Farzandingizni o'smirlikdan talafotsiz olib chiqing

    Oilada tibbiy madaniyatni oshirish — davr talabi. Ayniqsa, balog'at yoshidagi o'g'il-qizlar salomatligini muhofaza qilish dolzarb ahamiyatga ega. SHu bois, mamlakatimizda bolalar sog'lig'ini saqlash va mustaxkamlash, jismoniy barkamol qilib tarbiyalashga katta e'tibor qaratilmoqda.

    Bolalarning o'sishi uch davrga bo'linadi: maktab yoshigacha bo'lgan davr — 7 yoshgacha, maktab davri — 7-14 yosh, o'smirlik (balog'at) pallasi — 15-18 yosh.

    Bolaning sog'lig'i kasalligi bor-yo'qligi bilan emas, balki rivojlanishi, o'sishi bilan tavsiflanadi. O'sish va rivojlanish bir-birini taqozo qiladi.

    O'sish — hujayra to'qimalari hisobiga tana vazni va hajmining ortib borishi, rivojlanish esa sifat o'zgarishi, organ va to'qimalarning funktsional takomillashuvidir. Buning asosida modda almashinuvi, energiya yotadi. O'sish va rivojlanish bir xil kechmaydi. Bu jarayonga biologik (genetik, nasliy) va tashqi ijtimoiy omillar, turmush sharoiti, to'la qiymatli ovqatlanish, jismoniy tarbiya va boshqalar ta'sir qiladi. Ayniqsa, oilaning moddiy jihatdan ta'minlangani, yashash sharoiti, ota-ona tarbiyasi katta ahamiyatga ega.

    Balog'at yoshigacha o'g'il-qizlar rivojlanishi, o'sishi bir xil davom etsa-da, balog'at yoshida o'zgarishlar yuz beradi.

    Rivojlanishda ikki davr — jinsiy etilishning boshlang'ich davri bo'lgan muddat va jinsiy etilish pallasi nazarda tutiladi. Birinchi davrda qiziqish katta, biroq ichki mayl etilmagan bo'ladi. Bu paytdagi suhbatlar, to'g'ri tarbiya katta ahamiyatga ega. SHu bois, yoshlarni qiziqtirgan savollarga batafsil va to'g'ri javob berish kerak.

    Ikkinchi davr o'g'il bolalarda birinchi pollyutsiya, qizlarda esa hayz ko'rish bilan boshlanadi. Bu vaqtda bolalar tengdoshlaridan ko'pincha noto'g'ri ma'lumot oladi. SHuning uchun bu palladagi muloqot yaxshi natija beradi. CHunki bu paytda o'smirlar xulq-atvorida psixologik o'zgarishlar yuz beradi.

    Balog'at yoshida kun tartibini to'g'ri taqsimlash, shaxsiy gigienaga rioya etish, to'g'ri ovqatlanish, o'qish, ishlash, dam olish, madaniy hordiq chiqarish, organizmni chiniqtirish, salomatlikni mustahkamlashga e'tibor berish kerak. Ota-ona, murabbiy bola hayotini nazoratda tutishi lozim. Tasodifiy uchrashuvlar, bekorchilik, zerikish, nazoratsiz behuda vaqt o'tkazish spirtli ichimliklar iste'mol qilish, kashandalik, betartib jinsiy hayotning boshlanishiga sabab bo'ladi.

    erta boshlangan jinsiy hayot nafaqat inson salomatligiga, balki keyingi rivojlanishiga ham salbiy ta'sir etadi Aqliy rivojlanishni, organizmning boshqa vazifalari bajarilishini izdan chiqaradi yoki sekinlashtiradi.

    Qizlar uchun erta jinsiy hayot homilador bo'lib qolish va tug'ish bilan xavfli. Jismoniy va fiziologik etilmagan organizm uchun bu og'ir vazifa. O'smir qizning jismoniy va psixologik holatiga zararli ta'sir ko'rsatadi, og'ir asorat qoldiradi Nogiron, aqliy rivojlanmagan farzandlar dunyoga kelishi mumkin.

