9 aprel — Sohibqiron Amir Temur tavallud topgan kun!

    Bilasizmi? 9 Aprel 2023 15376

    Amir Temur o'rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblanadi.

    Amir Temur, Temur, Temurbek (to'liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag'ay ibn Amir Barqul) (1336-yil, 9-aprel Shahrisabz, Kesh shahri yaqinidagi Xo'ja Ilg'or qishlog'i(hozirgi Yakkabog' tumani)da tug'ilgan va 1405-yil, 18-fevral Xitoyga yurishi chog'ida O'tror shahrida vafot etgan. Amir Temur o'rta asrning yirik davlat arbobi, buyuk sarkarda, kuchli, markazlashgan davlat asoschisi, ilm-fan va madaniyat homiysi hisoblanadi.

    Amir Temurning onasi Takina xotun buxorolik. Otasi amir Tarag'ay esa barlos urug'ining oqsoqollaridan hamda CHig'atoy ulusining e'tiborli beklaridan hisoblangan.

    Sohibqiron Amir Temur vafoti arafasida avlodlarining soni qancha edi?

    Marhum Sohibqiron Amir Temurning o'g'il avlodlaridan u vafot etgan paytda o'ttiz olti nafari hayot bo'lib, shundan katta o'g'il amirzoda Jahongir (1356-1376) naslidan o'n bir o'g'il mavjud edi.

    Ular quyidagilardir:

    Marhum Muhammad Sulton ibn Jahongir(Jahongirning to'ng'ich o'g'li; 1375-1403)dan uch o'g'il qolgan edi. Muhammad Jahongir to'qqiz yoshli, Yahyo besh yoshli, Sa'd Vaqqos (bu nevarani Marsel Brion “Menkin, Sohibqiron Amir Temur” asarida Temurning beshinchi o'g'li deb, chalkashlikka yo'l qo'ygan. – A.Z.) olti yashar bo'lgan. Jahongirning ikkinchi o'g'li amirzoda Pir Muhammad ibn Jahongir (1376-1407) etti bola bilan, yigirma to'qqiz yosh bo'lib, Kobul va G'azna saltanati unga suyurg'ol qilib berilgan edi. Uning o'g'illari – Qaydu to'qqiz yoshda, Xolid etti yoshda, Buzanjir, Sa'd Vaqqos, Sanjar, Jahongir, Buzruklardir.

    Temurning ikkinchi o'g'li Umarshayx Bahodir (1356-1394) naslidan to'qqiz o'g'il va nevaralar hayot edilar. Pir Muhammad ibn Umarshayx bir o'g'il bilan yigirma olti yoshda, Umarshayx ibn Pir Muhammad etti yoshda, Rustam ibn Umarshayx yigirma to'rt yoshda (ikki o'g'il bilan – Usmon olti yoshda), Sultonali bir yoshda, Iskandar ibn Umarshayx yigirma bir yoshda, Ahmad ibn Umarshayx o'n sakkiz yoshda, Saydi Ahmad ibn Umarshayx o'n besh yoshda, Boyqaro ibn Umarshayx o'n ikki yoshda edilar.

    Temurning uchinchi o'g'li, o'ttiz sakkiz yoshli shahzoda Mironshoh mirzo(1366-1408)ning etti o'g'il va nabiralari bor edi. Katta o'g'il Abu Bakr yigirma uch yoshida bo'lib, uning ikki o'g'li – Ilangir to'qqiz yoshda, Usmon CHalabiy to'rt yoshda edi. Ikkinchi o'g'li Umar ibn Mironshoh yigirma ikki yoshda, uchinchisi va Temurdan keyin Movarounnahr taxtisha da'vo qilgan Xalil Sulton (Temurning sevimli nevarasi va vorisi bo'lgan Pir Muhammad mirzo bilan amakivachcha, shu bilan birga, bir onaning fanzandlari edi; bu haqda boshqa bir maqolada to'xtalamiz. – A.Z.) yigirma ikki yoshda, Ijal o'n yoshda, Suyurg'atmish olti yoshda edi.

    Temurning kenja o'g'li SHohrux Mirzo (1377-1447) yigirma yoshdan oshgan bo'lib, unga Xuroson mulk qilib berilgan edi. Uning etti o'g'li bo'lib, Mirzo Ulug'bek va Ibrohim Sulton (1394 yil tug'ilgan) har ikkalasi o'n bir yoshda. Ammo Ulug'bek Ibrohim Sultondan besh oylik kattaroq edi. Boysunqur sakkiz yoshda, Suyurg'atmish olti yoshda, Muhammad Jo'kiy uch yoshda, Jon o'g'lon ikki yoshda, Yardi bir yoshda edilar.

    Sohibqiron Temurning vafoti arafasida qizlari va nevara-qizlaridan o'n etti nafari mavjud edi. Uning katta qizi Sulton Baxt Begim bo'lib, u taniqli va sadoqatli amirlardan biri Amir Sulaymonshoh nikohida yashar edi. Temurning ikkinchi o'g'li Umarshayx Bahodirdan uch nafar dilbar qiz qolgan edi. To'ng'ich nevara Muhammad Sulton ibn Jahongirdan uch qiz, Mironshoh Mirzodan to'rtta qiz hayot edi. SHohrux Mirzoda bitta, Pir Muhammad ibn Jahongir Mirzo, Abu Bakr Mirzo va Xalil Sulton Mirzoning har birida bittadan qiz farzand bor edi. Temurning ikkinchi qizi Oqa Begim taniqli amirlardan Muhammadbek ibn Amir Muso nikohida edi. Oqa Begimdan amirzoda Sulton Husayn (Bu Husayn Boyqaro emas) dunyoga kelgan edi.