150 nafar isteʼmolchining gaz taʼminoti nega uzilib qolgan edi?

    Joriy yilning 23-24-fevral kunlari ijtimoiy tarmoqlarda isteʼmolchilarning tabiiy gaz taʼminotidan uzilib qoʻyilganligi hamda elektron gaz hisoblagich oʻrnatilgan xonadonlarda gazning avtomatik tarzda oʻchib qolishi va toʻlov mavjud boʻlganiga qaramay tarmoqqa qayta ulanish muammolari koʻplab keskin muhokamalarga sabab boʻldi.

    Aholi gaz taʼminoti idoralarida erta tongdan kechgacha navbatda tursa ham muammosi hal boʻlmay qolgani uchun bunday eʼtiroz bildirishga majbur boʻlgan.

    Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi oʻz vakolati doirasida isteʼmolchilarning (nomuayyan doirasi) huquqlarini himoya qilish maqsadida, Toshkent viloyatining Toshkent va Yangiyoʻl tumanlaridagi vaziyatni joyiga chiqqan holda oʻrganib, muammolarni barataraf qilish yuzasidan bir qator tezkor tadbirlarni amalga oshirdi.

    Maʼlumki, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga asosan, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar koʻrsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat koʻrsatishi) shart.

    Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 10-iyuldagi 484-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan “Isteʼmolchilarni elektr energiyasi va gaz tarmoqlaridan uzib quyish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom”ning 3-bandiga asosan, isteʼmolchilar shartnoma majburiyatlarini bajarmaganda, shu jumladan, hisob-kitoblarni oʻz vaqtida amalga oshirilmaganligi oqibatida foydalanilgan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun qarzdorlik mavjud boʻlganda elektr va gaz tarmoqlaridan uzib qoʻyilishi lozim.

    Muammo sabablarini oʻrgangan holda, Agentlikning Toshkent viloyati hududiy tuzilmasi tomonidan “Hududgaz Toshkent” gaz taʼminoti filialiga tabiiy gazni yetkazib berishda isteʼmolchilarning ortiqcha ovoragarchiligiga sabab boʻluvchi omillarni tezkor ravishda bartaraf qilish toʻgʻrisida soʻrov xati yuborildi va shu kunning oʻzida 150 nafarga yaqin isteʼmolchilarni gaz taʼminotiga qayta ulanishiga amaliy yordam koʻrsatildi.

    Bundan tashqari, Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligi oʻrnatilgan elektron gaz hisoblagichlarning avtomatik tarzda oʻchib qolishi boʻyicha murojaatlarni oʻrganish doirasida elektron gaz hisoblagichlarni oʻrnatish jarayonida dalolatnomalar notoʻgʻri rasmiylashtirilgani va mazkur dalolatnoma asosida “CSV” bazasiga maʼlumotlar notoʻgʻri kiritilganini aniqladi.

    Buning oqibatida bir nechta xonadondagi hisoblagichlar boʻyicha seriya raqami bazaga bir xil kiritilgan boʻlib, bu holat bitta qarzdor abonent bilan bir qatorda, boshqa haqdor abonentlarning ham tarmoqdan oʻchirilishiga olib kelmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning 21-moddasida shartnomaning isteʼmolchi huquqlarini cheklab qoʻyadigan va qonun hujjatlariga zid boʻlgan talablari haqiqiy emas, deb hisoblanadi. Agar ularni qoʻllanishi natijasida isteʼmolchiga zarar yetkazilgan boʻlsa, bu zarar ishlab chiqaruvchi (sotuvchi, ijrochi) tomonidan qoplanishi lozim. Sotuvchi (ijrochi) isteʼmolchini haq evaziga qoʻshimcha tovarlar sotib olishga yoki qoʻshimcha xizmatlardan foydalanishga qistashga, shuningdek koʻrsatilmagan xizmatlar uchun haq olishga haqli emasligi belgilab berilgan.

    Agentlik barcha hududlarda gaz hisoblagichlarni oʻrnatish jarayonida aniqlangan xato va kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish, kelgusida qayta takrorlanmasligining oldini olish hamda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻymaslik yuzasidan “Hududgaztaʼminot” AJga soʻrov xati taqdim etilganini maʼlum qiladi.

    Oʻz navbatida, Agentlik ommaviy-axborot vositalari hamda jamoatchilik nazorati subyektlariga isteʼmolchilarning muammolarini yoritishdagi hamkorligi uchun chuqur minnatdorlik bildirgan holda, mazkur yoʻnalishdagi ishlar davom ettirilishini maʼlum qiladi.

    Agentlik matbuot xizmati