Toshkent shahrida “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari boshlandi

    Huquq-tartibot organlarining uzviy hamkorligida giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga chek qoʻyilmoqda.

    UzAʼning yozishicha, Toshkent shahrida shu yoʻnalishda amalga oshirilgan tadbirlar natijasida 240 kilogrammga yaqin giyohvandlik va psixotrop moddalar aholi orasida tarqalishining oldi olindi.

    Narkotiklar reklamasini targʻib qiluvchi 7 ming 162 ta holatda “narkograffiti” yozuvlari aniqlanib, oʻchirildi. Narkotiklar savdosi va ularni targʻib qilayotgan 13 mingdan ortiq ijtimoiy tarmoqlardagi guruhlar va kanallar faoliyatiga chek qoʻyildi.

    Afsuski, bugungi kunda barcha rivojlangan davlatlar va yirik megapolis shaharlarda kuchli taʼsir qiluvchi, psixotrop va giyohvandlik moddalarning yangicha turlari hamda ular savdosining yangi usullari keng tarqalmoqda.

    Masalan, maxsus elektron hamyonlar orqali toʻlovi amalga oshirilib, “sotuvchi” va “xaridor”ning toʻgʻridan-toʻgʻri muloqotisiz, yashirin yoʻllar orqali noqonuniy muomalasi paydo boʻlgan.

    Ushbu holatlarni inobatga olib, aholi orasida narkotiklar tarqalishining oldini olish maqsadida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarning qoʻshma harakatlari asosida 15-yanvardan boshlab “Xavfsiz va sogʻlom poytaxt” kompleks tezkor-profilaktik tadbirlari oʻtkazilishi tashkil etildi.

    Kompleks tadbirlar oʻz oldiga aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarda “giyohvandlikka qarshi immunitet”ni, oʻquvchi va talabalar orasida kuchli taʼsir qiluvchi dorilar isteʼmoliga murosasiz munosabatni shakllantirish kabi maqsadni qoʻygan.

    Bunda, poytaxt hududidagi barcha 468 maktab va 90 oliy taʼlim muassasasi, 585 mahalla, korxona va tashkilotlar hamda aholi gavjum joylarda uchrashuvlar oʻtkazilmoqda. Targʻibot-tashviqot va tarbiyaviy-profilaktik tadbirlar tashkil etilayotir.

    Shu bilan birga, internet va ijtimoiy tarmoqlar vositasida narkotiklarni sotish holatlarini aniqlash, ularning uyushgan jinoiy sxemalarini fosh etish, yoshlar orasida ushbu moddalarning tarqalishiga chek qoʻyish boʻyicha manzilli tezkor-profilaktik choralar koʻriladi.