Kundalik hayotda inson atrof tabiiy muhit ifloslanishi yoki unga zarar yetkazilishi holatlari bilan koʻp ham toʻqnash kelavermaydi yoki har doim ham buni anglab yetmaydi. To ekologik halokat unga shaxsan taʼsir koʻrsatmaguncha inson ekologik muammolar mavjud emas, deb yuraveradi. Insonning psixologiyasi shunaqa.

Ekologik masalalarda yetarlicha maʼlumot va axborotga ega emaslik ham insonning bu borada harakatsizligining asosiy sabablaridan biridir. Ekologik inqirozdan chiqib ketish uchun maʼmuriy qarorlar yetarli boʻlmasligi mumkin, buning uchun tizimli yondfshuv, jamiyat har bir aʼzosining hissasi juda muhim.

Atrof-muhit va tabiat boyliklari, eng avvalo, jamiyat manfaatlari nuqtayi nazaridan muhofaza qilinadi. Ona tabiatning inʼomlaridan nafaqat biz, balki kelajak avlodlarimiz ham bahramand boʻlishi kerak. Iishlab chiqarishning juda tez surʼatlarda rivojlanayotgani, aholi sonining ortib borayotgani, tabiiy boyliklarning kamayib, atrof-muhitning chiqindi moddalar bilan ifloslanayotgani tabiat muhofazasini kechiktirib boʻlmaydigan dolzarb masalalardan biriga aylantirdi.

Chunki ekologik toza muhit Vatan va kelajak avlod taqdirini belgilovchi eng asosiy omillardan biri sanaladi. Atrof-muhitning sof holda saqlanishi kelajak avlodning har tomonlama sogʻlom oʻsishi garovidir.

Ekologik masʼuliyat insonning oʻzini oʻzi boshqarish, xatti-harakatining uzoq va yaqin oqibatlarini koʻra bilish, oʻz va oʻzgalar faoliyatiga nisbatan tanqidiy yondashuv demakdir. Bunda aynan faoliyat uchun jazo olishdan qoʻrqish emas, balki tabiatga nisbatan oʻz xohishiga koʻra odob-axloq chegarasidagi talablarga rioya etish ekologik masʼuliyatning asosini tashkil etadi.

Pedagoglarning xalqaro ekologik harakati umumiy taʼlim tizimida ekologik taʼlimni ustuvor deb biladi. Shu bois global ekologik inqiroz asnosida barcha davlat va hukumatlarga taʼlim sohasida aholisining milliy mentaliteti, diniy qarashlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlardan kelib chiqqan holda muvofiq ekologik taʼlim siyosatini ishlab chiqishni tavsiya etadi.

Bugungi kunda ekologik taʼlim va taʼlim tizimini ekologiyalashtirish tushunchalari mavjud. Ular bir-biri bilan uzviy bogʻliq boʻlsa-da, ammo baʼzi bir jihatlari bilan farq qiladi.

Aslida tabiatning yovvoyisi boʻlmaydi. U xoh insonlar yashaydigan hudud, xoh bizdan olis manzil boʻlsin bir butun zamin – Ona yerimiz hisoblanadi. Inson qadami yetib borgan yohud kamroq oʻzlashtirilgan hududlardagi hayvonot va oʻsimlik olami biz uchun yovvoyi sanalsa-da, butun tiriklik olamidagi umumiy zanjirning bir halqasidir. Demak, yovvoyi sifatida qaralgan hayvon va oʻsimliklarni ham birdek qadrlash, asrab-avaylash talab etiladi.

3-mart – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni. Bunday umuminsoniy bayramning paydo boʻlishi sayyoramizdagi biologik xilma-xillikni saqlash zarurligini anglab yetish bilan bevosita bogʻliq. 2013-yil 20-dekabrda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi oʻz rezolyutsiyasi bilan keng jamoatchilikning yovvoyi hayvonot va oʻsimlik dunyosi haqida xabardorligini oshirish maqsadida 3-martni – Butunjahon yovvoyi tabiat kuni deb eʼlon qildi.

