Egasiz va qarovsiz, oʻz holiga tashlab qoʻyilgan, koʻz oʻngimizdagi salbiy manzaradagi chiqindixonalar endi tartibga kiryapti.
Prezidentning 2023-yil 31-maydagi 171-son Qaroriga asosan “Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi” davlat muassasasi tashkil etilib, chiqindi poligonlari boshqaruvini tizimlashtirish, modernizatsiya qilish hamda optimallashtirish vazifasi yuklatilgan edi.
Hozir chiqindixonalarda atmosferaga chiqarilayotgan tashlanmalarni monitoring qilish, yongʻin xavfsizligini taʼminlash boʻyicha suv havzasi, sanitar burchaklar, qorovulxona, hojatxona hamda suv quduqlari, dizbarer qurilmasi barpo etilib, uzluksiz elektr va ichimlik suvi taʼminotiga eʼtibor qaratilyapti.
Jumladan, Ekologiya vazirligi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi huzuridagi Chiqindi poligonlarini boshqarish direksiyasi tomonidan poligonlardagi 300 ga yaqin maxsus texnikalarga zamonaviy GPS nazorat tizimi oʻrnatilgan. Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan qoʻshimcha 78 ta maxsus texnika xarid qilinib, hududlarga tarqatilgan.
Hozirda jami 184 ta maishiy chiqindi poligonidan 39 tasi tartibga keltirilib, oʻrtacha 70-80 sm tuproq qatlami bilan yopildi, aholi salomatligi, atrof-muhit va ekologiyaga salbiy taʼsiriga chek qoʻyilib, yerlar tabiatga qaytarildi.
Joriy yilning birinchi choragida Toshkent, Namangan, Andijon, Buxoro, Sirdaryo, Samarqand, Fargʻona va Qashqadaryo viloyatlarining jami 14 ta tumanda joylashgan qattiq maishiy chiqindi poligonlarida surish, zichlash, tekislash ishlari amalga oshirildi. Qolaversa, manzilli dastur asosida 37 ta chiqindi poligoni avto tarozi va kuzatuv kameralari bilan jihozlanmoqda.
Shuningdek, 2025-yil davomida 18 ta chiqindi poligonini rekultivatsiya qilib, tuproq qatlami bilan yopish maqsad qilingan.
“Yashil makon” umummilliy dasturi doirasida respublika boʻyicha 2024-yilda 123 ta chiqindi poligoni atrofida 461,0 ming tup hamda 2025-yil bahor mavsumida 130 ta chiqindi poligoni atrofida 367,7 ming tup terak, tut, qayragʻoch, saksovul, tol va boshqa turdagi daraxt koʻchatlari ekilib, “yashil belbogʻ”lar tashkil etildi.
Kelgusida 970 gektar yer maydonini rekultivatsiya qilib, tabiatga qaytarish, yiliga 58,5 mln tonna gaz sizib chiqishi hamda yongʻin xavfini oldini olish, sizot suvlarining atmosfera havosiga salbiy taʼsirini oʻrtacha 78 foizga kamaytirish, 116 ta shahar va tumanlarda sohadagi holatni toʻliq yaxshilashga erishish rejalashtirilgan.