Ikki kun davom etgan yarmarkaning asosiy maqsadi yirik tarmoq korxonalariga mahalliy kichik va xususiy biznes korxonalari tomonidan import oʻrnini bosuvchi mahsulotlarni yetkazib berishda kooperatsiya aloqalarini tashkil etishga qaratilgan.
Yarmarka metallurgiya, kimyo sanoati, elektroenergetika, elektrotexnika, qurilish materiallari, qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqarish sohalariga ixtisoslashgan tarmoq va hududiy korxonalar oʻrtasida kooperatsiya aloqalarini yanada mustahkamladi, deyish mumkin. Shuningdek, kichik biznes subyektlari uchun ham yanada katta imkoniyatlar berdi, desak xato boʻlmaydi.
Tadbirda 10 ta tarmoq va vazirliklar hamda respublikaning barcha hududlaridan korxonalar oʻz mahsuloti bilan ishtirok etdi. Toshkent viloyatidagi 242 ta korxona 1,2 ming turdan ortiq mahsulotini namoyish qildi. Viloyatlardan ham 50 ga yaqin tadbirkorlar faol qatnashdi.
Maʼlumot oʻrnida aytish joizki, Toshkent viloyatida 2024-yil yakuni bilan 125 trln. soʻmlik sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Shundan 116 tasi yangi loyihalar, 60 tasi mavjud ishlab chiqarishlarni kengaytirish hisobiga yangi mahsulotlar oʻzlashtirildi. Viloyatda soʻngi uch yilda mahalliylashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish hajmi 759 mlrd soʻmdan 3,9 trln soʻmga (5 barobarga) oʻsganini alohida taʼkidlash joiz.
“Hududiy tarmoqlararo sanoat yarmarkasi”dan anglashildiki, tadbirkorlik subyektlarining oʻzaro kooperatsiya imkoniyatlarini joriy yilda 2 barobarga oshirish imkoni mavjud.
Munojat MOʻMINOVA,
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri