100 dan ortiq maktablarda “Xavfsiz maktab” tizimi joriy etildi

    Xavfsizlik 31 Dekabr 2020 1841

    Umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilar davomatini elektron hisobga olish tizimi loyihasi konsepsiyasini amalga oshirish doirasida Toshkentdagi 100 dan ortiq maktablarga “Xavfsiz maktab” loyihasi doirasida “Face ID – Yuzdan tanish” texnologiyalariga asoslangan elektron davomat tizimi joriy etilmoqda.

    Yaʼni, ushbu tizim inson yuzidan tanish texnologiyasi asosida ishlashi hamda toʻsiqli turniketlar, plastik kartalar va boshqa uskunalar talab etilmasligi va joylashtirilmasligi sababli, oʻquvchilarning maktab hududiga kirish va chiqishlari jarayonini toʻsiqsiz va xavfsiz tashkil etish imkonini beradi. Shu bilan birga, biror bir oʻquvchi qaysidir sababga koʻra maktabga kelmasa yoki kechga qolib kelsa, ushbu holat boʻyicha maʼlumot markaziy serverda avtomatik ravishda aks ettiriladi. Bu esa maktabda oʻquvchilar qatnovi toʻgʻrisida maʼlumotlardan “on-layn” tartibda maktab maʼmuriyati, hududiy xalq taʼlimi idoralari va vazirlikka xabardor boʻlib turishlari imkonini beradi.

    Tizimning asosiy afzalliklaridan biri shundaki, maktab hududiga begona shaxslarning kirib chiqishi nazorat ostida boʻladi. Yaʼni maktab oʻquvchilari va ishchi-xodimlari bazasida yoʻq boʻlgan shaxslar maktab hududiga kirishi bilanoq bu haqda maktab direktori va boshqa masʼul shaxslar xabardor boʻladi.

    “Xavfsiz maktab” loyihasi Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan davlat-xususiy sheriklik asosida joriy qilinmoqda. 2021-2022 oʻquv yilida Toshkent shahrining 297 ta umumtaʼlim maktablarida ushbu loyihani amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Oʻquvchilarning ota-onalari yoki ularning boshqa qonuniy vakillariga farzandlarining maktab hududiga kirishlari va chiqishlarini yagona tizim orqali kuzatishlari uchun imkoniyat yaratiladi. Mazkur xizmatdan foydalanish toʻliq ixtiyoriy boʻlib, undan foydalanish istagida boʻlganlar tizimda roʻyxatdan oʻtishlari va loyihani amalga oshiruvchi xususiy sherik tomonidan belgilanadigan toʻlovni amalga oshirishlari lozim boʻladi.

    Mazkur tizim Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Raqamli Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan Respublikaning boshqa hududlarida ham joriy etiladi.

    Kelgusida respublikamizning barcha umumtaʼlim maktablari bosqichma-bosqich “Xavfsiz maktab” loyihasi bilan qamrab olinishi va buning uchun qoʻshimcha davlat-xususiy sheriklik loyihalari joriy etilishi yoki xalqaro moliya institutlarining grant mablagʻlari hamda boshqa mablagʻlar hisobiga amalga oshirilishi mumkin.