Bu haqda gap ketganda maxsus farmon bilan tashkil etilgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasini eslash kifoya. Mamlakatimiz rahbari taʼkidlaganidek, Xalq qabulxonalari tom maʼnoda xalq ovozini, jamoatchilik fikrini ifoda etadigan tuzilmaga aylanishi kerak. Buning uchun zarur huquqiy asoslar yaratilmoqda.
Keling, mavzuni murojaatlar tahlili bilan davom ettirsak: 2021-yilning 12 oyi davomida Prezident virtual qabulxonasi va Xalq qabulxonalariga 1 mln. 600 mingdan ortiq murojaat kelib tushgan. Bu bir oyda oʻrtacha 133 ming, kuniga oʻrtacha 4,4 mingdan ziyod murojaat degani. Tahlillarga koʻra, murojaatlarning 53 foizi yoki 865 mingtasi ijobiy hal etilgan.
Shuncha odamning dardi davlatning tegishli idoralari tomonidan tinglangan, muammosi oʻrganilgan va hal etish chora-tadbirlari belgilangan. Bu – shuncha odamning quvonchi, roziligi, bugungi hayotidan minnatdorligini anglatadi. Qisqacha aytganda, muammolarga davlat yelka burmadi, odamlarni rad etish emas, balki qoʻllab-quvvatlash yoʻlidan bordi.
Ish tizimli tashkil etilsa, albatta koʻzlangan natijaga erishish mumkin. Masalan, joriy yilning faqatgina noyabr oyida Virtual qabulxona tizimiga 133 mingta murojaat kelib tushgan. Demak, ularning barchasini nazoratga olish, tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda oʻrganib chiqish va ijobiy hal etish oʻziga yarasha qiyinchilik tugʻdiradi. Lekin xalq roziligiga erishish maqsad qilingan joyda muammolar xaspoʻshlanmaydi, aksincha, har bir murojaatni oʻrganish orqali shu turdagi barcha masalalarni bir yoʻla hal etish choralari koʻriladi. Zotan, bu tizimning afzalligi shundaki, istalgan hudud va istalgan sohadagi real vaziyatni koʻzgu misol oʻzida aks ettirib turadi.
Keling, shu oʻrinda murojaatlarning mundarijasiga eʼtibor qaratamiz. Xoʻsh, bugun odamlarni qanday yoʻnalishdagi muammolar koʻproq bezovta qilmoqda? Masalan, 2021-yilda kelib tushgan murojaatlar orasida ijtimoiy nafaqalar masalasi yetakchilik qilgan – 190 mingta murojaat. Ish bilan taʼminlash yoʻnalishida 96 mingta, majburiy ijro faoliyati, aliment va qarz summalarini undirish – 94 mingta, bank kreditlari – 77 mingta, uy-joy bilan taʼminlash – 68 mingta murojaat tushgan. Shuningdek, gaz, elektr energiyasi taʼminoti, ichimlik suvi taʼminoti va mehnatga haq toʻlash bilan bogʻliq masalalar yetakchi mavzular boʻlgan.
Kezi kelganda shuni ham taʼkidlash joizki, murojaatlar bilan ishlash borasida qoʻllanilayotgan tizim dolzarb masalalarni hududlar kesimida tahlil qilish imkoniyatini ham beradi. Tahlillarga koʻra, 2021-yilda eng koʻp murojaatlar Qashqadaryo viloyati hissasiga toʻgʻri keldi – 197 mingta. Surxondaryo viloyatidan 181 mingta murojaat kelib tushgan. Toshkent shahridan esa 165 mingta murojaat qabul qilingan. Shuningdek, Toshkent (155 ming), Samarqand (150 ming) va Fargʻona (145 ming) viloyatlaridan ham koʻplab murojaatlar yoʻllangan.
