soliq organlariga soliq summasini qaytarish toʻgʻrisida ariza taqdim etilishi lozim (SK 274-m. 2-q.). Qonun hujjatlarida ikkita variant nazarda tutilgan:
- umumiy tartib – 60 kun ichida kameral soliq tekshiruvi oʻtkaziladi (SK 138-m. 1-q.) va uning natijalariga koʻra maʼlum qilingan summa toʻliq yoki qisman qoplanishi toʻgʻrisida qaror qabul qilinadigan boʻlsa, summa soliq toʻlovchiga qaytariladi (SK 274-m. 3-q.);
- tezkor tartib – SK 274-moddasi 4-qismida koʻrsatilgan 6 ta toifadagi soliq toʻlovchilar undan foydalanishga haqli. Qaytariladigan soliq summasi 7 kun ichida toʻliq hajmda qoplab beriladi. Kameral tekshiruv ham oʻtkaziladi. Unda maʼlum qilingan soliq summasi yoki uning bir qismi asossiz ravishda qoplanganligi aniqlansa, soliq toʻlovchi ushbu summani penya bilan birga byudjetga toʻlashi lozim (SK 274-m. 5-q.).
Qurilish: yangi qoidalar va imtiyozlar
Qurilish sohasida bir qator yangiliklar kiritildi:
birinchidan, qishloq joylarda uy-joylar yangi tartibga koʻra quriladi:
- Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan yer uchastkalari qurilishi rejalashtirilgan uy-joylar boʻyicha qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan sugʻoriladigan yerlar va oʻrmon fondi yerlari toifasiga kirmaydigan hamda aholini majburiy koʻchirish xavfi boʻlmagan taqdirda ajratiladi;
- yer uchastkalarini realizatsiya qilish masalalarini koʻrib chiquvchi komissiyaning tarkibiga «Oʻzgidromet» markazining hududiy boʻlinmalari vakillari kiritiladi;
- tanlov savdolarida gʻolib boʻlgan pudrat tashkilotlari bilan investitsiya shartnomalari tuziladi, bunda tadbirkorlik subyektlari investitsiya majburiyatlarini oʻz zimmasiga oladi;
- tortib kelinadigan va maydon ichki suv taʼminoti va kanalizatsiya tarmoqlari hamda avtomobil yoʻllarini qurish Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boʻlinmalari ekspertizasi xulosalariga koʻra amalga oshiriladi.
ikkinchidan, loyiha-tadqiqot tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi. U soliq va statistika hisobotlari maʼlumotlariga koʻra avtomatik tarzda shakllantiriladi. Unda ish tajribasi, xodimlar soni (shu jumladan malakasi), asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va toʻlangan soliqlar, mehnatga haq toʻlash fondi va boshqa mezonlar aks ettiriladi;
uchinchidan, Qurilish sohasini nazorat qilish inspeksiyasi va hududiy inspeksiyalar boshliqlari tegishli maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqishga haqli boʻladi. Biroq huquqbuzarlik dalili nizolashiladigan boʻlsa, ish koʻrib chiqish uchun sudga oshiriladi;
toʻrtinchidan, quyidagilarga bojxona toʻlovlari (QQS va bojxona rasmiylashtiruvi uchun yigʻimdan tashqari) boʻyicha yangi imtiyozlar 2023-yil 1-iyulgacha muddatda amal qiladi:
- koʻp qavatli monolitli uy-joylarni qurishda foydalaniladigan betonni tayyorlash uchun beton quyish shakllari, mashinalari va mexanizmlari – ozod etiladi;
- qurilish sohasida foydalaniladigan, import qilinadigan mashinalar va mexanizmlar, texnologik uskunalar, kichik mexanizatsiya vositalari, priborlar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar boʻyicha – 120 kungacha toʻlov muddatini kechiktirish yoki boʻlib-boʻlib toʻlash.
Muzeylar, galereyalarga – imtiyoz
Xususiy muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, yer va mol-mulk soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari ikki baravarga pasaytiriladi. Imtiyoz uch yil: 2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha amal qiladi.
