Soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda parrandachilik, shuningdek, tuxum ishlab chiqarish faol rivojlanmoqda. 2022-yilda respublikada 8 129,3 million dona tuxum ishlab chiqarilgan. Bu 2021-yilning shu davridagiga nisbatan 4,4 foiz koʻp. 2016-2022-yillar davomida tuxum ishlab chiqarish 32,1 foizga oshdi.
Tuxumning asosiy qismi, yaʼni 61,9 foizi dehqon va shaxsiy yordamchi xoʻjaliklarda, 23,3 foizi qishloq xoʻjaligi faoliyati bilan shugʻullanuvchi tashkilotlar tomonidan yetishtirilmoqda.
Tuxum yetishtirishdagi bu oʻsish parrandalar sonining koʻpayishi bilan bogʻliq boʻlib, ishlab chiqarish samaradorligi (bitta tovuqning yillik sertuxumliligi) pasaymoqda. 2016-2022-yillar davomida parrandalar soni 45,2 foizga oshdi. Shu bilan birga, tovuqlarning yillik sertuxumliligi 2018-yildagi 244 donadan 2021-yilda 215 donaga yoki deyarli 12 foizga kamaydi.
Taqqoslaydigan boʻlsak, Chilida bitta tovuqning yillik sertuxumliligi 350 dona (1,6 baravar koʻp), Rossiyada – 296 dona (1,4 baravar koʻp), Misrda – 294 dona (1,4 baravar koʻp), Isroilda – 254 dona (1,2 baravar koʻp), BAAda – 238 dona (1,1 baravar koʻp).
Mahsuldorlikning yetarli darajada yuqori emasligiga parrandalarni notoʻgʻri oziqlantirish va parvarish qilish, shuningdek, ilgʻor texnologiyalarni joriy etishning past darajasi, koʻpchilik fermer xoʻjaliklarining kichikligi va tijoratlashtirishning past darajasi sabab boʻlishi mumkin.
Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti