Hududlarning qishloq xoʻjaligi boʻyicha texnik samaradorligi qanday?

    Oʻzbekiston iqtisodiyoti qishloq xoʻjaligi bilan uzviy bogʻlangan boʻlib, bu sohaning YIMdagi ulushi yuqoriligi boʻyicha jahon mamlakatlari orasida 18-oʻrinni egallaydi.

    Iqtisodiyotida qishloq xoʻjaligining ulushi katta boʻlgan mamlakatlar 20 taligidan Afrika qitʼasidagi 17 ta mamlakat, Osiyo qitʼasidan esa Afgʻoniston va Oʻzbekiston joy olgan. Mazkur mamlakatlardan Nigeriya keshyu yongʻogʻi, okra, yeryongʻoq va shirin kartoshka, Tanzaniya kunjut va shirin kartoshka yetishtirish boʻyicha jahonning yetakchi uch mamlakatidan biri sanaladi. Oʻzbekiston oʻrik yetishtirish boʻyicha dunyo reytingida Turkiyadan, gilos yetishtirish boʻyicha Turkiya, AQSH va Chilidan, behi yetishtirish boʻyicha Turkiya va Xitoydan, ipak ishlab chiqarish boʻyicha Xitoy, Hindiston, Vyetnam va Tailanddan, sabzi va sholgʻom yetishtirish boʻyicha Xitoydan keyingi oʻrinda turadi.

    Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti ekspertlari Oʻzbekiston hududlarining qishloq xoʻjaligi tarmogʻidagi texnik samaradorligini baholashga qaratilgan tadqiqot oʻtkazdi. Unda DEA (Data Envelopment Analysis) modeli asosida ishlab chiqilgan Färe-Primont indeksidan foydalanildi.

    Tadqiqotda 2017-2019-yillarda Oʻzbekiston hududlarida yirik shoxli qoramol va donli ekinlar yetishtirishning texnik samaradorligi koʻrib chiqildi. Ishlab chiqarish omillari sifatida donli ekinlar ekiladigan yer maydoni, hududlardagi qishloq xoʻjaligi texnikalari, sohada ish bilan band aholi va sarflangan organik oʻgʻit hajmi tanlab olindi.

    Natijalar 2017-yilda omillarning yalpi unumdorlik koʻrsatkichi (TFP) boʻyicha Jizzax, Andijon va Buxoro viloyatlari, 2018-yilda Andijon, Navoiy va Buxoro viloyatlari, 2019-yilda Qashqadaryo, Buxoro va Andijon viloyatlari yetakchi hududlar boʻlganini koʻrsatdi.

    Qoraqalpogʻiston Respublikasi 2017-yil reytingida Qashqadaryo viloyatidan keyingi oʻrinda (5-oʻrin) boʻlgan. 2019-yilga kelib, 2 pogʻona pastga tushgan . Qoraqalpogʻistonning reytingdagi oʻrni biroz pasayishiga qaramay, respublikada unumdorlik bu davrda 15,2 foizga ortgan. Bu esa baʼzi hududlarda unumdorlikning oʻsish surʼati yanada yuqoriroq boʻlganidan dalolat beradi. Xususan, reytingda 8-oʻrinda boʻlgan Samarqand viloyatida unumdorlik 25,7 foizga ortib, Qoraqalpogʻistondan oʻzib ketgan va 6-oʻrinni egallagan. Tahlil davrida eng sekin oʻsish (6,1 foiz) Surxondaryo viloyatida qayd etilgan.

    Bundan tashqari, natijalar ishlab chiqarish koʻlami katta baʼzi hududlar texnik samarasiz boʻlishi mumkinligini koʻrsatdi. Masalan, Buxoro, Namangan, Sirdaryo va Xorazm viloyatlarida iqtisodiy va texnik samaradorlik koʻrsatkichlari oʻrtasida mutanosiblik kuzatilgan boʻlsa, qolgan hududlarda tafovutlar mavjud. Bu esa mazkur hududlarda ishlab chiqarish omillaridan yetarli darajada oqilona foydalanilmayotganini bildiradi.