Sohibqiron yodi, ibrati hamisha qalbimizda

    9-aprel kuni Amir Temur xiyoboni, Temuriylar tarixi davlat muzeyida buyuk Sohibqiron tavalludining 688-yilligiga bagʻishlangan tantanali tadbirlar boʻlib oʻtdi.

    Dastlab Amir Temur haykali poyida taniqli davlat va jamoat arboblari, ilm-fan, madaniyat va sanʼat namoyandalari, ijodkorlar, mahallalar faollari, talaba va oʻquvchilar, mehnat jamoalari vakillaridan iborat keng jamoatchilik toʻplandi.

    Haykal atrofida barchani harbiy xizmatchi va kursantlar, Temurbeklar maktabi oʻquvchilari kutib oldi. Harbiy orkestr esa milliy va jangovar kuylar ijro etdi. Mudofaa vazirligining Faxriy qorovul shaxsiy tarkibi belgilangan yoʻlak boʻylab saf tortdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi, Vazirlar Mahkamasi, Toshkent shahar hokimligi, vazirliklar, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi va qator tashkilotlar jamoalari oʻz gulchambarlarini Amir Temur haykali poyiga qoʻydi. Buyuk Sohibqironga ehtirom koʻrsatdi.

    Tadbir Temuriylar tarixi davlat muzeyida davom etdi. Davrani Xalqaro Amir Temur xayriya jamoat fondi raisi, Oʻzbekiston xalq yozuvchisi, professor Muhammad Ali kirish soʻzi bilan ochdi.

    — Amir Temur mamlakatda qonun ustuvorligini taʼminlashga diqqatni qaratdi, — dedi oʻz soʻzida Muhammad Ali. — Uning zamonida hamma: vazir ham, amir ham, oddiy fuqaro ham va hatto baland martabali amirlar va shahzodalar ham qonun oldida teng boʻlgan. Hech kim xizmatiga yarasha taqdirlanmay yoki qilmishiga yarasha jazoga tortilmay qolmagan.

    Shundan soʻng, “Amir Temur jangovar bayrogʻi” sohibi hisoblangan Markaziy harbiy okrug qoʻmondoni, polkovnik Farrux Ziyabayev, Turkiya Respublikasining Oʻzbekistondagi Favqulodda va Muxtor elchisi, muhtaram Olgan Bekar, Osiyo chempioni Isroil Madrimov soʻzga chiqdi.

    Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston xalq artisti Yodgor Saʼdiyev “Adolat fasli” spektaklidan sohibqiron Amir Temur monologini, Oʻzbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi oʻrinbosari Gʻayrat Majid va Temurbeklar maktabi oʻquvchilari shoirning Amir Temurga bagʻishlangan sheʼrini ijro etdi. Markaziy ashula va raqs ansambli xonandalarining qoʻshiqlari yangradi.

    Yigʻilganlar Temuriylar tarixi davlat muzeyi, Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi tomonidan tashkil etilgan “Temuriylar davri miniatyura sanʼati durdonalari” nomli koʻrgazma hamda boshqa eksponatlarni tomosha qildi.

    “Temuriylar Renessansi: tarix, tadqiqotlar va muammolar” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjuman oʻz ishini boshladi. Mazkur anjumanda soʻzga chiqqanlar Sohibqiron yodi, ibrati hamisha qalblarda ekani, Amir Temur bobomizning saboqlari bizni doimo sergaklikka va uygʻoqlikka chorlab turishini taʼkidlashdi.

    Sohibqiron tavalludiga bagʻishlangan kechalar yurtimiz boʻylab davom etmoqda.

    Zuhra MELIBOYEVA,

    talaba