Biroq, andijonliklar uchun bu katta qadriyat ifodasidir. Sababi, nafaqat, Andijonda, balki oʻzbek xalqida pichoq mardlik, jasurlik, gʻurur va iftixor ifodasi hisoblangan. Yaqin-yaqinda ham ota-bobolarimiz beliga belbogʻ bogʻlab, bir tomoniga bezakdor qinga solingan shahrixon pichogʻini osib yurganlar. Uyda yolgʻiz qolgan odam yostigʻining ostiga pichoq qoʻyib yotgan. Bu kutilmagan bosqinchilikka qarshi hamla uchun emas, balki yolgʻizlikdagi xamroxlik ifodasi hisoblangan. Namoz oʻqiyotgan kishi joynamoz qarshisiga pichoq qoʻyib qoʻygan. Shundagina uning qarshisidan oʻtish mumkin boʻlgan. Dasturxonda pichoq tursa fotixa qilinmagan. Boisi, pichoq duoni kesadi, deb oʻylashgan. Bularning barchasi kimlar uchundir boʻlmagʻur odatlardek tuyuladi. Biroq, ota-bobolarimizning butun umri davomidagi harakatlarida pichoq shu tariqa muhim ahamiyat kasb etgan.

Shu bois boʻlsa kerak Andijonda pichoqchilik rivojlangan. Xususan, Qorasuv, Andijon, Asaka shaharlarida pichoqchilar faoliyati shakllangan. Hunarmandchilikning ushbu turi bilan oʻnlab temirchilar roʻzgʻor tebratgan. Biroq, Shahrixonda butun mahalla, yuzlab temirchilar pichoqchilik hunarini qariyb, 300-yildan buyon qadrlab kelmoqdalar.

Shahrixonda pichoqchilik tarixi 1800-yillardan boshlangan. Qoʻqon xoni Amir Umarxon Shahrixon hududlarini oʻzlashtira boshlagan kezlari Margʻilondan bir guruh hunarmandlarni olib keladi. Ular orasida pichoqchi Islomxoʻja hunarmand ham boʻlgan. U dastlab bir oʻzi shugʻullangan. Keyinchalik oʻgʻillarini yoniga olgan. Shogirdlar yetishtirgan. Qarabsizki, vaqtlar oʻtib tumanda pichoqchilar mahallasi bunyod boʻlgan.

Bugungi kunga kelib xonlar shahri atalmish Shahrixonda 300 nafardan ortiq hunarmandlar aynan pichoqchilik bilan mashgʻullar. Ular tomonidan yasalgan roʻzgʻor buyumlari butun respublikamiz ichki bozorida oʻz xaridorlariga ega. Islomxoʻja pichoqchi boshlab bergan anʼanani davom ettirayotgan sulola vakiliRahmatxoʻja Alixoʻjayev esa ularning ustozi.

Andijonda Eshon aka nomi bilan tanilgan maqolamiz qahramoni ilk bor 14 yoshida mustaqil tarzda birinchi pichogʻini yasagan. Oradan oʻtgan yillar uni mehnatda tobladi, yangi andozalar olishga undadi, Shahrixongagina xos boʻlgan jihatlarni saqlab qolgan holda keyingi avlodga meros qoldirish ibratini berdi.

-Oʻzbekistonda pichoq turlari juda koʻp,-deydi Eshon aka biz bilan suhbatda. –Lekin ularning barchasi bir-biridan farq qiladi. Masalan, vohaliklar nisbatan ogʻir, qalin pichoqlarga oʻrganishgan. Shahrixon pichoqlari esa yengilligi va tigʻining oʻtkirligi bilan ajralib turadi. U deyarli tanasining 90 foiz qismi bilan kesadi. Sopiga ishlangan bezaklar qimmat toshdan yasalgan. Bir qarashda haqiqiy sanʼat asarini eslatadi.

Aslida ham shunday. Biz Eshon aka xonadonida tashkil etilgan moʻjazgina muzeyni aylanar ekanmiz, bu yerdagi 50 turdan ziyod pichoqlarni koʻrib, bir-birini takrorlamas jihatlarni ilgʻadik.

-Pichoqchilik men uchun nafaqat, daromad manbai, balki, hayotim mazmuni. Men unda turli obrazlar yarataman. Qay birida jasurlik, mardlik oʻz ifodasini topsa, boshqasida shijoat, kuchlilik aks etadi. Har bir mahsulotim oʻziga xos maʼnodan hikoya qiladi.

Respublikamiz mustaqillikka erishgach, hunarmandlarga yaratilgan. sharoit, mavjud imkoniyatlar Rahmatxoʻja aka faoliyatida yangi bosqichlarni boshlab berdi. Natijada 1995-yili YUNESKO tashkilotining 50 yilligi munosabati bilan boʻlib oʻtgan xalqaro hunarmandlar koʻrgazmasida ishtirok etdi. 2003-yili Fransiya davlatida boʻlib oʻtgan “Sifat belgisi” xalqaro koʻrgazmasida 166 ta davlat vakillari orasidan uning faoliyatiga yuqori baho berilib, 1-darajali diplom va Oltin kubok bilan taqdirlandi.

Davlatimiz rahbarining 2017-yil 17-noyabrdagi “Hunarmandchilikni yana-da rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonidan keyin respublikamizda hunarmandlar faoliyatida keskin burilish yuzaga keldi. Natijada ular daromad soligʻi va bojxona toʻlovlaridan ozod etildilar. “Hunarmand” uyushmasining tashkil topishi, imtiyozli kredit mablagʻlarining ajratilishi - bularning barchasi ushbu soha taraqqiyotini taʼminlovchi omillardir.

Respublikamiz Prezidentining shu yil 28-avgust kungi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma toʻqqiz yilligi munosabati bilan davlat xizmatchilari hamda ishlab chiqarish va ijtimoiy-iqtisodiy sohalar xodimlaridan bir guruhini mukofotlash toʻgʻrisida”gi Farmoniga binoan Rahmatxoʻja Alixoʻjayev “Mehnat shuhrati” ordeni bilan taqdirlandi. Bu uning 300-yillik anʼanalarni munosib davom ettirayotgani, pichoqchilik sanʼatini yosh avlodga oʻrgatibgina qolmasdan, respublikamiz hunarmandchiligi taraqqiyotiga qoʻshgan ulkan hissasi uchun berilgan bahodir.

Ziyo SIROJ, jurnalist