108 ta madaniy meros obyektida 147 ta noqonuniy qurilma aniqlandi

    Yangi qonunda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini yo'q qilish yoki shikast yetkazganlik uchun jinoiy jazo ham kuchaytirildi.

    Bu haqda AOKAda o'tkazilgan brifingda Madaniy meros agentligi axborot xizmati rahbari Mohinur Imomova ma'lum qildi.

    Ta'kidlanishicha, mamlakatimizda hozirgi kunga qadar 8 ming 210 ta moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obyekti davlat muhofazasiga olingan bo'lib, shundan 4 ming 788 tasi arxeologiya, 2 ming 265 tasi arxitektura obyektlari, 625 tasi monumental san'at asarlari, 530 tasi diqqatga sazovor joylar hisoblanadi. Ammo bu ro'yxat shu bilan cheklanadi degani emas, Madaniy meros agentligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan respublika bo'ylab o'rganish ishlari olib borilmoqda va “Moddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obyektlari milliy ro'yxati”ga o'zgartirish kiritish bo'yicha takliflar tayyorlanmokda.

    Turizm va madaniy meros vazirligi xuzuridagi Madaniy meros agentligi Prokuratura idoralari bilan birgalikda o'tkazilgan tekshirishda respublika bo'yicha 108 ta madaniy meros ob'ektida 146 ta noqonuniy qurilma qurilganligi aniqlandi. Ularning soni Surxondaryoda 42 ta, Samarqandda 23, Toshkent shahrida 17, Buxoro va Xorazmda 13 tadan, Toshkentda 12, Andijonda 6, Namangan va Qashqadaryoda 5 tadan, Jizzaxda 4, Farg'onada 3, Navoiy, Sirdaryo va Qoraqalpog'istonda 1 tadan.

    O'rganishlar natijasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:

    1. Madaniy meros obyektlari hududida qurilgan 7 ta noqonuniy qurilmaning buzilishi ta'minlandi.
    2. Madaniy merosning 71 ta obyektida qurilgan 76 ta noqonuniy qurilmani buzdirish yuzasidan yozma ko'rsatma berildi.
    3. Madaniy meros obyektidagi 63 ta noqonuniy qurilmalarni buzdirish yuzasidan sudlarga da'vo arizalari kiritildi.
    4. Madaniy meros obyektida noqonuniy qurilma (bino) qurgan 26 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi.

    Xususan, Xo'jayli tumanidagi 2400 yillik tarixga ega “Mizdakxon majmuasi” hududida joylashgan Halifa Rajab (Erejyep) maqbarasi tarixiy yodgorligi hududida noqonuniy qurilma qurilgani holati yuzasidan javobgar fuqarolar ma'muriy javobgarlikka tortildi.

    Ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeks 198−5-modda bilan to'ldirildi. Unga ko'ra, Madaniy meros bo'yicha agentlik va uning hududiy boshqarmalari ko'rsatmalariga rioya qilmaslik fuqarolarga BHMning 1 baravaridan 3 baravarigacha (810 ming so'm), mansabdor shaxslarga esa 3 baravaridan 5 baravarigacha (1mln 350 ming so'm) miqdorda jarima solishga sabab bo'ladi.

    Xuddi shunday huquqbuzarlik ma'muriy jazo qo'llanilganidan keyin ham bir yil davomida takror sodir etilgan bo'lsa, fuqarolarga BHMning 3 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa 5 baravaridan 7 baravarigacha (1 mln 890 ming so'm) miqdorida jarima solinadi.

    Bundan tashqari, Madaniy meros agentligi nafaqat madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini buzgan, balki agentlik ko'rsatmalarini bajarmagan shaxslarga nisbatan ham mustaqil ravishda ma'muriy huquqbuzarlik to'g'risida bayonnoma tuzish huquqiga ega bo'ldi.

    Yangi qonunda davlat muhofazasiga olingan moddiy madaniy meros obyektlarini yo'q qilish yoki shikast etkazganlik uchun jinoiy jazo ham kuchaytirildi.

    Unga ko'ra, yuqoridagi holat takroran yoki xavfli retsidivist, qolaversa, bir yoki bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib (ilgari faqat katta zarar yetkazgan holda) sodir etilgan bo'lsa, endilikda eng kam oylik ish haqining 300 baravaridan 500 baravarigacha miqdorda jarima yo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yo 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi (ilgari — 300 dan 500 baravargacha miqdorda jarima yoki 360 dan 480 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish).

    Madaniy meros obyektlarida tashqi reklama joylashtirish “Reklama to'g'risida”gi Qonunga asosan qat'iy taqiqlanib, ushbu obyektlar va ularning yondosh hududlari reklamadan xoli hudud etib belgilangan.

    Biroq, joylarda mazkur qonun talabini qo'pol ravishda buzish holatlari kuzatilmoqda. 5 ta qadimiy shaharda joylashgan 1000 dan ortiq madaniy meros obyektida reklama va axborot ko'rsatgichlari o'rnatilishi qonuniyligi o'rganildi.

    Samarqand shahrida 410 ta, Toshkent shahrida 290 ta, Buxoro shahrida 280 ta, Urganch va Xiva shahrida 132 ta obyekt o'rganildi.

    Unda qonunchilik talablariga zid ravishda 72 ta ob'ektlarga 121 ta reklama o'rnatilgani aniqlangan.

    Jumladan, Buxoroda 27 ta madaniy meros ob'ektida 50 ta, Samarqandda 25 ta obyektda 45 ta, Toshkent shahrida 18 ta obyektda 24 ta, Xivada 2 ta obyektda 2 ta reklama banneri o'rnatilgan.

    O'rganishlar davomida 53 ta obyektda noqonuniy o'rnatilgan 99 ta reklama bannerlari olib tashlanishi ta'minlanib, madaniy meros obyektlari ko'rinishi asl holatiga qaytarildi.

    Shuningdek, 19 ta obyektda noqonuniy o'rnatilgan 22 ta reklama bannerini olib tashlash yuzasidan mutasaddi shaxslarga yozma ko'rsatmalar berildi.

    Qayd etilgan muammo va kamchiliklarni bartaraf etish hamda kelgusida bu kabi qonun buzilishining oldini olish maqsadida Madaniy meros agentligi tomonidan mahalliy hokimliklar bilan birgalikdamoddiy madaniy merosning ko'chmas mulk obyektlarini to'liq xatlovdan o'tkazish, xatlov natijasiga ko'ra, noqonuniy qurilmalar va bino – inshootlarni buzdirish yuzasidan sudlarga da'vo arizalarini kiritish, noqonuniy qurilmalar va bino - inshootlar barpo etgan shaxslarning javobgarlik masalasini hal etish buyicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

    Umuman olganda, yurtimizdagi 8 mingdan ortiq madaniy meros obyektlaridan samarali foydalanish bo'yicha davlat dasturi loyixasi ishlab chikilgan. Ishchi guruh tashkil qilib, hududlardagi madaniy meros obyektlarining holati o'rganildi va madaniy meros obektlarini uch toifa (avariya, ta'mirtalab va qoniqarli holat)ga ajratib, ro'yxati shakllantirildi.