UzAning yozishicha, 2025/2026 oʻquv yilidan boshlab 6 ta tibbiyot institutida “Klinik psixologiya” mutaxassisligi boʻyicha 2-yillik magistratura yoʻnalishi ochiladi. Bu orqali sogʻliqni saqlash tizimi uchun yetishmayotgan 3 ming nafar klinik psixologni tayyorlash koʻzda tutilgan.
Poytaxtimizda boʻlib oʻtgan “Oʻzbekistonda neyropsixologiya va klinik psixologiyaning dolzarb muammolari” mavzusidagi xalqaro anjumanda taʼkidlanganidek, bulardan koʻzlangan maqsad yagona, yaʼni tibbiyotdan uzoqlashib qolgan umumiy psixologlar faoliyatini tizimga yaqinlashtirishdan iboratdir. Oʻtgan davrda bu borada dadil qadamlar tashlandi va muayyan natijalar qoʻlga kiritildi.
Tadbirda tibbiy va klinik psixologiya hamda psixosomatik tibbiyot yoʻnalishida yoshlarni xorijiy davlatlarning yetakchi ilmiy markazlarida oʻqitish ishlari yoʻlga qoʻyilayotgani ham urgʻulandi. Masalan, Parijdagi Oliy psixomotor reabilitatsiya institutida bir guruh yoshlarimiz malaka oshirib, psixomotor terapiya hamda reabilitatsiya boʻyicha maxsus koʻnikmalarga ega boʻlib qaytdi.
Endigi bosqichda esa yiliga 25 nafar yosh magistrni ushbu nufuzli taʼlim maskanida oʻqitish rejalashtirilmoqda.