Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda Toshkent viloyatining Toshkent tumanida joylashgan “Navoiy” chegara-bojxona postida tezkor tadbir oʻtkazildi.
Tadbir jarayonida mamlakatimizdan qoʻshni davlat tomon harakatlanayotgan “Lasetti” rusumli avtomashina toʻxtatilib, xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, unda yoʻlovchi sifatida ketayotgan, Toshkent tumanida yashovchi, 1978-y.t. fuqaroga tegishli sellofan paketda 874 ming AQSH dollari borligi maʼlum boʻldi.
Aniqlanishicha, u mazkur pul mablagʻini deklaratsiyasiz, bojxona nazoratidan yashirib, Qozogʻiston Respublikasiga olib oʻtmoqchi boʻlgan.
Shuningdek, tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu xorijiy valyutalarni Toshkent shahridagi bozorlarda savdo qiluvchi shaxslardan yigʻib, mazkur ayolga bergan – poytaxtda istiqomat qiluvchi, 1989-y.t. fuqaroning Toshkent tumanidagi vaqtincha yashash xonadoni koʻzdan kechirilganda, kelgusida Qozogʻiston Respublikasiga olib oʻtish uchun tayyorlab qoʻyilgan 399 ming 170 AQSH dollari borligi ham aniqlandi.
Oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida jami 1 mln. 273 ming 170 AQSH dollari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,182-moddasining 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.