60 ta xizmat — 60 xil qulaylik...

    Suhbat 24 May 2021 1316

    Aholiga yana-da qulayliklar yaratish, ularning uzogʻini yaqin, ogʻirini yengil qilish, davlat xizmatlaridan toʻsiqsiz, shaffof va adolatli foydalanishlari uchun Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida 2021-yilda bir qator ishlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

    Bularga aniqlik kiritish maqsadida, Elektron hukumat loyihalarini boshqarish markazining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalini rivojlantirish boʻlimi bosh mutaxassisi Davron Ahmedov bilan boʻlgan suhbatimizda talabgorligi yuqori boʻlgan, Yagona portalda joriy qilinishi rejalashtirilgan yangi xizmatlarga toʻxtalamiz.

    – Davlat rahbarining 2020-yil 29-dekabrda Oliy Majlisga yoʻllagan murojaatnomasida 2021-yil oxiriga qadar elektron davlat xizmatlarini 60taga oshirib, ularning sonini 300taga, masofaviy xizmatlar ulushini esa kamida 60 foizga yetkazish zarurligi taʼkidlangan edi. Bu nafaqat topshiriq, balki qaysidir maʼnoda masʼuliyat hamdir, shunday emasmi?..

    – Toʻgʻri aytasiz, Respublikamiz Prezidenti elektron hukumat sohasiga juda katta eʼtibor qaratayaptilar. 2020-yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasining tasdiqlanishi ham soʻzimiz isbotidir. Mazkur qaror doirasida ham 2021-yilda talabgorligi yuqori boʻlgan davlat xizmatlari roʻyxatini shakllantirish, tasdiqlash hamda Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida joriy qilish belgilangan. Bularning barchasi Markazimiz zimmasiga katta masʼuliyat yuklaydi.

    Bugungi kunda Markaz tomonidan aholi va tadbirkorlik subyektlarining koʻp sonli talab va takliflarini inobatga olgan holda, mavjud davlat xizmatlarini tahlil qilish hisobiga “2021-yilda davlat xizmatlarini ustuvor ravishda elektron shaklga oʻtkazish boʻyicha chora-tadbirlar dasturi” ishlab chiqildi va Bosh vazir tomonidan tasdiqlandi. Ushbu dasturda joriy yilda Yagona portalda 60ta davlat xizmatlarini joriy etish belgilangan. Ushbu roʻyxatdan asosan aholi tomonidan koʻp marotaba murojaat qilinadigan, ijtimoiy himoyaga yoʻnaltirilgan, ayniqsa, tibbiyot tizimi bilan bogʻliq qator elektron xizmatlar oʻrin olgan.

    Joriy etiluvchi xizmatlarni quyidagi yoʻnalishlarga boʻlish mumkin: fuqarolik, soliq, tadbirkorlik, bank-moliya, ijtimoiy, telekommunikatsiya, kadastr, taʼlim va boshqa sohalar.

    – Ularning bari yangi boʻladimi?

    – Bir qator xizmatlarni yangidan joriy qilish rejalashtirilgan. Lekin 60ta xizmatning hammasi ham yangi emas. Ichida zamon talabidan kelib chiqib, aholiga yana-da qulayliklar yaratish maqsadida avvaldan mavjud boʻlgan, lekin soddalashtirishni, takomillashtirishni taqozo etadiganlari, zamonaviy til bilan aytganda, ayrim xizmatlar BPR (Business process reengineering) qilinadi, yaʼni optimallashtiriladi.

    – Hozirgi kunga kelib topshiriqda belgilangan 60ta elektron xizmatlardan qaysilari YAIDXPda ishga tushirilgan?

    – Ushbu dastur chiqqanidan beri shu kunga qadar Markaz xodimlari tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, quyidagilari ishga tushirilib, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan foydalanib kelinmoqda:

    • COVID-19ga vaksinatsiyalash (emlash) uchun roʻyxatga yozilish yoki boshqa maʼlumotlarni olish;
    • Fuqarolarni respublikadan chiqishda kommunal va boshqa xizmatlardan qarzdorligi (cheklov) mavjudligini tekshirish xizmati;
    • Yer osti suvlaridan maxsus foydalanish yoki ularni maxsus isteʼmol qilish uchun ruxsatnoma berish;
    • Gidrogeologik xulosa berish;
    • Yer osti quduqlarini burgʻulash uchun ruxsatnoma olish;
    • Tadbirkorlik subyektlari avtomototransport vositasi konstruksiyasini oʻzgartirish bilan bogʻliq faoliyatni boshlaganligi yoki tugatganligi haqida xabardor qilish;
    • Avtomobil yoʻllarini, yoʻl inshootlarini, temir yoʻl kesishmalarini, avtomobil yoʻllari va koʻchalar boʻyida joylashgan avtomobillarga benzin quyish, gaz toʻldirish va gaz quyish stansiyalarini qurish, rekonsturksiya qilish hamda taʼmirlash loyihalarini kelishish va hokazolar.

