Sohibqiron Amir Temurning markazlashgan, qudratli va qonun ustuvor boʻlgan adolatli davlatni jahon sahnasiga olib chiqishi Ikkinchi Renessans davri boshlanishiga toʻgʻri keldi. Ushbu tarixiy davrni oʻrganish davomida Amir Temur iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy sohalar bilan bir qatorda harbiy sohaga alohida eʼtibor qaratganini koʻrish mumkin. Uning harbiy vazir lavozimini joriy etishi fikrimizni dalillaydi.
Vazir harbiylarning maoshi, alohida xizmatlari uchun ularga tuhfa qilingan yer boshqaruvi, harbiy kadrlarni tayyorlash, qurol-aslaha taʼminoti, harbiy koʻriklarni tashkillashtirish, harbiy razvedka maʼlumotlarini oʻrganish va jamlash, janglarda yarador boʻlgan va xizmatga yaroqsizlarga nafaqa tayinlash, isteʼfoga chiqqan harbiylar toʻgʻrisida qaygʻurish kabi masalalar bilan shugʻullangan.
Shuningdek, yana muhim lavozimlardan biri tavochidir. Oliy farmonga koʻra, u joylarga borib shijoatli, mard, jasur, yuksak qobiliyatga ega, vataniga sadoqatli, razvedka maʼlumotlarini yigʻish va qayta ishlashga qobiliyatli yoshlardan lashkar toʻplash bilan shugʻullangan. Bu vazifa gʻoyatda muhim ahamiyat kasb etgani uchun Sharafiddin Ali Yazdiy mubolagʻa bilan uni “oliy hukmdordan keyingi yuqori darajadagi davlat mansabi”, deb baholaydi.
Sohibqiron hayoti va faoliyatidagi sirli voqealar maxfiy xizmat – razvedka bilan bogʻliqlikni koʻrsatadi. Harbiy razvedka tuzilishi, strategiyasi va taktikasi haqida aniq maʼlumotlar boʻlmasa-da, Temurning zamondoshi boʻlgan arab tarixchisi Ibn Arabshoh tomonidan tarix manbalarida qisqa boʻlsa ham maʼlumotlar yoritilgan. Amir Temurni yoqtirmagan Ibn Arabshoh oʻzi bilmagan va istamagan tarzda hali hech kim bitmagan va qoʻl urmagan mavzuni yoritib, kelgusi avlod uchun qimmatli maʼlumotlarni qoldirdi. Xususan, josuslar (razvedkachilar) yon-atrofda boʻlayotgan hodisalar haqidagi xabarlarni, har bir joyning boshliqlari, amirlari, ulugʻlari, fozillari, boylari va faqirlari, ularning ism va laqablari, shuhrati va nasabini hamda kasb-hunarlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz vaqtida Temurga yetkazib turgan. Shu bilan birga, razvedkachilar orasida turli yoshdagilar boʻlib, har biriga oʻz darajasida muhim vazifa va topshiriqlar yuklatilgan. Ibn Arabshoh Amir Temur razvedkachilarining oʻta ziyrak va sezgirligiga qoyil qolib, ular kamdan-kam xato qilishini aytib oʻtadi. Belgilangan muhim topshiriq va vazifalarni bajarish jarayonida bir vaqtning oʻzida bir razvedkachi qatorida boshqasi ham ish olib borgan. Natijada topshiriqlarni bajarish jarayonida uzviylik taʼminlangan. Shu orqali Temur ishonchli, aniq va tezkor maʼlumotlarga oʻz vaqtida ega boʻlgan. Razvedka maʼlumotlaridan oqilona, taktik va strategik jihatdan foydalangan sarkarda va davlat arbobi teran nigohi, yuksak mantiqiy fikrlashi, tahlikali vaziyatlardan ogoh boʻlishi va ularni anglashi, oʻz vaqtida tezkor qaror qabul qilishi bilan boshqa sarkardalarni doimo hayratga solib kelgan.
Amir Temurning harbiy razvedka xizmati vakillari chakanafurush, yirik savdogar, polvon, dorboz, hunarmand, munajjim, qalandar, darvesh, dengizchi, sayyoh, meshkob, etikdoʻz, tolib niqobi ostida turli mamlakatlarda boʻlgan, u yerlardagi shaharlar, qishloqlar, yoʻllar, togʻu daralar, suvlar va har bir joyning aholisi, boshliqlari, ulugʻlari, amirlari, fozillari, shariflari, boyu kambagʻallari toʻgʻrisida oʻrganilgan batafsil maʼlumotlarni yigʻib, hatto chizilgan suratlari bilan Samarqandga yuborib turishgan. Temur bu bilan cheklanmay, harbiy-siyosiy munosabatlarga kirishayotgan mamlakatlar tarixi, urf-odatlariga oid asoslarni ham sinchkovlik bilan oʻrgangan.
Boshqa tarixchilardan farliq oʻlaroq, Ibn Arabshoh oʻz iqrori bilan Amir Temurning harbiy razvedkasi borasida yana bir qiziqarli fikr bildirgan. Xususan, u Temur askarlari orasida butparastlar, majusiylar (olovga sigʻinuvchilar), kohinlaru sehrgarlar, zolimlaru munkirlar (gunoh qiluvchi) boʻlganini, ulardan harbiy razvedka faoliyatida ham keng foydalangani, hatto Sohibqiron harbiy razvedka mutaxassislarini tayyorlash boʻyicha 3-6 oylik maxsus kurs (maktab)lar tashkil etilganini aytadi.
