Hukumatning joriy yil 19-oktyabrdagi tegishli qarori bilan yoqilgʻi-energetika resurslari isteʼmolchilari hamda bino va inshootlar energiya isteʼmolini energiya auditidan oʻtkazish tartibi belgilandi.
Hujjatga koʻra, 1-noyabrdan foydalanish maydoni 200 kv. metrdan ortiq boʻlgan bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini aniqlash uchun “A”, “B”, “C”, “D”, “E”, “F” va “G” belgilari joriy etiladi.
Bunda “A” toifasi energiya samaradorligi eng yuqori, “G” toifasi esa energiya samaradorligi eng kam boʻlgan bino va inshootlarni belgilash uchun qoʻllaniladi.
Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi energiya samaradorlikni oshirishda energiya auditidan oʻtkazish, muvofiqlashtirish va nazorat qilish boʻyicha vakolatli organ etib belgilandi. Shuningdek, vazirlik Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan joriy yil yakunigacha foydalanish maydoni 200 kv.metrdan ortiq bino va inshootlar uchun oʻtkazilgan energiya auditi yakunlari boʻyicha hisobotlar va energetika pasportlarining elektron reyestrini yuritishga moʻljallangan elektron platformani ishlab chiqadi va ishga tushiradi.
Bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasi energiya resurslari isteʼmoli qiymatining ogʻish kattaligi (energiya samaradorlik indeksi) boʻyicha aniqlanadi. Bunda haqiqiy isteʼmol qiymati bilan meʼyoriy (etalon) isteʼmol qiymati oʻrtasidagi farq hisoblanadi.
Ushbu qiymatning ogʻishi miqdoriga qarab, samaradorlik toifasi aniqlanadi. Odatda, past isteʼmolga ega binolar yuqori samaradorlik toifasiga kiradi.
Mazkur jadvalga muvofiq, birinchi guruhga quyidagi toifalar kiradi:
- “A” — energiya sarfi – 40 foizdan koʻproq;
- “B” — — 40 foizdan – 26 foizgacha;
- “C” — — 25 foizdan – 11 foizgacha.
Mazkur toifadagi bino va inshootlar iqtisodiy ragʻbatlantirish mumkin boʻlgan energiya samaradorlikka ega hisoblanadi.
Keyingi guruhga faqat “D” toifasi kiradi hamda bu toifaga kiruvchi binolarning energiya sarfi -10 foizdan + 4 foizgachani tashkil etadi. Bu normal isteʼmol hisoblanadi.
Navbatdagi guruhga quyidagi ikkita toifa kiradi:
- “Ye” — +5 foizdan +14 foizgacha;
- “F” — +15 foizdan +25 foizgacha.
Mazkur toifalarga kiruvchi bino va inshootlarning energiya samaradorligi past boʻlib, ular issiklik yoʻqotishlarini kamaytirishlari zarur.
Oxirgi “G” toifasiga kiruvchi binolar eng past samaradorlikka ega boʻlib, ular meʼyordan +25 foiz yoki undan koʻproq energiya sarf qiladi. Bu binolarni mukammal taʼmirlash yoki rekonstruksiya qilish talab etiladi.
Koʻrsatmalarning bajarilishi toifasi “D” va undan past boʻlgan bino va inshootlar uchun majburiy hisoblanadi. Bundan yakka tartibdagi uy-joylar mustasno.
Avgust oyi boshida prezident tomonidan energiyani tejash va undan oqilona foydalanishga qaratilgan qonun imzolangandi. Hujjat bilan bino va inshootlarning energiya samaradorligi toifasini belgilash nazarda tutilgan.