3 ta viloyatda “valyutchik“lar ushlandi

    Voqea-hodisalar 3 Mart 2025 798

    Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning hududiy boʻlimlari tomonidan Toshkent shahri, Namangan va Navoiy viloyatlarida valyuta ayirboshlash bilan shugʻullanib kelgan shaxslar tegishli tartibda qoʻlga olindi.

    Qayd etilishicha, Departamentning Yangihayot tumani boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro X.A. fuqaro M.X.ga 5 000 AQSH dollarini 64,9 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Shuningdek, Departamentning Kosonsoy tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.S. 4 300 AQSH dollarini 55,8 mln soʻmga, Departamentning Uychi tumani boʻlimi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro M.A. 4 000 AQSH dollarini 51,7 mln soʻmga, Departamentning Navoiy viloyati boshqarmasi va IIB xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda fuqaro J.U. 4 000 AQSH dollarini 52,4 mln soʻmga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 177-moddasi (valyuta qimmatliklarini qonunga xilof ravishda olish yoki oʻtkazish) bilan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.