    Bularning oldini olishning eng yaxshi usuli jismoniy mehnat, turmush qurgunga qadar o'qish, ilm-fan, jamoat ishlari bilan mashg'ul bo'lish, madaniy hordiq chiqarishdir. YOsh avlodni jinsiy tarbiyalash asosida jinsiy hayot va sevgi, hayot va oila tushunchalari yotadi.

    Ota-onalar, o'qituvchilar, tibbiy xodimlar qizlarni g'ururli, or-nomusli, har qanday vaziyatda o'zini boshqara oladigan, xushmuomala qilib tarbiyalashi kerak.

    O'smirlar bilan suhbatlarda jinsiy hayotni erta boshlash zararli ekani, tanosil kasalliklarga chalinish xavfi borligini tushuntirish, atrof-muhitga teran nazar bilan qarashni uqtirish, bola e'tiborini sport, musiqa, san'atga jalb etish kerak. Keyingi paytda uchrayotgan og'ir kasalliklar balog'at yoshidagi boshlang'ich xastalikdir.

    Giyohvandlik shular jumlasidan. Inson bu kasalga irodasi sustligi tufayli duchor bo'ladi. Bunday holat 18-25 yoshlilar orasida ko'p uchraydi. Birinchi marta ta'siri sezilmagandek tuyuladi. Qayta qo'llash inson irodasini zararlab, giyohvandlik moddasiga qaramlik hissini paydo qiladi. YOshlar shuni bilishi kerak: narkotik va psixotrop modda kayfi uzoq cho'zilmaydi. Oqibati o'lim bilan tugaydi.

    Giyohvandlik jamiyatga ko'p muammolar tug'diradi:

    birinchidan, uni davolab bo'lmaydi. Tibbiyot qaramlikni jismonan yo'q qilsa ham, ruhiy tobelik yo'qolmaydi. Bu degani narkotiksiz yurish mumkin, lekin bu holat butkul barham topmaydi;

    ikkinchidan, giyohvand avval hayotiy, keyin mehnat faoliyatini yo'qotadi;

    uchinchidan, giyohvandlik moddalari inson ruhiyatini buzadi, ongini pasaytiradi;

    to'rtinchidan, ota-onasi giyohvand chaqaloqlar har xil anomaliyadan azob chekadi, normal bolalar tug'ilmaydi;

    beshinchidan, giyohvandlar jinoyat sodir etishga moyil bo'ladi. O'zini, xatti- harakatini idora etolmaydi.

    Giyohvandlik moddasiga o'rganib qolish sababini bolani o'rab turgan oila a'zolari va do'stlari, yaqin insonlaridan qidirish lozim. Noto'g'ri tarbiya, ota-ona o'rtasidagi nizolar, ruhiy siqilishlar giyohvandlikka sabab bo'ladi. Oila yo'qligi, qarovsizlik ham asosiy sabablardan.

    Turli kasalliklarning oldini olish, spirtli ichimlik ichish, kashandalik, giyohvandlik, sog'liqqa zarar keltiruvchi boshqa xavfli odatlarni uzil-kesil yo'qotish hozirgi jamiyatimizdagi dolzarb masalalardandir.

    Benuqson avlod tug'ilishi va barkamol tarbiyalanishida oiladagi totuv, musaffo muhitning o'rni katta. Biz ma'nan etuk, aqlan sog'lom, qat'iyatli va sabr-matonatli, muhabbatli, vatanparvar, sadoqatli farzandlar tarbiya kilmog'imiz kerak. O'smirlik bolaning erkin va ongli harakatlanishiga sharoit yaratish uchun juda zarur payt.

    Kattalarning asosiy vazifasi yoshlarning ilm-fanga, hunarga rag'batini kuchaytirish, tinimsiz izlanish bilan hayotda o'z yo'lini topib ketishiga ishonchini shakllantirishdan iborat. Mamlakatimizda giyohvandlik vositalari va muqobillari, psixotrop moddalar hamda kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni targ'ib etuvchi mahsulotlar tayyorlash, tarqatish, sotish, bunday moddalarni iste'mol qilish uchun jalb etishga doir ma'muriy va jinoiy javobgarlikni kuchaytirish muammoning oldini olishga xizmat qiladi.

    F.AZIZOVA,

    Toshkent tibbiyot akademiyasining

    ilmiy ishlar va innovatsiyalar

    bo'yicha prorektori