5 ta kodeks qabul qilinadi, 7 ta kodeksning yangi tahriri ishlab chiqiladi

    Dolzarb 1 Iyul 2020 1930

    Bu Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasini amalga oshirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”da nazarda tutilgan.

    Hujjat bilan turli sohalarda keng koʻlamli qonun ijodkorligi ishlari rejalashtirilgan. Ular qatorida quyidagilarni ishlab chiqish ham nazarda tutilgan:

    • Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi kodeks, unda fuqarolarning NNTga birlashish huquqi va uni amalga oshirish usullari, shuningdek tashkil etish, roʻyxatga olish, ularning faoliyatini olib borish va tugatishning huquqiy asoslari belgilanadi. Loyiha boʻyicha ishlar 2020-yil 1-avgustga yakunlanishi lozim. Eslatib oʻtamiz, kodeks loyihasini tayyorlash boʻyicha ishchi guruhi 2019-yil oktyabrda tuzilgan;
    • Ekologiya kodeksi, uni ishlab chiqish va qabul qilish 2030-yilgacha atrof muhitni muhofaza qilish konsepsiyasida ham nazarda tutilgan. Hujjat ekologiyaga oid qonunchilik bazasini tizimlashtiradi. Unda parlament va jamoatchilik nazoratini, fuqarolar va jamoat birlashmalarining huquq hamda majburiyatlari, ekologik nazorat va monitoring turlarini, shuningdek oʻsimlik va hayvonot dunyosidan foydalanish qoidalari belgilanadi. Ishlarni 2020-yil 1-oktyabrga qadar yakunlash rejalashtirilmoqda;
    • Sogʻliqni saqlash kodeksi, unda sogʻliqni saqlash sohasini davlat tomonidan tartibga solish, idoralararo hamkorlik qilish, sogʻliqni saqlash tizimini moliyalashtirish, sanitariya-epidemiologik nazoratni tashkil qilish, sogʻliqni saqlash sohasida taʼlim va ilmiy faoliyat normasini belgilash nazarda tutiladi. Muddat – 2020-yil 1-dekabrgacha. Darvoqe, kodeks bilan 2019-2025-yillarda sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish tartibga solinadi;
    • Tadbirkorlik kodeksi, tadbirkorlik faoliyati sohasidagi qonun hujjatlarini toʻliq kodifikatsiya qilishni taʼminlaydi. Tadbirkorlik faoliyatini monopoliyaga qarshi tartibga solish tubdan qayta koʻrib chiqiladi, tadbirkorlik erkinligini taʼminlaydigan kafolatlar hamda tadbirkorlik faoliyatiga aralashganlik, tadbirkorlik faoliyati subyektlari faoliyatini cheklash yoki toʻxtatish, ularga zarar yetkazganlik uchun mansabdor shaxslarning javobgarligi kuchaytiriladi. Tadbirkorlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish masalasida jamoatchilik nazorati mexanizmlari kengaytiriladi. Loyiha ishlari yarim yil davom etadi va 2022-yil 20-yanvarga qadar yakunlanishi lozim;
    • Axborot kodeksi, mamlakatlarning axborot xavfsizligini toʻgʻrisidagi qonunlari umumlashtiradi. Unda axborot makonini rivojlantirishning quyidagi asosiy yoʻnalishlari belgilanadi: inson huquqlarining erkinligini himoya qilish, kiberxavfsizlik, media madaniyati va onlayn gigiyenaga rioya qilish. Loyihani ishlab chiqish ishlari 2022-yil yanvar oyiga kelib yakunlanadi.

    Yana bir qator ishlar rejalashtirilgan. Jinoyat, Jinoyat-protsessual va Jinoyat-ijroiya kodekslarining yangi tahriri qabul qilinadi. Qonun chiqaruvchining oldiga jinoyat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini unifikatsiyalash va liberallashtirish, jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqiy kafolatlarini mustahkamlash, jazoni oʻtash joylarida boʻlgan mahkumlarning huquqlari koʻlamini kengaytirish vazifalari qoʻyilgan. Yetakchi xalqaro amaliyot asos qilib olinadi. JIK loyihasi joriy yil 1-oktyabrga, JK va JPK loyihalari keyingi yil may oyida tayyor boʻladi.

    2021-yil yanvar oyida MJTKning yangi tahriri tayyor boʻlishi nazarda tutilmoqda, bu ish yurituvini takomillashtirish, asosan ITni faol joriy etish hisobiga hamda vakolatli organlar va mansabdor shaxslarning optimallashtirilgan tizimi orqali amalga oshiriladi. Maʼmuriy undiruv choralari roʻyxati qayta koʻrib chiqilishi, jarimalar ixtiyoriy toʻlanishini ragʻbatlantirishning tabaqalashtirilgan tartibini joriy etish, jabrlanuvchining arizasiga asosan ish yurituvini toʻxtatish amaliyoti joriy etilishi rejalashtirilgan.

    Amaldagi Fuqarolik, Mehnat va Uy-joy kodekslarining yangi tahriri ishlab chiqiladi. Bunda asosiy yoʻnalish – xalqaro huquq normalarini implementatsiya qilish, kamsitish holatlarini bartaraf etish va ushbu sohalarda davlat siyosatini takomillashtirish. Loyihalar 2020-yilning III–IV choragiga tayyor boʻladi.

    Bundan tashqari, 2020–2021-yillarda quyidagilar nazarda tutilmoqda:

    • “Favqulodda holat toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasida ommaviy tadbirlar toʻgʻrisida”, “Advokatura va advokatlik faoliyati toʻgʻrisida”, “Teng muomala qilish va kamsitmaslik toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy maqomi toʻgʻrisida”, “Bepul yuridik yordam toʻgʻrisida”, “Xususiylashtirish toʻgʻrisida”, “Ijtimoiy tadbirkorlik asoslari toʻgʻrisida”, “Majburiy tibbiy sugʻurta toʻgʻrisida”, “Mehnat migratsiyasi toʻgʻrisida”, “Ijtimoiy sugʻurta toʻgʻrisida”, “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida” va “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi jamoat palatasi toʻgʻrisida”gi qonunlar ishlab chiqiladi va qabul qilinadi;
    • «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida», «Aholini ish bilan taʼminlash toʻgʻrisida», «Taʼlim toʻgʻrisida»gi qonunlarning yangi tahriri ishlab chiqiladi, «Jamoatchilik nazorati toʻgʻrisida» va «Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida» qonunlarga tuzatishlar kiritiladi.

    Xalqaro hamkorlik rejalarida – Oʻzbekistonning 2005-yildagi Varshava konvensiyasiga qoʻshilishi, shuningdek Xalqaro mehnat tashkilotining 17, 97, 132, 156, 183 va 187-sonli konvensiyalariga qoʻshilishi nazarda tutilgan. Mazkur yoʻnalishda ishlar 2020-2025-yillarda reja asosida olib boriladi.

    Hujjat Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasida eʼlon qilingan va 23.06.2020-yildan kuchga kirdi.

    Oleg Zamanov.