Bu haqda Sharqiy Qozogʻiston viloyati hokimi Danial Axmetov Instagramdagi sahifasida maʼlum qildi.

“Eng noxush ssenariyning oldini olish uchun 5-iyuldan boshlab biz Ust-Kamenogorsk va Semey shaharlarini yopamiz hamda odamlar va transport vositalarining harakatlanishini kamaytiramiz. Bularning barchasi koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olish uchun amalga oshiriladi. Faqat oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish COVID-19 ga qarshi kurashda samaradorlikni koʻrsatdi. Karantin davrida viloyatda kasallanganlar soni 135 tani tashkil etdi. Va iyun oyida bu raqam 710 kishiga koʻpaydi va oʻsishda davom etmoqda”, — deb yozdi Danial Axmetov.

Shuningdek, ushbu hafta oxirida barcha harakatlarni cheklashni tavsiya qildi. “Biz aloqalar zanjirini uzishimiz kerak. Bu juda zarur! Bu jarayonga qanchalik masʼuliyatli yondashsak, shunchalik tez normal hayotga qaytishimiz mumkin” dedi u.

Shuningdek, u, korxonalar, oziq-ovqat doʻkonlari, dorixonalar, banklar, maishiy xizmat koʻrsatish markazlari (qisqartirilgan jadvalga muvofiq) ish olib borishini taʼkidladi.

“Biz biznesni imkon qadar karantin choralari oqibatlaridan himoya qilishga harakat qilamiz”, deya tushuntirdi hokim.

“Bugungi kunda ijtimoiy masofa, oʻz-oʻzini izolyatsiya qilish, niqob rejimi — bu odamlar oʻz xavfsizligi uchun qilishi kerak boʻlgan eng kam narsa. Biz, oʻz navbatida, mintaqadagi kasalxonalarni zarur jihozlar va dori-darmonlar, shifokorlarni esa himoya vositalari bilan taʼminlash yuzasidan qoʻlimizdan kelganini qildik.

Endi bizning umumiy vazifamiz — birgalikda cheklov choralariga rioya qilish va virus tarqalishining oldini olish”, — deb yozdi Danial Axmetov.
Viloyat rahbari Sharqiy Qozogʻistonda har qanday holatga tayyor ekanliklarini qoʻshimcha qildi: 1 700 yuqumli, 2 500 karantin toʻshaklari, shuningdek, reanimatsiya boʻlimlari tayyorlangan.

“Mintaqada odamlar tez tibbiy yordamni ololmaydigan punkt yoʻq. Tibbiyot muassasalari va ijroiya hokimiyati oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlarning barcha algoritmlari tasdiqlangan va ishlab chiqilgan”, — deya soʻzini yakunladi Danial Axmetov.