Ekologiya vazirligi 2024-yilda Surxondaryo viloyatidagi ov qonunchilikda belgilangan tartibda, tegishli toʻlov evaziga ruxsatnoma asosida amalga oshirilganini maʼlum qildi.
Qayd etilishicha, Qizil kitobga kiritilgan yovvoyi hayvonlar soni Fanlar akademiyasi mutaxassislari tomonidan doimiy hisoblab boriladi va ularning xulosasiga asosan populyatsiyaga taʼsir qilmaydigan miqdorda ovlash uchun ruxsat beriladi. Buning uchun belgilangan tartibda toʻlov undiriladi.
Xususan, 2024-yilda morxoʻrlarni ovlash uchun oʻrnatilgan tartibda ruxsat berilgan va 100 000 AQSH dollari miqdorida toʻlov undirilgan.
Bu mablagʻlar tabiatni muhofaza qilish, xususan, brakonyerlikka qarshi samarali kurash olib borishga yoʻnaltirilgan.
“Ov qilish va ovchilik xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi Qonunga koʻra, har yili yovvoyi hayvonlarni tutish uchun kvota belgilanadi. Bunda yovvoyi hayvonlarning eng yoshi kattasi, nasl qoldirish davridan oʻtgan erkagini ovlashga ruxsat beriladi va jarayon qatʼiy nazorat ostida amalga oshiriladi.
Maʼlumot uchun, xorijiy davlatlarda ham aynan shunday tartib joriy qilingan. Xususan, Namibiyada oʻlja ovi yiliga 3 mln dollardan koʻp foyda keltiradi.
Bundan tashqari, ochiq maʼlumotlarga koʻra, har yili Tojikistonda 10–16 bosh morxoʻr, 100–115 bosh arhar, Moʻgʻulistonda esa 90–100 bosh arhar, 50–60 boshgacha xongul ovlashga ruxsatnomalar berilmoqda.