2025-yil 1-sentyabrdan “Gʻishtkoʻprik”, “Zangiota” va “Dovut ota” chegara oʻtkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan “yashil” va “qizil” — ikki yoʻlakli tizim ishga tushiriladi.
Sodda qilib aytganda, endilikda xavf darajasi past boʻlgan, yaʼni “yashil” yoʻlakka tushgan avtotransport vositalari va unga yuklangan tovarlarni bojxona koʻrigidan oʻtkazishga hojat qolmaydi, faqatgina hujjatlar koʻzdan kechiriladi, xolos.
Mazkur tizimni ishga tushirishning eng muhim shartlaridan biri shuki, bunda avtotransport vositalari inspeksion koʻrik majmuasi orqali nazoratdan oʻtkazilgandan soʻnggina ushbu amaliyot qoʻllaniladi.
Buning uchun esa avtomobil chegara oʻtkazish punktlari inspeksion koʻrik majmualari bilan toʻliq taʼminlangan boʻlishi lozim.
Shu vaqtga qadar Oʻzbekistondagi avtotransport vositalari harakatlanadigan chegara bojxona postlari asosan yuk avtotransport vositalari uchun moʻljallangan yirik inspeksion koʻrik majmualari bilan jihozalangan.
Endi esa nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mintaqasida ilk bor Oʻzbekistondagi qator chegara bojxona postlariga yengil avtotransport vositalarini skaner qiluvchi zamonaviy inspeksion koʻrik majmuasi – Z portal qurilmasi oʻrnatilmoqda.
Biroz muddat oldin ushbu qurilmadan “Gʻishtkoʻprik” chegara bojxona postiga oʻrnatilgan boʻlsa, shu kunlarda “Navoiy” chegara bojxona postlariga oʻrnatish ishlari yakuniga yetmoqda.
AQSHning nufuzli “Rapiscan” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur majmua orqali soatiga 220 tagacha avtotransport vositalarini skanerlash mumkin.
Eng muhimi, bunda xaydovchi ham, yoʻlovchilar ham salondan tushishlariga hojat qolmaydi. Qurilma sanitar himoya hududini talab etmaydi. Rentgen nuri orqaga qaytish texnologiyasida ishlashi sababli salomatlikka ziyon qilmaydi.
Inspeksion koʻrik majmuasini oʻrnatish ishlari bevosita AQSHdan tashrif buyurgan mutaxassislar bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Eslatib oʻtamiz, joriy yilning oʻzida bu kabi qurilmalar “Sirdaryo” va “Dovut ota” chegara bojxona postlariga ham oʻrnatiladi.