Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, mazkur ishlar Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy ko‘magida olib borilmoqda. Loyiha doirasida yo‘llar zamonaviy talablar asosida sement-beton qoplamali qilib barpo etilmoqda. Rekonstruksiya qilinayotgan yo‘llar Boysun, Bandixon, Qumqo‘rg‘on, Oltinsoy va Denov tumanlari hududidan o‘tadi.
Ta’kidlanishicha, Darband – Denov avtomagistrali to‘liq foydalanishga topshirilgach, Surxondaryo viloyatidagi M39 va M41 xalqaro avtomagistrallari eng qisqa masofada o‘zaro bog‘lanadi.
Eng muhimi, yangi yo‘l foydalanishga topshirilgandan keyin Surxon vohasidan Toshkent shahrigacha bo‘lgan masofa 146 kilometrga qisqaradi. Bu esa yuk va yo‘lovchi tashish xarajatlarini kamaytirish, vaqt tejash hamda transport oqimini samarali tashkil etish imkonini beradi.
Loyiha hudud transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, aholi uchun xavfsiz va qulay harakatlanish sharoitini yaratish, shuningdek, iqtisodiy faollik va investitsiyaviy jozibadorlikni oshirishga xizmat qilishi kutilmoqda.