20 ta vazirlik va idoralarda yangi investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha loyiha ofislari tashkil etiladi

    Mamlakatimizda 22 Iyul 2023 1727

    “Maʼmuriy islohotlar doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident Farmoni (PF–111-son, 21.07.2023-y.) qabul qilindi.

    Farmonga koʻra, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida har bir investorga loyiha ishga tushirilgungacha barcha bosqichda hamrohlik qiladigan, xususan yer olish, infratuzilmaga ulanish, ruxsatnomalarni rasmiylashtirish kabi masalalarni hal qilib boradigan “investitsiya menejerlari” biriktiriladi.

    Farmonga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

    • Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi huzurida Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi;
    • Vazirlik huzurida yuridik shaxs maqomiga ega boʻlmagan Sanoat va tashqi bozorlarni tahlil qilish markazi;
    • Xorijiy investitsiyalarni jalb etish agentligi tizimida Investorlar markazi;
    • Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tizimida Eksportchilar markazi.

    2023-yil 1-dekabrgacha Elektron kooperatsiya portali negizida Oʻzbekiston Milliy sanoat portali yaratiladi.

    “GSP+” tizimi imtiyozlari qoʻllanilishiga doir maʼlumotlar olish, sinov laboratoriyalarini (shu jumladan, veterinariya, oʻsimliklar karantini, sanitariya-epidemiologiya sohalarda) erkin tanlash, sinov bayonnomalarini elektron rasmiylashtirish imkonini beradigan “E-sertifikat” axborot tizimi ishga tushiriladi.

    “Shtrixli kodlash va axborot texnologiyalari markazi” davlat korxonasining Oʻzbekistonda ishlab chiqariladigan tovarlar shtrixli kodlarining davlat reyestrini yuritish monopol funksiyasi bekor qilinadi.

    2023-yil 1-avgustdan 20 ta vazirlik va idoralarda (quyida roʻyxati keltirilgan) yangi investitsiya loyihalarini ishlab chiqish va amalga oshirish boʻyicha “loyiha ofislari” tashkil etiladi.

    Shuningdek, bino-inshootlar xarid qilish va ijaraga olish uchun kreditlar Sanoatni rivojlantirish jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Sanoat ipotekasi” tizimi asosida ajratiladi.