2021 yilning Yoshlarni qo'llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili, deb e'lon qilinishi, davlatimiz rahbarining o'tgan yili 25 dekabr` kuni ilk bor o'tkazilgan O'zbekiston yoshlari forumidagi tarixiy nutqi, yoshlar bandligini ta'minlash, tadbirkorligini qo'llab-quvvatlashga doir bir qator farmon va qarorlari mamlakatimizning 55 foizini tashkil etuvchi 30 yoshgacha bo'lgan o'g'il-qizlar hayotidagi katta o'zgarishlarga yo'l ochmoqda.

Joriy yilning 27 yanvar kuni Prezidentimiz raisligida yoshlar bandligini ta'minlash va bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan o'tkazilgan videoselektor yig'ilishida ham yurtimizda istiqomat qilayotgan har bir yigit-qiz bilan manzilli va tizimli ishlash bo'yicha dolzarb vazifalar belgilandi.

Bunda, ayniqsa, yoshlarni kasb-hunarga o'qitish, biror ish bilan band qilish yoki tadbirkorlik ko'nikmalarini shakllantirish orqali ularning o'z ishini boshlashiga sharoit yaratib berish kabi masalalarga e'tibor qaratildi. Shu jihatdan, yurtboshimiz “Yoshlar-kelajagimiz” jamg'armasi oldiga talab yuqori bo'lgan 15 ta kasb-hunar o'rgatadigan onlayn platformani ishga tushirib, joriy yilda kamida 20 ming nafar yoshlarni o'qitish vasifasini qo'ydilar.

Bugungi kunda yoshlarni tadbirkorlikka faol yo'naltirish “Yoshlar-kelajagimiz” jamg'armasi faoliyatining asosiy yo'nalishlaridan biri sanaladi. Tuzilma tomonidan “Yoshlar — kelajagimiz” Davlat dasturi doirasida o'tgan yili yoshlarning 1 818 ta biznes loyihalariga jami 427,8 milliard so'm miqdorida imtiyozli kredit mablag'lari ajratish orqali 10 025 ta yangi ish o'rni yaratilishiga erishildi. Ana shu kredit mablag'lari yordamida o'z faoliyatini yo'lga qo'ygan yosh tadbirkorlar xorijga 4 million 630 ming AQSH dollari qiymatidagi mahsulotni eksport qilib, davlat byudjetiga yiliga o'rtacha 100 milliard so'mga yaqin soliqlar ko'rinishidagi tushumlarni amalga oshirdi.

Hududlarda jami 19 ta “Yosh tadbirkorlar” kovorking-markazlari, 188 ta “Yoshlar mehnat guzari” foydalanishga topshirildi. Ularda jami 2 100 ta yangi ish o'rinlari yaratildi. Tadbirkorlik bilan shug'ullanish istagida bo'lgan yoshlarning bilimlarini oshirish maqsadida mutaxassislar tomonidan joylarda tashkil etilgan 3 894 ta biznes seminarlarga 198 216 nafar o'g'il-qizlar jalb qilindi. 57 ming nafar yoshlar ishtirokida hududlardagi yirik ishlab chiqarish korxonlariga 1 826 marotaba biznes sayohatlar uyushtirildi.

Ahamiyatli jihati, kredit olib, o'z ishini boshlagan yoshlar keyinchalik ham o'z holiga tashlab qo'yilmadi. Ularning mahsulotlarini xaridorlarga tanishtirish maqsadida ko'plab savdo yarmarkalari tashkil etildi. Bunda xalqaro hamkorlik masalalariga ham alohida e'tibor qaratildi. Hozirgacha yoshlarni tadbirkorlikka jalb qilishga qaratilgan qator loyihalar amalga oshirib kelinmoqda.

“Yoshlar-kelajagimiz” jamg'armasi shu vaqtga qadar iqtidorli, biznes yuritish ko'nikmasi va qobiliyatiga ega yoshlarga e'tibor qaratgan bo'lsa, endilikda, Prezidentimiz topshiriqlari asosida o'z o'rnini topa olmagan, tadbirkorligini yulga qo'ya olmayotgan yigit-qizlar bilan ham tizimli shug'ullanadi. Ularga moddiy va ma'naviy ko'mak berib, oyoqqa turib olishida tirgak bo'ladi.

Ana shu maqsadda Jamg'arma tomonidan tajribali mutaxassislar, mahoratli murabbiyni jalb qilgan holda, yoshlarni daromadli kasblarga o'qitishga mo'ljallangan onlayn platforma yaratiladi. Bu platformaga daromadli kasb-hunarlarni o'rgatish bo'yicha yurtimiz va xorij tajribasi asosida videodarslar, qo'llanmalar, yo'riqnomalar, mahorat darslari joylashtirib boriladi. Ushbu maqsadlar uchun Jamg'armaga 20 milliard so'm mablag' yo'naltiriladi.

Bildirilgan yuksak ishonch va mas'uliyatni his qilganimiz holda, biz butun jamoamiz bilan mazkur topshiriq ijrosini ta'minlash maqsadida hozirgi kunda mamlakatimizda talab yuqori bo'lgan 20 ta kasb-hunar turlarini aniqlashtirib oldik. Oldimizga qo'ygan endigi vazifamiz mazkur kasb-hunarni o'rganish istagida bo'lgan yoshlarga onlayn platforma orqali dastlabki bilimlarni berishdan iborat. Keyingi qadam esa kasb-hunarga oid olingan bilimlarni amaliyotda sinash va tajriba orttirish bo'ladi.

O'tgan 2,5 yillik faoliyatimiz davomida orttirgan tajribamiz, shuningdek, Jamg'arma ko'magida imtiyozli kredit olib, o'z biznesini yo'lga qo'ygan barcha fidoiy tadbirkor va hunarmandlar ko'magida mazkur amaliyot dasturini real hayotga ham tadbiq etishni ko'zlaganmiz.

Yoshlarga nafaqat kasb-hunar, balki tadbirkorlik sir-asrorlarini o'rgatish faoliyatimizning asosiy qismiga aylanadi. Respublikamizning barcha burchaklarida istiqomat qiladigan o'g'il-qizlarga tadbirkorlikning dastlabki bosqichlaridan tortib, kredit olishgacha, undan keyingi jamiki moliyaviy faoliyat, hatto, ular tomonidan ishlab chiqarilgan tovar va xizmatlarni bozorga realizatsiya qilishga ham ko'maklashuvchi mukammal tizim ishlab chiqiladi. Ishbilarmonlikning serdaromad sohalarini ommalashtirish, o'zaro fikr, tajriba va bilim almashinuvini ta'minlash maqsadida tadbirkorlik sohalariga mas'ul uyushmalar bilan hamkorlikda har bir tuman, shaharda yosh lider tadbirkorlarni shakllantiramiz. Mazkur tizimni samarali yo'lga qo'yishda barcha vazirlik, idoralar, uyushmalar, fidoiy tadbirkorlar, hunarmand va tajribali murabbiylar bilan hamkorlikka tayyormiz. Zero, yurtimizdagi mavjud imkoniyatlardan foydalanib, yoshlarga o'z biznesini yo'lga qo'yishida ko'mak berishda Jamg'armaning butun jamoasi bor kuchini safarbar etishga shaylangan.

Xayrulla SATTOROV,

 “Yoshlar-kelajagimiz” jamg'armasi ijrochi direktori