Sugʻurtalovchilar “ustavi” oshiriladi
1-iyuldan sugʻurtalovchilarning ustav kapitali eng kam miqdorlari koʻpaytiriladi va sugʻurta faoliyati turiga qarab quyidagicha miqdorlarda belgilanadi:
- ixtiyoriy sugʻurta – 15 mlrd soʻm (ilgari: umumiy sugʻurta sohasida – 7,5 mlrd soʻm, hayotni sugʻurtalash – 10 mlrd soʻm);
- majburiy sugʻurta – 25 mlrd soʻm (ilgari – 15 mlrd soʻm);
- mutlaq qayta sugʻurtalash – 35 mlrd soʻm (ilgari – 30 mlrd soʻm).
Ushbu qiymatlarning navbatdagi oshirilishi 2022-yil 1-iyuldan amalga oshiriladi. Natijada sugʻurta tashkilotlarining jami ustav kapitali 2,4 baravarga – avvalgi 0,8 dan 1,2 trln soʻmgacha oshiriladi.
Eslatib oʻtamiz, sugʻurtalovchi ustav kapitalining kamida 90%i muassislarning (ishtirokchilarning) pul mablagʻlari hisobiga shakllantiriladi. Kreditga, garovga olingan mablagʻlar va boshqa jalb etilgan mablagʻlardan foydalanish mumkin emas (“Sugʻurta faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 12-moddasi).
Noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganda xabardor qilish
1-iyuldan boshlab quyidagilar bekor qilinadi:
- noshirlik faoliyatini litsenziyalash;
- matbaa faoliyatini amalga oshirishga ruxsatnomalar berish.
Uning oʻrniga xabardor qilish tartibi joriy etiladi. Ushbu sohada faoliyatni boshlaganlar Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligini 10 kun ichida xabardor qiladi. Buni yaqin oradagi davlat xizmatlari markazlari yoki YAIDXP orqali amalga oshirish mumkin. Qanday ishlashi haqida batafsil – bu yerda.
Oʻzini oʻzi band qilganlarga – katta imkoniyatlar
Oʻzini oʻzi band qilganlarga qoʻshimcha ravishda 43 ta yoʻnalishda ishlashga ruxsat etildi. Asosan onlayn- va media-xizmatlarga. Shu tariqa, yangi roʻyxatda 1-iyuldan – ular shugʻullanishi mumkin boʻlgan 67 turdagi faoliyat koʻrsatilgan.
Roʻyxatdan oʻtish soddalashtiriladi – vaqtinchalik mehnat guvohnomalari oʻrniga mobil ilovalar chiqariladi. Ular orqali nafaqat roʻyxatdan oʻtish, balki buyurtmalar berish va toʻlov qilish, EHFni taqdim etish, daromadlar va xarajatlar hisobini yuritish, oʻz tovarlari, ishlari va xizmatlarini reklama qilish mumkin boʻladi.
2020-yil uchun oʻzini oʻzi band qilganda haqiqatda ishlangan soatidan qatʼi nazar, BHMning 50%idan kam boʻlmagan miqdorda ijtimoiy soliq toʻlanishi lozim. Pensiya hisoblash uchun ish haqi miqdori soliq summasidan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Tugʻruqni qabul qilyapsizmi – onlayn-dastur yuriting
1-iyuldan boshlab barcha tugʻruq muassasalari mulkchilik shaklidan va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, FHDYO organlari bilan elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturini yuritishi shart. Unda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan tavsiya etilgan hisobot shakllari boʻyicha tugʻilish va oʻlim holatlari qayd etiladi.
Eslatib oʻtamiz, 2019-yil noyabrdan xususiy tibbiyot tashkilotlariga tugʻruqni qabul qilishga ruxsat etildi. Joriy yil 1-martga qadar ular onlayn-dasturga ulanishi lozim edi.
Gaz taʼminoti: qoidalar oʻzgaradi
1-iyuldan boshlab ichki bozorda tabiiy gazni realizatsiya qilishning yangi mexanizmi joriy etiladi. Endi yangi isteʼmolchilar faqat «Hududgaztaʼminot» AJning gaz taqsimlash tarmoqlariga ulanadi. «Oʻztransgaz» AJning magistral gaz transport tizimiga ulanganlar 2021-yil oxiriga qadar bosqichma-bosqich tarmoqqa ulanadi va shartnomalar qayta tuziladi. Bu yangilik yirik strategik korxonalarga daxl qilmaydi.
