Toʻqqizta viloyat xonadonlariga “aqlli” gaz hisoblagichlar toʻliq oʻrnatib boʻlindi

    Prezidentimizning 2020-yil 24-sentyabrdagi qaroriga asosan, respublika aholi isteʼmolchilariga tabiiy gazni hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish ishlari amalga oshirilmoqda.

    Xususan, respublika boʻyicha 3,5 million dona “aqlli” gaz hisoblagichlar oʻrnatilishi rejalashtirilgan boʻlib, bugungi kunga qadar uning 3,3 million donasi yoki 93 foizi oʻrnatib boʻlindi.

    Natijada Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Surxondaryo, Sirdaryo, Toshkent, Fargʻona va Xorazm viloyatlari aholisi toʻliq “aqlli” gaz hisoblagichlarga ega boʻldi.

    “Bu boradagi ishlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Samarqand viloyatida 97, Buxoro viloyatida 99, Navoiy viloyatida 88 va Toshkent shahrida 41 foizni tashkil etadi”, deyiladi Energetika vazirligi matbuot xizmati xabarida.