9 – May haqidagi ba'zi haqiqat va uydirmalar

    Harbiy 9 May 2020 3751

    Ikkinchi jahon urushi 1941 yili boshlanganmi?

    1939 yilning 1 sentyabrida Germaniya Pol`shaga bostirib kirdi va Ikkinchi jahon urushini boshlab berdi. 3 sentyabrda Angliya va Frantsiya Germaniyaga qarshi urush e'lon qildi. SSSR 1939 yilning 17 sentyabrida Pol`sha hududiga qo'shin kiritdi. Ko'p o'tmay Brestda nemis qo'mondoni T. Guderian va sovet generali S.M. Krvosheiy qo'mondonligida Pol`shaning bo'lib olinishi munosabati bilan qo'shma sovet-german paradi o'tkazildi.

    RKKA (Raboche-krest`yanskaya Krasnaya armiya) va Germaniyaning Vermaxti birgalikda Pol`shani bo'lib olishdi. Hozirgi Belarus` hududidagi Brest shahrini Gitler 1939 yili Stalinga polyaklardan kuch bilan tortib olib bergandi va 1945 yildan so'ng ham SHarqiy Evropaning xaritasi o'zgarmay qoldi.1939 yil noyabridan 1940 yil martigacha SSSR va Finlyandiya o'rtasida urush bo'lib o'tdi. Bu urush natijasida SSSR Finlyandiyaning bir qator hududlarini tortib olib, shimoli-g'arbiy chegaralarini mustahkamlab oldi, bugungi Sankt-Peterburg shahri yaqinidagi Viborg shahri, Finlyandiyaga yondosh joylashgan Kareliya respublikasi aynan shu urush davomida egallangan.

    1940 yil yoz oyida, SSSR davlati, rasmiy talab bilan bilan Ruminiyani Bessarabiya va SHimoliy Bukovinani berishni so'ragan, buning natijasida Moldaviya SSR ittifoq respublikasi paydo bo'ldi (asli moldovan degan millat yo'q, bular ruminlardir). 1940 yilning iyunida esa estoniya, Latviya, Litva sovet qo'shinlari tomonidan bosib olindi.

    SHunday qilib Iosif Stalin, Adol`f Gitler bilan do'stlik va sherikchilik haqidagi shartnomasi asosida Evropaning bir qismini egallab, Ikkinchi jahon urushiga fashist Germaniyasining ittifoqchisi sifatida kirdi. Faqat 1941 yili Gitler ochko'zligi oqibatida bu ittifoqni buzib, SSSRga qarshi yurish boshlaydi.

    O'zbeklar bu urushga faqat 1941 yilga kelib kirganmi?

    Bu yolg'​on ma'lumot. YUqorida keltirilgan sovet-german ittifoqi natijasida boshlangan bosqinchilik urushlarda Qizil Armiya tarkibida o'zbek millatiga mansub sovet askarlari Pol`shani, Finlandiyani, Ruminiyaning bir qismini va Boltiq bo'yi hududlarini bosib olishda qatnashgan.

    Sovetlar, Buyuk sarkarda, Amir Temur qabrini ochgani uchun urush boshlanib ketganmi?

    Amir Temurning qabri haqida va uning urush arafasida ochilgani atrofida juda ko'p afsonalar yuradi. Go'yoki, «urush ilohi» Amir Temurning qabrini ochishgani Gitlerning sovetlarga qarshi boshlagan hujumiga sabab bo'lgan emish. Bu, CHingizxondan, Atilladan va Temurdan afsona yasash bilan bog'liq uydirma bo'lsa kerak...

    CHunki, Gitler SSSRga qarshi «Barbarossa» rejasini 1940 yiliyoq ishlab chiqq​an edi. Amir Temurning qabri esa Germaniya uchun sovetlarga qarshi hujum aniq maqsadga aylanganidan so'​ng ochilgan.

    Sovet rejimi o'zbeklarning jasoratini hech qachon unutmaganmidi?

    Ikkinchi jahon urushi janggohlarida 300 ming nafardan ortiq vatandoshimiz halok bo'ldi, urush yillarida O'zbekiston SSR ga bir million nafarga yaqin kishi RSFSR, Ukraina, Belarus` va Moldaviya SSRdan evakuatsiya qilindi. Ulardan ikki yuz mingga yaqini yosh bolalar bo'lgan. Ularga 135 000 kv. metrdan ziyod yashash maydoni ajratilib, ish bilan ta'minlandi. O'zbekiston hududiga 113ta harbiy gospital` joylashtirilgan bo'lib, ularga 750dan ortiq mahalliy korxona, muassasa, kolxoz va sovxozlar homiylik qildi. Urush arafasida, ya'ni 1938 yili o'zbek ziyolilarining 60 foizi qatag'on qilingandi.
    Sobir Rahimov o'zbeklardan chiqqan birinchi generalmi?

    Bu tarixiy haqiqatga zidroq. Birinchi bo'lib general unvonini olgan o'zbek Jo'rabek bo'lgan. SHahrisabz begi bo'lgan Jo'rabek Rossiya imperiyasi armiyasining general-mayori bo'lgan. Birinchi o'zbek generali esa Fayzulla Xo'jaev, u mustaqil Buxoro Respublikasi generali edi, shuningdek, Mirkomil Mirsharapov general unvoni berilgan - u sovet respublikasining ilk generali edi. Ikkisi ham sovet qatag'onlari qurbonlariga aylangan.

    SSSR davrida 1945 yildan so'ng G'alaba bayrami doim 9 may kuni nishonlanganmi?

    Stalin davrida atigi bir marta, 1945 yili bu kun parad bilan nishonlangan. Iosif Stalin va Nikita Xrushchev davrlarida 1946 yildan boshlab to 1965 yilgacha 9 may ish kuni edi, atigi salyut berilar edi xolos. 1965 yili Leonid Brejnev bu sanani dam olish kuni deb e'lon qilgan. lekin asosiy sana bo'lmadi bu kun. 1991 yilgacha asosiy sanalar SSSR miqyosida ikkita edi, 7 noyabr` - Lenin uyushtirgan oktyabr` to'ntarishining g'alabasi kuni (Oktyabr` inqilobi) va 1 may - “Mehnatkashlar kuni”. Faqat 7 noyabr` kuni har yili harbiy paradlar o'tkazilgan. 9 May kuni esa, faqat 1992 yildan so'ng, SSSR qulashidan so'ng asosiy bayramga aylangan. Rossiyaning birinchi prezidenti Boris El`tsinning farmoniga binoan, 9 may kuni, 7 noyabr` o'rnini egallab, Rossiyaning asosiy bayram kuniga aylanadi.

    Umuman olganda, bu sana SSSR va bugungi Rossiya tarixida eng ko'p mish-mishlarga va uydirma , ertaklarga boy sana hisobladi..