    – Zarurat boʻlgan holatlarda Yagona portalda chora-tadbirlar dasturida tasdiqlangan xizmatlardan tashqari boshqa elektron xizmatlar ham joriy etilishi mumkinmi?

    – Albatta. Yil davomida turli hukumat qarorlari, normativ huquqiy hujjatlar bilan tasdiqlangan elektron hukumat xizmatlarini ishga tushirish ham asosiy vazifalarimizdan biridir.

    Xuddi shunday vazifalar sifatida yaqinda ishga tushirilgan va yoshlar oʻrtasida juda talabgorligi yuqori boʻlgan “Xalqaro imtihon tizimlari boʻyicha yuqori ball olgan yoshlarga imtihon xarajatlarini toʻliq qoplab berish xizmati”ni ham keltirish mumkin. Ushbu xizmat joriy yil 1-maydan ishga tushirildi va hozirgi kunda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar oʻrtasida eng talabgor xizmatlar sifatida eʼtirof etilyapti. Hozirgi kunga qadar ushbu xizmatdan foydalanish boʻyicha 400 ta ariza kelib tushgan.

    Shuningdek, joriy yilda Moliya vazirligi bilan birgalikda byudjet hisobi hisobchisi sertifikatini olgan jismoniy shaxslarga buxgalteriya hisobi xizmati xodimlarini tayyorlash markazlari oʻqish xarajatlarining bir qismini qoplash maqsadida kompensatsiya toʻlab berilishi boʻyicha xizmatni Yagona portalda joriy qilish rejalashtirilgan.

    – Nazarimda, aholi va tadbirkorlarga yangi elektron xizmatlar roʻyxatidan yana nimalar oʻrin olgani qiziq...

    – Bu roʻyxatda yurtdoshlarimizni yillar davomida oʻylantirib kelgan “Fuqarolikka qabul qilish va fuqarolikdan chiqishga ariza topshirish xizmati”ning oʻrin olgani ayni muddao boʻlsa kerak. Avvallari turli idoralar eshigi yonida sargʻayib oʻtirish, juda koʻp maʼlumotnomalar toʻplash, keyin navbat kutish kabi dahmazalar odamlarning koʻnglini xira qilardi. Hozirgi kunda bu tartib ancha yengillashtirilgan. Ayniqsa, xizmatdan Yagona portal orqali uydan chiqmagan foydalanish, hatto tegishli toʻlovlarni ham amalga oshirishning imkoni borligi bu katta natijadir. Joriy yiilning uchinchi choragida ushbu xizmatni joriy etish koʻzda tutilgan.

    Bundan tashqari, yil davomida tadbirkorlarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, ortiqcha ovoragarchilik, byurokratiya, qogʻozbozlikning oldini olish maqsadida hamda license.gov.uz portalini YAIDXPga integratsiya qilish hisobiga yangi xizmatlarni ishga tushirish rejalashtirilgan. Bular asosan litsenziya berish va xabardor qilish turidagi xizmatlar hisoblanadi. Xususan, joriy yilning 15-may sanasiga qadar quyidagi davlat xizmatlari ishga tushirildi:

    • Alkogol mahsulotlari bilan chakana savdo qilish faoliyati uchun xabarnoma yuborish; Umumiy ovqatlanish korxonalari tomonidan alkogolli mahsulotlarni sotish faoliyati uchun xabarnoma yuborish;
    • Koʻchma savdoni boshlash toʻgʻrisida xabarnoma yuborish;
    • Qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlar bilan ishlash faoliyati uchun xabarnoma yuborish va boshqalar;
    • Oʻz-oʻzini band qilgan shaxslarni roʻyxatdan oʻtkazish va hokazolar.

    – Endi bizga uzogʻimizni yaqin qilayotgan, qulay va oson xizmatlarni taqdim etayotgan, vaqtimizni va naqdimizni tejayotgan Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali haqida ham qisqacha maʼlumot bersangiz.

    – Yagona portal 2012-yil 30-dekabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 378-son qarori asosida tashkil etilib, 2013-yildan “bir darcha” tamoyili asosida ishga tushirilgan. Faoliyatini Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-sentyabrdagi 728-son qarorida belgilangan nizomga asosan amalga oshiradi.

    Hozirgi kunda yagona portalda yuridik va jismoniy shaxslarga jami 254ta elektron davlat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda. Jismoniy va yuridik shaxslardan davlat xizmatlaridan foydalanish boʻyicha jami 9.3 mln. ariza kelib tushgan. Jumladan, maʼlumotnomalar olish, arizalar toʻldirish, xabarnoma yuborish, ruxsatnomalar, turli xil guvohnomalar, ish haqi, kreditlar toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar, nikohdan oʻtishga arizalar yuborish, xullas, bogʻchaga bolalarni navbatga qoʻyishdan tortib, tarbirkorlikka litsenziyalar olishgacha boʻlgan xizmatlarni oʻz ichiga qamrab olgan.