Huquq ijodkorligi: “paket” tamoyili, idoraviy hujjatlar qabul qilinmaydi
Norma ijodkorligi amaliyotiga bir qator yangiliklar kiritiladi:
- keragidan ortiqcha huquqiy tartibga solinish bartaraf etiladi, hujjatlar mazmuni qayta koʻrib chiqiladi – eng muhim masalalar yuqori yuridik kuchga ega boʻlgan hujjatlarda berilishi mumkin, Adliya vazirligi tomonidan texnik jihatdan tartibga solishga doir normativ hujjatlar ekspertizadan oʻtkaziladi va hisobi yuritiladi, ular rasman eʼlon qilinadi;
- “paket” tamoyili joriy etiladi, bunda bir vaqtning oʻzida yangi qonun loyihasi bilan ularni amalga oshirishga doir qonunosti hujjatlari hamda ulardan kelib chiqadigan boshqa qonunlarga kiritiladigan oʻzgartirishlar ishlab chiqiladi;
- vaqtinchalik, yil oxiriga qadar idoraviy NHH qabul qilish toʻxtatiladi (oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi yoki unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi hujjatlar bundan mustasno).
Parlament nazorati kengaytiriladi
Endi Qonunchilik palatasi majlislarida quyidagilar muntazam eshitib boriladi:
- davlat organlari va xoʻjalik boshqaruvi organlarining – faoliyati toʻgʻrisidagi;
- hukumat aʼzolari va tarmoq rahbarlarining – BMT barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, fan, maʼnaviyat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish boʻyicha oʻtkazilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlari.
Mahalla xodimlariga – maxsus ustama haq
Oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga qoʻshimcha maxsus ustama toʻlanadi. U mahalliy byudjetlarning qoʻshimcha manbalari va Byudjet tashkilotlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan toʻlanadi.
“Sirli xaridor” dorixonaga ham boradi
“Farmatsevtika mahsulotining sirli xaridori” – Sogʻliqni saqlash vazirligi va Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining birgalikdagi ishlanmasi. Vazifasi – retseptlar qanday yozib berilishini hamda dori vositalarining cheklangan narxiga rioya etilayotganligini monitoring qilish.
Maʼlumotlar tibbiyot tashkilotlari va dorixonalarga shaxsan kelgan holda hamda telefon qoʻngʻiroqlari, elektron pochta yoki mobil ilovalar boʻyicha murojaatlar orqali toʻplanadi. Barcha tadbirlar Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi va Farmatsevtika tarmoqlarini rivojlantirish agentligi bilan birgalikda oʻtkaziladi. Jarayonga vakolatli organlar xodimlari va jamoatchilik vakillari jalb etiladi.
Dastlabki huquqbuzarlik uchun javobgarlikka tortish choralari koʻrilmaydi, tushuntirish ishlari olib boriladi. Bunda tibbiyot tashkilotlari va dorixona xodimlarini huquqbuzarliklar sodir etishga va vakolatlarini suiisteʼmol qilishga undash holatlari taqiqlanadi. Monitoring natijalari qonun hujjatlarini va huquqni qoʻllash amaliyotini takomillashtirish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.
Eslatib oʻtamiz, oʻtgan yili Adliya vazirligi va SSP tomonidan davlat xizmatlari sohasida shunga oʻxshash mexanizm ishga tushirilgan edi.
200 va 500 soʻmlik kupyuralar muomaladan chaqirib olinadi
1-iyuldan 200 soʻmlik (1997-yil namunasidagi) va 500 soʻmlik (1999-yil namunasidagi) banknotlar toʻlov vositasi sifatida oʻz kuchini yoʻqotadi va muomaladan chaqirib olinadi. Hozirda ularni istalgan tijorat banklari boʻlinmalarida almashtirish mumkin. 1-iyuldan keyin esa ular MBning Bosh hududiy boʻlinmalari hisob-kitob-kassa markazlarida bevosita muomalada boʻlgan banknotlarga almashtirib beriladi. Eslatib oʻtamiz, bir yil oldin 50 va 100 soʻmlik muomaladan chaqirib olingan edi.
Oleg Zamanov.