1700 kilometr olisdan Moʻynoqqa kelib ishlayotgan shifokorlar oilasi qancha maosh olmoqda?

    Yurtimizning eng olis hududlaridan boʻlgan Moʻynoq tumanida 6 ta davolash-profilaktika muassasasi va 2 ta mahalla tibbiyot punkti faoliyat koʻrsatadi.

    Prezidentimizning tegishli farmoniga koʻra, boshqa hududlardan Taxtakoʻpir, Chimboy, Qoraoʻzak, Boʻzatov, Shumanay, Qoʻngʻirot tumanlariga borib ishlovchi shifokorlarning har oylik lavozim maoshiga 100 foiz, Moʻynoq tumanida esa 200 foiz miqdorida qoʻshimcha ustama toʻlovlari toʻlab berish belgilangan.

    Ushbu hujjatdan soʻng Moʻynoqqa borib ishlash istagidagi shifokorlar soni koʻpaydi. Hozir tumanda Qoraqalpogʻistonga qoʻshni Xorazm viloyatidan tortib, Samarqand, Toshkent, Fargʻona va Andijon kabi hududlardan kelib mehnat qilayotgan tibbiyot mutaxassislari bor. Bu yerdan qariyb 1700 kilometr uzoqlikda joylashgan Andijonning Jalaquduq tumanidan kelgan shifokorlar oilasi – Mahmudjon Abdulazizov va Matluba Rasuljonovalar shunday shifokorlardan.

    — Tibbiyot xodimlarini moddiy qoʻllab-quvvatlash haqidagi hujjat chiqqanidan soʻng Moʻynoq tumanida ishlash boʻyicha vazirlikka murojaat qilganimizda ijobiy javob oldik, — deydi Moʻynoq TTB tez tibbiy yordam boʻlimi shifokori Mahmudjon Abdulazizov. — Turmush oʻrtogʻim bilan 2022-yilning noyabr oyidan boshlab Moʻynoqda faoliyat boshladik. Bundan avval 30 yildan ortiq Jalaquduq tumanida tez tibbiy yordam boʻlimi shifokori boʻlib ishlaganman. Bu yerga kelganimizda moʻynoqliklar juda yaxshi kutib oldi. Albatta, Jalaquduq bilan Moʻynoqning farqi katta. Andijonda aholi koʻp, shuning uchun “Tez yordam”ga murojaatlar ham koʻp boʻladi. Moʻynoqda aholi nisbatan kam boʻlgani bilan juda tarqoq joylashgan. Shuning uchun tibbiy brigadaning manzilga yetib borish vaqti uzoqroq. Shuning hisobiga tibbiyot xodimlariga ehtiyoj yuqori. “103” mashinalarimiz barcha zarur texnikalar bilan taʼminlangan. Markaziy tumanlarda mavjud barcha sharoit Moʻynoqda ham yaratilgan. Prezidentimiz “Tibbiyot xodimlarining oylik maoshini 1000 dollardan oshiramiz” deganlarida bunga hali biroz vaqt bor-ov, der edik. Mana, oʻzim bu yerga kelib, 13-14 million soʻm oylik olyapman.

    Boshqa hududdan kelib ishlayotganlar orasida pediatr, anesteziolog-reanimatolog, otolaringolog, xirurg, urolog va terapevt kabi mutaxassislar boʻlib, ular moʻynoqliklarga sifatli tibbiy xizmat koʻrsatishda mahalliy shifokorlarga koʻmak bermoqda. Matluba Rasuljonova — pediatr. U ham turmush oʻrtogʻi kabi Andijon tibbiyot institutini tamomlagan. Hozir Moʻynoq tumani koʻp tarmoqli markaziy poliklinikasida faoliyat olib bormoqda.

    — Farzandlarimiz Andijonda. Ularni oʻquv yili oʻrtasida boshqa joyga koʻchirmadik, — deydi Matluba opa. — Keyingi yildan boshlab bolalalarimizni ham shu yerga olib kelishni reja qilganmiz. Chunki Moʻynoqda hali yana bir necha yil mehnat qilishni oʻylab turibmiz.

    Maʼlumot uchun, bugun Moʻynoqda 14 nafar shifokor boshqa viloyatlardan kelib faoliyat olib bormoqda.