Oʻsha yili tabiiy xilma-xillikni muhofaza qilish sohasida muhim bir xalqaro hujjat qabul qilinganining 40 yilligi ham keng nishonlanganini taʼkidlash lozim. Bu oʻrinda 1973-yil 3-mart qabul qilingan Yovvoyi fauna va floraning yoʻq boʻlib ketish xavfi ostida boʻlgan turlar bilan xalqaro savdo toʻgʻrisidagi konvensiya haqida soʻz bormoqda.

Yovvoyi tabiatning mutlaq qiymati ekologik, genetik, ijtimoiy, iqtisodiy, ilmiy, maʼrifiy, madaniy, rekreatsion va estetik jihatlarga borib taqaladi. Shu bois koʻpincha odamlar shovqin-suronli shaharlardan kimsasiz, yovvoyi tabiat qoʻyniga oshiqadi.

Tabiatning betakror manzaralari bu olam, hayot naqadar goʻzalligini koʻrsatadi. Ana shu chiroyga daxl qilish esa insoniylikka xos aslo xos emas. Binobarin, tabiatning sofligini asrab-avaylash va kelajak avlodga butunligicha yetkazish uchun barchamiz masʼulmiz.

Ulugʻ alloma ajdodlarimiz hali ekologiya fani dunyoga kelmagan davrlarda tabiat va undagi muvozanat, oʻsimlik va xayvonot dunyosi, tabiatni eʼzozlash haqida qimmatli fikrlarni aytganlar.

Xususan, Muhammad Muso Xorazmiy: “Bilginki, daryoning koʻzlari yoshlansa, uning boshiga gʻam, kulfat tushgan boʻladi”, deb taʼkidlagan. Buyuk alloma suvlarni ortiqcha sarflash hozirgi kundagi Orol fojiasi kabi noxush hodisalarni keltirib chiqarishini nazarda tutgan boʻlsa, ehtimoldan holi emas.

Abu Nasr Forobiy odam aʼzosining tuzilishi va unda kelib chiqadigan oʻzgarishlar, yaʼni kasalliklar, ovqatlanish tartibining buzilishi, kasallikning oldini olish chora-tadbirlari, shuningdek, tabiiy va sunʼiy tanlash haqida muhim maʼlumotlarni bitib qoldirgan.

Abu Rayhon Beruniy asarlarida oʻsimlik va hayvonlarning biologik xususiyatlari, ularning tarqalishi, tashqi muhit bilan oʻzaro aloqasi va xoʻjalik ahamiyati haqidagi koʻplab maʼlumotlarni topish mumkin.

Abu Ali ibn Sino inson sogʻligini saqlash, parhez, gigiyena toʻgʻrisida, kasalliklarni, jumladan, asab kasalliklarini davolashda jismoniy usullarni qoʻllash yaxshi natija berishini qayd etgan. Oʻsimliklardan tabiiy davalovchi doridarmonlar tayyorlashni koʻrsatib bergan. Tashqi muhit taʼsiri muhimligini, ayrim kasalliklar suv va havo orqali tarqalishi haqida fikrlarni bayon etgan.

Yurtimizning har qarich yeri oltinga teng. Uning goʻzal tabiati, musaffo havosi, ziloldek tiniq va shifobaxsh suvi har qanday kishini oʻziga maftun etadi. Mana shunday betakror goʻzallikni asrab-avaylash, kelajak avlodga bus-butunligicha yetkazish xar birimizning muhim burchimizdir.

Tabiatning oʻzi zargarga oʻxshaydi. Uning bagʻridan unib chiqqan har bir giyoh, har bir daraxt, oʻrmonlar, hayvonot olami oʻziga xos olamdir. Bu tabiiy boylikka daxl qilishning oldini olish, tabiatni muhofaza qilish yumushlaridan hech qachon hormaylik.

Oydin Ibrohimova,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazining Ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha bosh mutaxassi