Prezidentning 2021-yil 13-iyuldagi PF-6260-son Farmoniga muvofiq yoshlar tomonidan koʻtarilgan taklif va tashabbuslar, muammo hamda masalalar yechimi yuzasidan har yili Yoshlar kuni arafasida Hukumatning dasturi, shuningdek, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman va shahar hokimliklarining alohida hududiy dasturlari qabul qilinadi.

Mazkur dasturlar yoshlarning bilim va kasb-hunar egallashi, ular uchun munosib ish va turmush sharoitini yaratish, boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlardan iborat boʻladi.

Hujjat bilan Yoshlar ishlari agentligi tomonidan Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan 2022-2023-yillarda Oʻzbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatini amalga oshirish dasturi tasdiqlandi. U quyidagilarni oʻz ichiga oladi:

  • “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlar bilan ishlash, jumladan, yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning bandligiga koʻmaklashish hamda ijtimoiy faolligini yanada oshirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish;
  • “yoshlarning boʻsh vaqti - yetakchining ish vaqti” tamoyili asosida tashabbus olimpiadasini oʻtkazish, yoshlar bilan “mahallabay” ishlash tizimini joriy etish;
  • koʻchama-koʻcha tadbir va loyihalar, tanlovlar, musobaqalar hamda toʻgaraklarni tizimli ravishda tashkil etish;
  • yoshlar oʻrtasida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish, joylarda ijtimoiy-maʼnaviy muhit barqarorligi va tarbiyaviy ishlar samaradorligini oshirish;
  • yoshlar infratuzilmalarini rivojlantirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, millatlararo totuvlikni yanada mustahkamlash, yoshlar siyosatini amalga oshirishda OAVning rolini kuchaytirish chora-tadbirlarini belgilash.

Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 08.06.2022-yildan kuchga kirdi.