«Asosiy maqsadimiz odamlarimizni doimiy daromadli qilishdan iborat. Puli bor odam yaxshi kiyinish va ovqatlanishga, sifatli taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishga, mazmunli dam olishga, bir soʻz bilan aytganda, farovon yashashga intiladi», – dedi Prezidentimiz.

Bu jarayonda tadbirkorlar hal qiluvchi kuch sifatida eng oldingi safda turib, sanoat va servis obyektlarini tashkil qilib, doimiy ish oʻrni yaratishda, aholi, ayniqsa, yoshlar va xotin-qizlarni kasbga oʻrgatib, mahallalarning oʻzida ishli va daromadli qilishda alohida jonbozlik koʻrsatayotgani taʼkidlandi.

Shuning uchun tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha siyosat davom ettirilib, 2026-yilda asosiy soliq stavkalari oʻzgarishsiz qoldiriladi, tadbirkorlik infratuzilmasi loyihalariga 10 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ ajratiladi.

Kichik va oʻrta biznesni rivojlantirish uchun 140 trillion soʻm resurs beriladi. Shundan 43 trillion soʻmi xotin-qizlar va yoshlar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlashga yoʻnaltiriladi.