2024-yil 1-yanvardan boshlab barcha yuridik isteʼmolchilar aqlli suv hisoblagichi oʻrnatishi shart!

    AOKAda bugun boʻlib oʻtgan brifingda "Oʻzsuvtaʼminot" AJ axborot xizmati rahbari Akmal Murodov shu haqda maʼlumot berdi.

    Bugun yurtimizda olib borilayotgan islohotlar haqiqatan ham inson qadri, uning manfaatlari uchun xizmat qilayotganiga har birimiz guvoh boʻlyapmiz. Barcha sohalarda hayotga tatbiq etilayotgan loyihalarning bosh maqsadi ham xalqimizning ogʻirini yengil qilish, muammolarini hal etishga qaratilgan.

    Xususan, birgina soʻnggi yillarda aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlashga qaratilgan saʼy-harakatlar natijasida aholimizning qariyb 74,4 foizdan ortigʻi qisqa muddatda markazlashgan quvurlar orqali toza suv isteʼmol qilish baxtiga musharraf boʻldi.

    Albatta, bunda “Oʻzsuvtaʼminot” AJning sohani rivojlantirish, aholiga qoʻshimcha xizmatlarni tashkil etish borasidagi tashabbuslari ham alohida oʻrin tutmoqda. Xususan aholini sifatli va uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash bilan birga ichimlik suvining ortiqcha sarfini kamaytirish, isteʼmol madaniyatini yaxshilashga qaratilgan amaliy ishlar ham olib borilyapti. Ichimlik suv tejamkorligi xususida fikr yuritganda birinchi navbatda isteʼmolchilarning suv hisoblagichlaridan foydalanishlari samarali usul hisoblanadi.

    Amaliyot shuni koʻrsatadiki, isteʼmol qilinadigan ichimlik suvi umumiy hajmining 74% foydali suv sarfi, 26% esa yoʻqotishdir. Suvni yoʻqotish bilan kurashishning eng samarali vositasi isteʼmolchilarga yetkazib beriladigan suvni hisobga olish, yaʼni suv hisoblagichlari oʻrnatishdir. Bu boradagi vazifalarni amalga oshirish qonunchiligimiz bilan ham mustahkamlab qoʻyilgan.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 24-maydagi “Aholining ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatlari bilan taʼminlanganlik darajasini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” gi qaroriga asosan 2023-yil 1-yanvardan boshlab yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi isteʼmolchilar tomonidan hududiy suv taʼminoti korxonalariga masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlar oʻrnatilishi talab etilgan.

    Shu bilan birga, 2024-yil 1-yanvardan boshlab masofadan maʼlumot uzatuvchi zamonaviy suv hisoblagichlarni oʻrnatmagan yuridik shaxs va yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi isteʼmolchilarga ichimlik suv taʼminoti va oqova suv xizmatari uchun suvni hisobga olish uskunasi bilan taʼminlanmagan isteʼmolchilar sifatida hisob-kitob amalga oshirilishi belgilangan.

    Bu borada vakolatli tashkilotlar bilan tasdiqlangan, OʻzDst 3642:2023 hamda OʻzDst 3643:2023 umumiy texnik talablarga javob beradigan Adliya vazirligidan roʻyxatga olingan suv hisoblagichlarni oʻrnatish lozimligi eslatib oʻtiladi.

    Shuningdek, “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati yagona billing bazasi “UzWater” bilan integratsiya boʻlgan, zamonaviy suv hisoblagichlar mahalliy ishlab chiqaruvchilari hamda xorijiy ishlab chiqaruvchilarining respublikamizdagi dilerlari tomonidan taqdim etiladigan hisoblagichlar tavsiya qilinadi.

    Aholi oʻrtasida suv taʼminoti bilan bogʻliq servis xizmatlariga boʻlgan talab juda yuqori ekanligi oʻtakazilgan monitoring va oʻrganishlardan maʼlum boʻlmoqda. Shu sabab, keng tarmoqli servis korxonasi faoliyatini yoʻlga qoʻyishga ehtiyoj tugʻildi va sohaga oid qabul qilingan meʼyoriy hujjatlar asosida joriy yildan “Oʻzsuvtaʼminot” aksiyadorlik jamiyati tarkibida “Suvoʻlchagichxizmati” aksiyadorlik jamiyati faoliyati yoʻlga qoʻyildi. Albatta, ushbu korxonaning asosiy maqsadi suv oʻlchagichlar bilan bogʻliq jarayonlar, yaʼni, hisobdonlarni davlat qiyoslovidan oʻtkazish, taʼmirlash va oʻrnatish kabi xizmatlarni amalga oshirishga qaratilgan.

    Tajribalar shuni koʻrsatadiki, suv hisoblagichlarni oʻrnatish orqali nafaqat suvdan oqilona foydalanish balki ichimlik suvi va kanalizatsiya xizmatlari uchun toʻlovlarni ham sezilarli darajada tejash imkonini beradi. Shunday ekan, barcha turdagi isteʼmolchilar suv hisobdonlaridan foydalangan holda isteʼmol madaniyatini shakllantirishlari maqsadga muvofiq.