Masalan, urgutlik bir guruh fuqarolarning Xalq qabulxonasiga murojaatidan soʻng tumandagi Kamongaron va Vagʻashti qishloqlari aholisi oʻrtasida chashma suvidan foydalanish borasidagi koʻp yillik muammoga toʻliq barham berildi. Gap shundaki, bu ikki hudud aholisi oʻrtasida chashma suvidan foydalanish 1960-yillardan biri bahsli boʻlib kelayotgan edi. Ushbu muammoga barham toptirish maqsadida, Samarqand viloyati Xalq qabulxonasi hamda viloyat hokimligi rahbarligida ishchi guruhi tuzildi, hamda mazkur masala bevosita joyiga chiqib oʻrganildi. Oʻrganishlar natijasida Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Unga koʻra, Urgut togʻ tizmalaridagi beshta tabiiy chashmalar tozalanib, “Kamongaron” va «Vagʻashti» aholisini uzluksiz suv bilan taʼminlash maqsadida, qiymati 3 mlrd 100 million soʻmlik yangi ichimlik suvi tarmogʻi barpo etildi. “Kamongaron” mahallasi uchun 1,6 km va «Vagʻashti» mahallasi uchun 2,2 km tarmoq tortilib, bugungi kunda ushbu ikkala mahallaga ham ichimlik suvi va ekinlarni sugʻoradigan ariq suvlari taqsimlangan holda yetkazib berilmoqda.
Surxondaryo viloyati Denov tumanining “Minora” mahallasida yashovchi Sh.Abdullayev chetdan naslli qoramol olib kelish maqsadida kredit olish uchun barcha hujjatlar hamda garov taʼminotini 2020-yilning fevral oyida Xalq bankining Denov filialiga taqdim etadi. Ammo oradan bir yil oʻtsa hamki, uning murojaati taqdiri mavhumligicha qolib ketadi. Hatto hujjatlar asossiz ravishda yoʻq qilib yuborilgani aniqlanadi. 2021-yil 9-fevralda hujjatlarini tiklab, qayta murojaat qiladi. Ammo bu safar ham bank tomonidan hech qanday chora koʻrilmaydi. Oqibatda u Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonasiga murojaat qilishga majbur boʻladi. Ana shundan soʻnggina uning ishlari oldinga siljib, soʻragan 1 milliard soʻm miqdoridagi kredit mablagʻi toʻliq ajratib beriladi.
Muhimi, bu tizimda murojaatlarni vazirlik va idoralar kesimida ham tahlil qilish va shundan kelib chiqqan holda islohotlarni ushbu vazirlik va idoralarga tomon yoʻnaltirish imkoniyati ham mavjud. Masalan, 2021-yilda eng koʻp murojaatlar Moliya vazirligiga oid boʻlgan. 173 ming fuqaro shu yoʻnalishda murojaat qilgan. Shuningdek, Ichki ishlar vazirligiga tegishli 122 mingta, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga taalluqli 105 mingta murojaat kelib tushganligi fikrlarimizning roʻy-rost tasdigʻi hisoblanadi. Bundan tashqari, xuddi shu davrda Majburiy ijro byurosi, Bosh prokuratura, Oliy sud hamda Markaziy bank va tijorat banklari tizimiga taalluqli murojaatlar soni ham ancha katta boʻlgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasiga murojaat yoʻllagan fuqarolardan biri Nodir Umarov edi. Uning murojaati ham eʼtibordan chetda qolmadi. Endilikda ushbu fuqaro Toshkent shahar Mirzo Ulugʻbek tumani «Mirzakalon Ismoiliy» mahalla fuqarolar yigʻini binosining 2-qavatida dasturlash boʻyicha oʻquv kurslarini ochgan. Yangi ish oʻrinlari yaratib, mamlakatimizda Ay-Ti yoʻnalishini yanada rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshmoqda.
Toshkent shahar Mirobod tumanida yashovchi Mavjuda Navroʻzova nogiron oʻgʻli bilan bir necha yildan buyon uysiz sarson-sargardon boʻlib yurgan. Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, muammosi hal etilgan qoʻni-qoʻshnilari uning qalbida umid uchqunlarini alangalatdi. Shundan soʻng u ham Xalq qabulxonasiga murojaat qildi va orzusidagi natijaga erishdi – unga ikki xonali uy ajratildi. Shu tariqa Yurtidan, Vatanidan rozi boʻlgan fuqarolar soni yana bittaga koʻpaydi.