    Shuning uchun ham portal foydalanuvchilari soni kundan-kunga oshib bormoqda. Masalan, birgina 2018-yilda ular soni 38 mingdan ziyodni tashkil etgan boʻlsa, 2021-yil 1-yanvar holatiga koʻra, ushbu koʻrsatkich yarim millionga yetdi.

    Bundan tashqari, aholining keng qatlami va yoshlar oʻrtasida YAIDXPni ommalashtirish uchun uning mobil ilovasini ham ishga tushirganmiz. Bugungi kunda mobil ilovada 35ta elektron davlat xizmatlari mavjud.

    Lekin biz bu koʻrsatkich bilan chegaralanib qolmaymiz. Mobil ilovadagi xizmatlar sonini oshirish, qulayliklar yaratish, interfeysi hamda adaptatsiyasini yaxshilash boʻyicha texnik, tashkiliy va huquqiy ishlarni doimiy ravishda amalga oshirib, yil oxiriga qadar yana qoʻshimcha 30ga yaqin elektron xizmatlarni joriy qilishni rejalashtirganmiz.

    – Yaqin muddatlarda shoshilinch ishga tushishi kerak boʻlgan xizmatlar ham bormi? Masalan, tegishli vaqtda joriy etilsa, koʻplab yurtdoshlarimizga asqotadigan...

    – Hozirgi kunda shunday asosiy rejalarimizdan biri bu – 2021-2022-yilgi oʻquv yili uchun oliy taʼlim muassasalariga abituriyentlar tomonidan hujjat topshirish jarayoni. Aynan shu oldimizda turgan dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Bilamizki, avgust oyida barcha oliy taʼlim muassasalariga davlat imtihonlari boʻlib oʻtadi. Ungacha hujjat topshirish bosqichi bor. Karantindan oldin juda koʻp abituriyentlarning poytaxtga yoki boshqa yirik shaharlardagi oliy taʼlim muassasalariga bir qator hujjatlarni koʻtarib borishi, uzundan uzoq navbatlarda turishlarini kuzatardik. Oʻtgan yilgi tajribadan kelib chiqib, bu yil ham ushbu amaliyotni elektron ravishda Yagona portalda joriy qilish koʻzda tutilgan.

    – Aholimiz bank bilan bogʻliq jarayonlarda haligacha hujjatbozliklar koʻpligidan shikoyat qilishadi. Jumladan, kredit olish uchun murojaat etilganida ish haqi, yana kredit tarixi haqida maʼlumotnomalar. Yagona portalda shu kabi xizmatlarning joriy etilishi ham koʻzda tutilganmi?

    – Albatta, Yagona portalda siz taʼkidlagan ish haqi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalarni olish xizmatlari ishga tushirilgan. Shu choqqacha ish haqi toʻgʻrisida maʼlumotnoma olish uchun turli sabablar bilan xonasida boʻlmaydigan “buxgalter”larni izlab yurardik. Endi bu maʼlumotnomani har kim oʻzi shakllantirishi mumkin. Unda oylik ish haqi, undirilgan daromad soligʻi va boshqa maʼlumotlar ham qayd etilgan boʻladi. Mazkur maʼlumotnomaga QR-kod qoʻyilganligi bois uning elektron yoki qogʻoz shaklidagisini istalgan bank sohasidagi xizmatlardan foydalanishda taqdim etish mumkin. Shu bilan birga bemalol oylik maoshingizni kuzatib turishingiz, u haqda maʼlumotlarga ega boʻlishingiz mumkin.

    Kredit tarixi boʻyicha maʼlumot olish boʻyicha ishlar ham yakuniga yetib qoldi. Tez orada ushbu xizmatdan Yagona portal orqali foydalanish imkoniyati yaratiladi.

    Shu oʻrinda aholiga yana bir yengillik beruvchi xizmat haqida gapirmoqchiman, bu avtotransport vositasini davlat roʻyxatidan oʻtkazish. Bilasizmi-yoʻqmi, ammo bu juda ovoragarchiligi katta, asabbuzarligi koʻp jarayonlardan biri edi. Endi shu xizmatni elektron koʻrinishda joriy etmoqchimiz. Yaʼni avtotransport vositalarini onlayn roʻyxatdan oʻtkazish hamda davlat raqami va texnik pasportini oʻzgartirish uchun ariza yuborish, avtotransport vositalari oynalari tusini oʻzgartirishga ruxsatnoma kabi xizmatlar masofadan – YAIDXP orqali amalga oshiriladi. Ochigʻi, buni haydovchilarimiz uchun eng zoʻr yangilik deb bilaman.

    Soʻzim yakunida bir narsani aniq aytib oʻtishim joizki, Yagona portal aholi va tadbirkorlik subyektlariga qulaylik va imkoniyatlar majmuidir. Yagona portal jamoasi bu borada doimiy izlanishda.

    Shohida Isroilova suhbatlashdi.