Yigʻilishda mamlakatimizda sogʻlom turmush tarzini keng ommalashtirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Badantarbiya qilish, yugurish, velosiped haydash kabi odatlarni targʻib qilish, yengil kasalliklarni ham dori bilan tuzatishga oʻrganib qolishning oldini olish zarurligi qayd etildi. Bu yoʻnalishda tushuntirish ishlarini, ayniqsa 30 yoshdan katta aholiga moʻljallangan ommaviy dasturlarni koʻpaytirish muhim ekani koʻrsatib oʻtildi.
Sport vazirligiga 30 yoshdan katta aholini ommaviy sport bilan qamrab olish dasturini yoʻlga qoʻyish topshirildi.
Prezidentimiz “mahalla yettiligi”ni odamlarni jismoniy mashq, yurish, yugurish, velosiped haydashga chorlashda faol ishtirok etishga chaqirdi.
Professional va maktablarda faoliyat yuritayotgan sport trenerlarini mahallalarga biriktirish, tibbiyot brigadalari, oilaviy shifokor va poliklinikalar ishiga aholini toʻgʻri ovqatlanish va sogʻlom turmush tarzini oʻrgatish boʻyicha yangi-yangi yondashuvlarni joriy qilish muhimligi qayd etildi.
Mahallalarning jismoniy faollik reytingi tuzilishi, eng yaxshi mahalla va oilalarni ragʻbatlantirilishi belgilandi.
Yigʻilish davomida mutasaddilarning hisobotlari va rejalari tinglandi.