Yaʼni Bekobod tuman tibbiyot birlashmasi Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi bilan hamkorlikda yuragida tugʻma nuqsoni boʻlgan bolalarga bepul yurak jarrohligi oʻtkazishni boshladi.
Mazkur tashabbus doirasida kam taʼminlangan oilalar reestriga kiritilgan 43 nafar bola chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilgan. 12 nafarida esa tuman va respublika miqyosida ochiq hamda yopiq turdagi amaliyotlar qilinishi boʻyicha shifokorlar xulosasi berilgan.
Shu yilning 4-iyun kuni esa ilk marotaba Bekobod tumanida 3 nafar bolada yopiq turdagi yurak amaliyoti, yana 1 nafar bolada esa yuqori texnologiyali “Aorta-koronar shuntlash” (ochiq yurakda) jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirildi. Bu endilikda tumandagi bolalar oʻz hududida malakali shifokorlar va zamonaviy tibbiy texnologiyalar yordamida sogʻlom hayotga qaytarilishini anglatadi.
Bekobod tibbiyot markazida nafaqat bolalar, balki katta yoshdagi bemorlarga ham murakkab yurak amaliyotlari bajarilib kelinmoqda. Yaqinda bir bemorda yurak qon aylanishini tiklovchi murakkab operatsiya muvaffaqiyatli yakunlanib, uning hayotga boʻlgan umidi qayta tiklangan edi. Shuningdek, yurak qon tomirlarida stentlash orqali infarktning oldini olish va zarur hollarda zudlik bilan tibbiy yordam koʻrsatish imkoniyati ham bugungi kunda mavjud.
Markaz ayni paytda zamonaviy tibbiy uskunalar — oksigenatorlar, perfuziologlar, kompyuter tomografiyasi, koronarografiya kabi texnologiyalar bilan taʼminlangan. Shuningdek, yangi bolalar poliklinikasi ham barpo etilmoqda, ona va bola tugʻruq kompleksi qurilishi ham rejalashtirilgan.
Bosqichma-bosqich shu kabi yuksak tibbiy imkoniyatlarning joylarda tashkil etilayotgani tufayli endilikda koʻplab yurtdoshlarimiz xorijda davolanishga ehtiyoj sezmayotir.
Bir soʻz bilan aytganda, bunday ezgu saʼy-harakatlar — mamlakatimiz rahbarining aholi salomatligini muhofaza qilish borasida olib borayotgan siyosatining amaliy natijasidir. Bu boradagi har bir tashabbus — inson salomatligiga qaratilgan eʼtibor va gʻamxoʻrlikning yorqin ifodasidir, desak mubolagʻa boʻlmaydi.








