Videoxabarda aytilishicha, bola klinikaga biroz shamollagani uchun olib borilgan va shifokorlar inyeksiya uchun moʻljallangan antibiotik dorisini buyurgan, kattalar dozasida dastlabki sinovlarsiz bola tanasiga yuborgan.
«Shamollagani uchun dadasi bilan kelgan. Dadasi navbat olib tur, men ovqat olib kelaman deb tashqariga chiqqan. Navbati kelgan bolani olib kirib, majburlab ukol qilishgan», degan bolaning yaqinlaridan biri.
Shuningdek, u bola sportchi boʻlganini, 13 kun komada yotgani hamda klinika rahbari marhumning yaqinlariga 30 ming dollar taklif qilganini aytgan.
Bosh prokuratura holat yuzasidan tergovga qadar tekshirish harakatlari olib borilayotganini bildirdi.
Maʼlum qilinishicha, marhumning oʻlim sababini aniqlash maqsadida sudga oid tibbiyot ekspertizasi hamda masʼul shaxslarning xatti-harakatlari boʻyicha xizmat tekshiruvi tayinlangan. Hozirda tekshirish davom etmoqda.