Qaror bilan 2026 — 2030 yillarda:

  • elektron tijorat aylanmasini 30 trln so‘mga yetkazish;
  • 7,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish;
  • umumiy qiymati 300 million AQSh dollari miqdoridagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish;
  • ayrim turdagi tovarlarni import qilishda yagona bojxona to‘lovini joriy etish orqali tashqi savdo operatsiyalarini tartibga solish asosiy maqsadlar etib belgilandi.

2026 yil 1 iyuldan 2028 yil 1 iyulgacha huquqiy eksperiment tariqasida rezidentlar va norezidentlar tomonidan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyojlari uchun mo‘ljallangan tovarlarni maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun ularni vaqtincha saqlashga mo‘ljallangan yangi turdagi erkin ombor — bond ombori faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

  • bond ombori erkin ombor faoliyatini litsenziyalash tartibi asosida tashkil etiladi;
  • bond omboridan tovarlarni sotish maxsus elektron savdo platformasi orqali amalga oshiriladi;
  • bond omboriga tovarlar erkin ombor bojxona rejimiga muvofiq joylashtiriladi hamda ushbu tovarlarni jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun chakana sotishga ruxsat beriladi;
  • bond omboridan jismoniy shaxslarning shaxsiy ehtiyoji uchun sotiladigan tovarlar jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida bojxona rasmiylashtiruvидан o‘tkaziladi;
  • bond omboriga joylashtirilgan tovarlarni jo‘natmalar deklaratsiyasi asosida jismoniy shaxslarga chiqarishda muvofiqlikni baholash, sanitariya va veterinariya nazorati choralari qo‘llanmaydi.

Bunda tovarlarning texnik jihatdan tartibga solish, sanitariya va veterinariya sohasidagi qonunchilik hujjatlari talablariga muvofiqligini ta’minlash bo‘yicha javobgarlik bond omborlari operatorlari zimmasiga yuklanadi;

respublika hududidan bond omboriga maxsus elektron savdo platformalari orqali chakana sotish uchun mo‘ljallangan tovarlarni joylashtirishga ruxsat etilmaydi, bundan respublika hududidan tashqariga olib chiqish uchun mo‘ljallangan tovarlar mustasno.

Endilikda 2026 yil 1 iyuldan 5 ta pozisiyadagi tovarlar, jumladan, smartfon, noutbuk, planshet, kolonka, mikser, sharbat chiqaruvchi, soch quritish uskunasi, elektr choynak, multipishirgichlar, dazmol va boshqa tovarlar bond omboridan tovarlarni sotish maxsus elektron savdo platformasi orqali xarid qilinganda, 5 foiz miqdorida yagona bojxona to‘lovi to‘lanadi.

Shuningdek, bond omboridan tovarlarni sotish maxsus elektron savdo platformasi orqali xarid qilingan 30 ta pozisiyadagi tovarlar, jumladan, kiyim-kechaklar, poyabzal, soatlar, xotira qurilmalari, quvvatlagich, fonar, quloqchin, monitor va proyektorlar, videoo‘yin apparatlari kabi tovarlar uchun esa qo‘shilgan qiymat solig‘i va 3 foiz miqdorida bojxona boji to‘lanadi.

Butunjahon intellektual mulk tashkilotining Global brend ma’lumotlar bazasida ro‘yxatdan o‘tgan xalqaro brend va O‘zbekiston Respublikasi hududida xalqaro brend tovarlari reyestriga kiritilgan chet el tovarlarini bond omboriga joylashtirish va maxsus elektron savdo platformalari orqali realizatsiya qilish taqiqlanadi.

Boshqa tovarlar uchun esa amaldagi xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali jismoniy shaxslar nomiga olib kelinadigan tovarlarga nisbatan bojssiz olib kirishning belgilangan oyiga 200 AQSh dollari normasi saqlanib qoladi.