“Oʻzbekneftgaz” AJda xizmat qilayotgan geologlarning soʻnggi yillarda Davlat geologiya qoʻmitasi va yurtimizdagi boshqa turdosh tashkilotlar, shuningdek xorijiy kompaniyalar bilan birgalikda amalga oshirayotgan saʼy-harakatlari natijasida neft va gaz geologiya-qidiruv ishlari doirasida bir qator samarali tadbirlar amalga oshirildi.

Jumladan, “Shoʻrtan” va “Uchqir” konlariga tegishli maydonlarda 2600 km2 3D seysmik-qidiruv ishlari bajarildi, 30 ga yaqin yangi maydonlar burgʻilashga kiritildi, 80 dan ortiq quduqlar qurilish bilan tugatilib jami 246 ming metr burgʻilash ishlari bajarildi.

Yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirishga “Oʻzbekneftgaz” AJ hisobidan 1,73 trillion soʻm yoʻnaltirildi.

“Oʻzbekneftgaz” AJ boʻyicha 8 ta yangi neft va gaz konlari ochildi hamda 57,1 milliard m3 tabiiy gaz va 2,7 million tonna neft va gazkondensat zaxiralari koʻpaytirilib, Respublika uglevodorod xom ashyo bazasini 70,1 million tonna shartli yoqilgʻiga oʻstirishga erishildi. Bu haqida “Oʻzbekneftgaz” AJ matbuot xizmati xabar bermoqda.