Bu haqda «Dunyo« AA xabar qilmoqda.
Ikki mamlakat hukumatlari nomidan hujjatni Oʻzbekistonning BMTdagi doimiy vakili Ulugʻbek Lapasov va Kot-dʼIvuarning BMTdagi doimiy vakili Tiyemoko Moriko imzoladi.
Tomonlar xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT va uning ixtisoslashgan muassasalari doirasida qoʻshma hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda hamkorlikning oʻzaro manfaatli yoʻnalishlarini topish uchun ikki tomonlama aloqalarni faollashtirish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Shu tariqa, Gʻarbiy Afrikada joylashgan Kot-dʼIvuar Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 160-davlatga aylandi.
Mazkur hujjatning imzolanishi Oʻzbekistonning Afrika qitʼa mamlakatlari bilan oʻzaro hamkorligini faollashtirishda muhim qadam boʻldi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston bilan diplomatik munosabatlar oʻrnatgan 159-davlat Tinch okeanidagi orol-mamlakat, Yer yuzidagi eng kichik mustaqil respublika – Nauru hisoblanadi.