Prezidentning “Kasanachilikni yanada rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori (PQ–70-son, 23.02.2023-y.) qabul qilindi.
Qaror bilan ish beruvchilarga oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni kasanachi sifatida jalb qilishga ruxsat berildi.
Shunga koʻra, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari (19 ta) roʻyxati toʻldirildi.
2023-yil 1-martdan 2026-yil 1-yanvargacha 3 oydan koʻp 30 tadan ortiq kasanachilarni jalb qilgan va u asosida ishlab chiqargan mahsulotlardan olgan daromadi jami daromadining 60 foizidan koʻpni tashkil etgan tadbirkorlar uchun:
foyda va aylanmadan olinadigan soliqning soliq bazasi 50 foizga kamaytirilib hisoblanadi;
ayrim davlat mulkilaridan foydalanganlik uchun ijara toʻlovi 50 foiz miqdorda belgilanadi;
davlat xaridlari doirasida tuziladigan shartnomalarda buyurtmachilar tomonidan 50 foiz oldindan toʻlov amalga oshiriladi.
“Usta-shogird” maktablar oʻquvchilari ijtimoiy soliqni oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar uchun belgilangan tartibda toʻlaydi.
Kam taʼminlangan oilalarga bolalar puli va moddiy yordam berishda ularning kasanachilik yoki qishloq xoʻjaligiga mavsumiy jalb qilingan 6 oygacha boʻlgan davrda olgan daromadlari inobatga olinmaydi.
Qarorga koʻra, Kasanachilikni qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi tashkil etilib, 2023-yil 1-martdan Jamgʻarma hisobidan:
tadbirkorlarga har bir kasanachining dastlabki 3 oy davomidagi faoliyati uchun 1 oylik daromadi miqdorida bir martalik subsidiya ajratiladi;
tadbirkorlarga quyidagi subsidiyalar ajratiladi:
▫️2025-yil 1-yanvargacha kasanachilik bilan shugʻullanayotgan ishsiz va ish qidirayotgan, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan fuqarolarga asbob-uskunalar va xomashyo xarid qilish uchun BHMning 30 baravarigacha;
▫️kasanachilik asosida uyda ishlayotgan nogironlarning ish joyini moslashtirish uchun BHMning 40 baravarigacha;
▫️kasanachilarni kasb-hunarga oʻqitishg uchun BHMning 2 baravarigacha.
Hokim yordamchilari tavsiyasi asosida tadbirkorlarga aylanma mablagʻlarini toʻldirish uchun:
▫️har bir kasanachi uchun 2 mln soʻmgacha, jami 300 mln soʻmgacha yillik 14 foiz, 6 oygacha imtiyozli davr bilan 3 yilgacha kredit ajratiladi;
▫️Jamgʻarma hisobidan har bir kasanachi uchun 1 mln soʻmgacha, jami 150 mln soʻmgacha 2 yilgacha muddatga foizsiz ssuda ajratiladi.
2023-yil 1-iyungacha davlat ulushi mavjud savdo majmualari va dehqon bozorlarida hunarmandchilik va kasanachilik rastalari tashkil etiladi.