Nonushtaning organizm uchun muhim ekanining bir qancha sabablari mavjud.
1. Nonushta ozuqa moddalari zaxirasini toʻldiradi. Biz uxlayotganimizda tana ishlashda davom etadi va kun davomida olingan ozuqa moddalarini sarflaydi. Shuning uchun, ertalab ularning zaxirasini toʻldirib olish zarur.
2. Nonushta chiroyli qomatga erishishning bir yoʻli. Ertalabki tanovul nafaqat kun davomida kuch-quvvat bilan taʼminlaydi, balki tushlik va kechki ovqatning kaloriya miqdorini kamaytirishga ham yordam beradi. Yaʼni nonushta qilmagan inson keyingi tanovul vaqtlarida koʻproq taom yeyish ehtimoli yuqori.
3. Nonushta oshqozon shilliq qavatining holatini yaxshilaydi. Oshqozonda muntazam ravishda xlorid kislotasi ishlab chiqariladi va tunda u koʻp miqdorda toʻplanadi. Agar uygʻongandan keyin oshqozonga hech narsa tushmasa, u holda oʻzining shilliq qavatini sarflaydi. Bu ogʻriq, koʻngil aynishi kabi qator noxush oqibatlarga olib keladi. Bundan tashqari, safro ichak motorikasining tabiiy stimulyatori ekanligini va uning turgʻunlashuvi ogʻirlik, ich qotishi va dam boʻlishiga sabab boʻlishini unutmaslik kerak.
4. Nonushta moddalar almashinuvini ishga tushiradi. Tana kun davomida oziq-ovqatlarni yaxshi qabul qilishi uchun uglevodlarga boy boʻlgan dastlabki taom qabuli kerak. Bu esa nonushta davomida amalga oshiriladi. Shundan soʻng organizmda moddalar almashinuvi toʻgʻri boshlanadi. Statistik maʼlumotlarga koʻra, muntazam ravishda nonushta qiladigan odamlarning metabolizmi undan voz kechganlarning metabolizmiga qaraganda 5-6 foiz tezroq.
5. Ertalabki tanovul yurak faoliyatiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi. Garvard tibbiyot maktabi olimlarining taʼkidlashicha, nonushta qilmaydigan odamlar yoʻl-yoʻlakay yogʻ va shakar miqdori yuqori boʻlgan mahsulotlarni isteʼmol qilib, yetishmayotgan energiyaning oʻrnini toʻldirishga urinishadi. Zararli xolesterinning toʻplanishi esa metabolizmni sekinlashtiradi, qon bosimi va yurakka tushadigan yukni oshiradi.
Demak, nonushtaga befarq munosabatda boʻlish yaxshilikka olib kelmaydi. Gastroenterolog va diyetologlarning fikriga koʻra, muvozanatli nonushta sogʻlom turmush tarzining muhim tarkibiy qismidir. Har kuni nonushta qilsangiz, nafaqat vazningiz normallashadi, balki sogʻligʻingiz ham yaxshilanishiga erishasiz.