Tez ozib ketish jiddiy kasalliklar alomatimi?

    Tana vazni salomatlikning asosiy koʻrsatkichlaridan biri. Ammo baʼzi insonlarda sababsiz tez ozib ketish hollari kuzatiladi.

    Xoʻsh, buning boisi nima?

    Oliy toifali shifokor Raʼno Nosirovaning maʼlumot berishicha, ayrim paytda bosh miya, yurak va mushaklar meʼyorda ishlashi uchun organizmda oziq moddalar yetishmaydi. Shunday holatda ular yogʻ toʻqimasiga “signal” yuborib, ichki qoʻshimcha zaxiradan foydalanadi.

    Oqibatda yogʻ hujayralari parchalanib, energiya ajraladi va bu quvvat hayotiy muhim aʼzolar ehtiyojini qondirish uchun sarflanadi. Organizm yogʻ toʻqimasini yoʻqotar ekan, oʻz-oʻzidan tana vazni kamayib boradi. Aslida tez ozishning bir necha sabablari mavjud.

    Jumladan, enterokolit, atrofik gastrit kabi oshqozon-ichak kasalliklarida oziq moddalar soʻrilishi yomonlashib, tana vazni kamayadi. Ogʻriq, qorin dam boʻlishi, koʻngil aynishi, ich ketish yoki qotishi ushbu kasalliklarga xos belgilardir.

    Qolaversa, oziq moddalar soʻrilishining buzilishi tufayli tanada vitaminlar va mikroelementlar tanqisligi roʻy berib, anemiya kuzatiladi. Teri quruqlashib, tirnoqlar sinuvchan, milklar esa qonaydigan boʻlib qoladi.

    Oʻtkir pankreatit (meʼda osti bezi yalligʻlanishi) va surunkali xolitsistit (oʻt yoʻllari yalligʻlanishi)da ham tana vazni kamayishi mumkin. Chunki ushbu xastaliklar sababli ovqat hazm qilish jarayoni buzilib, organizm ayrim oziq moddalarni qabul qila olmaydi.

    Bunday hollarda bemorlar taomlangandan soʻng noqulaylik hissini sezadi. Koʻngli aynib, ich ketish, xoletsistitda oʻng qovurgʻa ostida ogʻriqlar paydo boʻladi.

    Shuningdek, sil kasalligida ham bemor tez ozib ketadi. Ishtaha yoʻqolib, organizm xastalik qoʻzgʻatuvchisi – sil tayoqchasiga qarshi kurashish uchun koʻp energiya sarflaydi.

    Tan vazni tez yoʻqotilishining keng tarqalgan sabablaridan yana biri ichaklardagi gelmintlar va lyambliyalardir. Bunday bemorlarda koʻngil aynishi, qorin dam boʻlishi, ich buzilishi, teriga turli toshmalar toshishi, tana harorati koʻtariladi.

    Bundan tashqari, ozib ketish qandli diabetning 1-turi, depressiya, onkologik kasalliklar, limfoma, limfogranulematoz, leykoz kabi kasalliklar sababli ham boʻlishi mumkin.

    Agar tez vazn yoʻqotish holati kuzatilsa, oila shifokoriga murojaat qilish lozim.