Kosmik apparat 1972-yilda Veneraga uchirilgan “Kosmos-482” stansiyasining qoʻnish moduli hisoblanadi. U oʻsha vaqtdan beri Yer orbitasida qolgan. Qurilma aynan qachon sayyora yuzasiga tushishi nomaʼlum, ammo bu, taxminan, may oyining birinchi yarmida sodir boʻladi.
Ekspertlardan biriga koʻra, uning turar joy hududlariga tushish xavfi mavjud. Venera stansiyasi 1972-yil 31-mart kuni tongda Boyqoʻngʻir kosmodromidan uchirilgan. U boshqa bir stansiyaning zaxira nusxasi edi. Ikkala apparat ham texnik xususiyatlari jihatidan bir xil boʻlgan va “Venera-8” dasturi doirasida uchirilgan.
Bunday takroriy uchirishlar sayyoralararo tadqiqotlar paytida muvaffaqiyatga erishish ehtimolini oshirish uchun qoʻllangan. Ular “Soyuz” bilan bir oilaga mansub “Molniya M” raketalarida uchirilgan, biroq ogʻirroq apparatlarni yuqoriroq orbitalarga olib chiqish uchun bir pogʻona kattalashtirilgan.
“Venera-8” apparati 4 kun oldin uchirilgan va belgilangan joyga yetib borgan. U oʻz tadqiqot dasturini toʻliq bajargan. Ammo “Kosmos-482” texnik nosozlik tufayli Veneraga yetib bormagan va Yer orbitasida qolib ketgan.
NASA saytining ushbu qurilmaga bagʻishlangan sahifasida yozilishicha, u toʻrt qismga boʻlingan: ularning ikkitasi pastki Yer atrofidagi orbitada qolib, 48 soat ichida atmosferada yonib ketgan. Qolgan ikkita qismi — qoʻnish moduli va dvigatel bloki — yuqoriroq elliptik orbitaga chiqib ketgan.
Yerga tushishi kutilayotgan modulning ogʻirligi 495 kilogrammni tashkil qiladi.
Orbital parametrlar asosida hisob-kitoblarga koʻra, ehtimoliy qulash hududi asosan quruqlik ustidan oʻtadi, xususan, Misr, Suriya, Turkiya va Ozarbayjon hududlari ustidan. Shu sababli apparatning yashash hududlariga tushish xavfi mavjud.
Agar qurilmaga toʻliq shikast yetmasa, hisoblangan 242 km/soat tezlikda Yerga urilsa, zarba energiyasi taxminan 1,1-1,2 megajoulni tashkil qiladi, bu yuzlab gramm trotil portlashiga teng, dedi u.
“Kosmos-482” qulashi, turli hisob-kitoblarga koʻra, 8—14-may kunlari sodir boʻladi.