Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oila va xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatda ayollar tadbirkorligini qoʻllab-quvvatlash va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishga qaratilgan “Hamroh” va Uzum strategik hamkorligi doirasida tashkil etildi.

Bosh vazir oʻrinbosari Zulayho Mahkamova tadbir ishtirokchilarini qutlar ekan, ayollarning biznesdagi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash naqadar muhimligini taʼkidladi:

— Bugungi kunda “Hamroh” kompaniyasi va “Uzum” market hamkorligida xotin-qizlarni, ayniqsa tadbirkor ayollarni qoʻllab-quvvatlash borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarga guvoh boʻlib turibmiz. Ushbu tashabbus doirasida moliyaviy mustaqillikka erishib, jamiyatda oʻz oʻrnini topayotgan ayollarning biznes loyihalarini ragʻbatlantirish maqsadida 50 million soʻmgacha grantlar ajratilmoqda.

Bu imkoniyatlar koʻplab ayollarga murakkab vaziyatlardan chiqish, iqtisodiy imkoniyatlardan samarali foydalanish, oila farovonligini taʼminlash va farzandlar kelajagiga munosib sarmoya kiritish imkonini bermoqda.

Shuningdek, u bu kabi islohotlar zamirida Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan oqilona siyosat, yaratilgan keng imkoniyatlar va moliyaviy mexanizmlar yotganini taʼkidladi.

Dastur doirasida mentorlik, axborot texnologiyalari va yashil energetika yoʻnalishlari boʻyicha 20 nafar gʻolib aniqlandi. Grant fondining umumiy hajmi 1 milliard soʻmni tashkil etdi.

Tadbirda davlat organlari, biznes va ekspertlar hamjamiyati vakillari ishtirok etdi. Jumladan, Zulayho Mahkamova, Iqtisodiyot va moliya vaziri oʻrinbosari Gulnora Rahimova, “Hamroh” bosh direktori Dilfuza Nurmatova hamda Uzum Bank boshqaruvi raisi Svetlana Xe tabrik soʻzlari bilan chiqish qildi.

Dastur doirasida ikki nafar gʻolibning TED formatidagi nutqlari ham boʻlib oʻtdi. Shuningdek, ishtirokchilar oʻz loyihalari va mahsulotlarini namoyish etgan koʻrgazma maydoni tashkil etildi.

Tadbirkor ayol Umida Karimova tanlovdagi ishtiroki ortida katta mehnat va sinovlar yotganini taʼkidladi:

— Men bu tanlovga shunchaki kelib qolmaganman. Bu yoʻl juda katta qiyinchiliklar bilan boshlandi. Yillar davomida uyqusiz tunlar, tinimsiz mehnat bilan shu darajaga yetib keldim. Faoliyatimni oddiy yertoʻladan, chiqindi va qoldiq matolardan boshlaganman.

Uning aytishicha, dastlab mahsulotlar hatto zarariga sotilgan boʻlsa-da, u hech qachon toʻxtamagan:

— Koʻp marta qoqildim, aldanib ham qoldim. Lekin taslim boʻlmadim. Aynan shu qatʼiyat meni bugungi natijalarga olib keldi.

U “Hamroh” dasturida ishtirok etib, ikki oylik taʼlim orqali oʻz sohasidagi kamchiliklarni bartaraf etgan va yangi bilimlarni egallagan. Buning natijasida u mahsulotlarini eksport qilishga muvaffaq boʻlib, Rossiyaga yetkazib berishni yoʻlga qoʻygan. Bugungi kunda u 35 nafar ayolni ish bilan taʼminlab kelmoqda.

— Bu grant men uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi. Yana kamida 8 nafar ayolni ish bilan taʼminlashni rejalashtiryapman, — deydi u.

Tadbir davomida yana bir gʻolib — tadbirkor Dilorom Muxiddinova bilan ham suhbatlashildi. U buxgalteriya sohasida 30-yillik tajribaga ega boʻlib, konsalting va tikuvchilik faoliyatini yoʻlga qoʻygan.

— “Hamroh” dasturiga oʻtgan yil iyul oyida qoʻshildim. Ikki oylik oʻquv jarayonida marketpleys tizimi, xususan Uzum platformasida ishlashni oʻrgandim. Shu jarayonda yangi gʻoya tugʻildi: marketpleysda ishlovchi sotuvchilar uchun buxgalteriya xizmatlarini yoʻlga qoʻyish.

Uning taʼkidlashicha, grant nafaqat moliyaviy yordam, balki yangi imkoniyatlar eshigini ham ochgan.

— Oʻqishdan keyin hayotimda katta oʻzgarishlar boʻldi, dunyoqarashim kengaydi, — deydi u.

“Hamroh” kompaniyasi bosh direktori oʻrinbosari Jamoliddin Roʻzimovning maʼlum qilishicha, shu kungacha 5 mingdan ortiq xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyati qoʻllab-quvvatlangan va 516 milliard soʻmdan ortiq loyihalar moliyalashtirilgan.