Sergeli tumanida yashovchi yana bir fuqaro – Mashrabjon Yusupov ham oʻzi istiqomat qiladigan koʻp qavatli uy yoʻlagidagi liftning oʻrnatilganiga 30 yildan oshgani, eskirib, mexanizmlari yaroqsiz holga kelganligi tufayli uni «Respublika boʻyicha 1000 dan ortiq liftlarni yangilash rejasi»ga kiritishni soʻrab murojaat qilgan. Ushbu murojaat ham oʻz vaqtida ijobiy hal etildi. Endi u yashaydigan yoʻlakda lift bilan bogʻliq muammo qolmadi.
Xuddi shunday, Sergeli tumanida yashovchi Afzal Toʻrayev oʻzi yashab turgan koʻp qavatli uydagi liftni almashtirish boʻyicha Xalq qabulxonasiga murojaat qilgach, necha yillardan buyon ishlab-ishlamay kelayotgan eski lift zamonaviysiga almashtirildi. Ushbu muammoning barham etilishi bilan nafaqat Afzal Toʻrayev, balki u bilan bir yoʻlakda istiqomat qiladigan barcha fuqarolarning ham istaklari ijobat boʻldi.
Murojaatlar bilan ishlash tizimida sayyor qabullarning tashkil etilishi, mutasaddi idora va tashkilotlarning keng xalq ommasi bilan yuzma-yuz uchrashgan holda ularning muammolarini bartaraf etish tajribasi ham bugun yaxshi samara bermoqda. 2021-yilda viloyat, tuman va shaharlar sektorlari rahbarlari tomonidan Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda 31 927 ta sayyor ommaviy qabullar oʻtkazildi. Ularda 223 412 nafar fuqaroning murojaati boʻyicha 230 446 ta masalalari tinglandi. Shundan 130 533 ta, yaʼni 56,6 foiz masalalar qanoatlantirildi.
Joriy yilning 23-iyul kuni davlatimiz rahbari raisligida oʻtkazilgan videoselektor yigʻilishida aholi murojaatlari bilan ishlash tizimini yangicha tashkil qilish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi va sohada koʻplab yangi mexanizmlarga start berildi. Yaʼni Prezidentimiz ushbu yigʻilishda odamlarni murojaat qilishga majbur etayotgan koʻplab muammolarni mahalla kesimida bartaraf etish taklifini ilgari surdi. Oddiygina qilib aytganda, viloyat, tuman va shahar hokimlarining ayni yoʻnalishdagi masʼuliyati kuchaytirildi, aholi toʻgʻridan-toʻgʻri tunu kun murojaat qilishi uchun hokimlarning virtual qabulxonasi va ijtimoiy tarmoqlarda alohida sahifalarini tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Murojaatlarning barchasi yagona elektron bazada jamlanib, Xalq qabulxonalari har chorakda davlat organlarining ochiq reytingini shakllantirishi belgilandi. Xullas, tizim yanada takomillashtirildi.
Va eng asosiysi – ushbu yigʻilishdan soʻng shu kungacha hal etilmagan aholi murojaatlarini qayta oʻrganish ishlariga kirishildi. Shu tariqa, qisqa vaqt ichida 651 mingdan ziyod murojaat qayta koʻrib chiqilib, ularning 78 foizi yoki 506 ming 536 tasini ijobiy hal etishga erishildi.
Murojaatlar bilan ishlash borasida yoʻlga qoʻyilgan tizim, xalq dardini tinglash va koʻtarilgan masalalarni kompleks hal qilish – bugun oʻz samarasini bermoqda. Yana ham ochiqroq aytganda, Xalq qabulxonalariga kelib tushayotgan murojaatlar jamiyatimizda tub islohotlarni amalga oshirish uchun asos vazifasini oʻtamoqda. Va bu – xalq roziligiga erishishning mukammal yoʻli ekanligi amaliyotda oʻz isbotini topdi.
Soʻzimiz ibtidosida qayd etganimizdek, bugun Yangi Oʻzbekistonda muammolarni oʻz vaqtida aniqlash hamda tegishli choralarni belgilash mexanizmi mavjud va bu oʻz samarasini bermoqda.