Bolalarni zararli axborotlardan himoya qilish boʻyicha koʻp ishlar qilinmoqda, bu borada alohida qonun ham qabul qilingan.
“Toʻgʻri, bugungi kunda yoshlar maʼnaviyati bilan hamma shugʻullanayapti. Lekin zararli axborotlarga qarshi tura oladigan milliy kontent yaratish, ularni targʻiboti, ijodkorlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha professional tashkilot yoʻq”, — dedi Prezident.
Shu munosabat bilan Prezident qarori bilan Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi qoshida Bolalar kontentini rivojlantirish markazi tashkil qilindi.
Markaz bolalar tarbiyasi va sogʻligʻiga salbiy taʼsir qiladigan axborot makonidagi kontentni tahlil qiladi. Mahalliy ijodkorlarga milliy kontent yaratish boʻyicha buyurtma beradi, sohada kadr tayyorlashni tashkil qiladi. Qori Niyoziy instituti markazga ilmiy jihatdan koʻmaklashadi.
Shu bilan birga, bu masalalar faqatgina bitta markazning ishi boʻlib qolmasligi, masʼul barcha vazirliklar markaz bilan ishlarni boshlashi shartligi koʻrsatib oʻtildi.
Bolalar kontentini rivojlantirish markaziga direktor etib taniqli rejissyor Jahongir Ahmedov tayinlandi.
Yigʻilishda sanoqli kunlardan keyin 6 milliondan ziyod oʻquvchi va 1 milliondan ortiq talaba taʼtilga chiqishi taʼkidlandi. Yoz oylarida yoshlarning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil qilish muhim ahamiyatga ega ekani koʻrsatib oʻtildi.
Barcha hokimlar va taʼlim sohasi rahbarlariga yozgi taʼtil vaqtida barcha taʼlim muassasalarining sport maydonchasi va oʻquv xonalarida yoshlar uchun sport, fan va kasb toʻgaraklarini ochish topshirildi.
Masalan, oʻzlashtirish darajasi past maktablarga oqsayotgan fanlar boʻyicha eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinib, oʻquvchilar uchun haftasiga olti soatlik oʻquv kurslari tashkil qilinadi.