Razvedka bilan shugʻullanishda savdogarlar alohida ahamiyat kasb etgan. Ularning savdo aloqalari orqali qoʻshni mamlakatlardagi siyosiy vaziyat toʻgʻrisida aniq va oʻta muhim, qimmatli maʼlumotlardan xabar berib turishi katta gʻalaba va zafarlarni qoʻlga kiritishga zamin yaratgan.
Temur maxfiy maʼlumotlar olib kelgan kishilarga “Mayli, har kimsa xatoning eng quyisigacha yiqilsa ham yoki savobning choʻqqisiga koʻtarilsa ham farqi yoʻq, hech biri tortinmasdan gapiraversin. Chunki agar xato qilsa, bu nuqson emas, agar maqsadi muvofiq boʻlsa, unga ikki hissa mukofot”, deb ularni taqdirlab kelgan. Shu sababli, odamlarning Amir Temurga ishonchi kundan kunga oshib boravergan.
Sohibqiron tomonidan razvedka maʼlumotlarini zudlik bilan yetkazish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berilgani tarixiy manbalarda keltiriladi. “Amir qildimki, – deb yozadi Amir Temur, – mingta tezyurar tuya mingan, mingta ot mingan yelib-yuguruvchi kishini chopqunchi, ming nafar tezyurar piyodani (chopar) tayinlansinki, turli mamlakatlar, sarhadlarning xabarlarini, qoʻshni hukmdorlarning maqsad va niyatlarini bilib, huzurimga kelib xabar qilsinlar, toki biror voqea, kor-hol yuz bermasdan burun chora va ilojini qilaylik”.
Tarixdan maʼlumki, Amir Temurning kelini Sevinchbeka eri Mironshohning Sultoniyada qilayotgan beboshligi haqida shaxsan oʻzi qaynotasiga xabar yetkazgan va saltanat boshiga kelayotgan xavf bartaraf qilingan.
Temur mashvarat oʻtkazayotgan vaqtlarida sinalgan xabargir (xabarchi), darakchi, aygʻoqchi, josus, xufiya deb atalgan odamlarining axborotlarini diqqat bilan eshitar, zarurat tugʻilganda razvedka bilan shugʻullanuvchi mulozimlarga kiyim ichidan sovut kiyishni buyurardi. Bundan harbiy razvedka olib borish oʻz jonini fido qilish bilan barobar ekaniga ishorani koʻrish mumkin. Temur tomonidan hamma fikrlar oʻrganilib, bir toʻxtamga kelingan.
“Temur tuzuklari”da Sohibqiron bunday yozadi: “Qarshi qalʼasida beklarning xotirini jam qilish uchun bu yerdan koʻchib, Xuroson tomonga qarab yoʻlga tushdim. Amudaryodan kechib oʻtganimda Xuroson tomondan Qarshiga kelayotgan karvonga duch keldim. Karvonboshi menga sovgʻalar taqdim etdi. Men undan Xuroson amirlarining hol-ahvolini soʻradim. Xuroson viloyatiga ketayotganimni izhor etdim, ketishlariga ruxsat berdim. Faqat karvonga aygʻoqchi qoʻshib yubordim va u xabar keltirguncha daryo sohiliga joylashib kutdim. Aygʻoqchi olib kelgan xabarga koʻra, amir Musoga shunday dedilar: Temurni Amudaryoning narigi yoqasida koʻrdik. Xuroson tarafiga ketayotgan ekan. Bu xabar amir Muso va amir Husaynning lashkariga yetgach, hammasi xursand boʻlib, oʻyin-kulgu, aysh-ishratga berilib ketgan”. Shu oʻrinda Temurning razvedkachilardan raqibni chalgʻitishda ham foydalanganini anglash mumkin.
“Temur tuzuklari”da oltinchi toifa odamlar haqida gapirilib, “Ishonchli, toʻgʻri eʼtiqodli oqilxiradmand kishilarkim, davlat sirlarini ularga ochib, saltanat ishlari boʻyicha ulardin maslahat olishimga loyiq edilar. Bu toifa kishilar bilan sirdoshlik qilib, oʻz maxfiy ishlarim va pinhoniy sir-asrorlarimni oʻshalarga topshirdim”, deyiladi. Bundan koʻrinib turibdiki, Amir Temur oʻz davlatida xavfsizlik va barqarorlikni taʼminlashda maxfiy xizmat xodimlari bilan doim maslahatlashib ish olib borgan.
Sohibqiron harbiy yurishni boshlashdan oldin dushmanning qurolli kuchlari, mudofaa inshootlari, u yerdagi ichki vaziyat haqida aniq va toʻla maʼlumotga ega boʻlish maqsadida maxfiy xizmatchilarini yuborib turgan. Dushman toʻgʻrisida zarur maʼlumotlarga ega boʻlgandan keyingina yurishga taraddud koʻrilgan. Harbiy yurish yoki jang paytida boshboshdoqlik, parokandalikning oldini olish maqsadida har bir boʻlinma, guruh, qismning oʻz maxfiy parollari boʻlgan. Shu orqali boʻlinma, guruh, qismlar ichida maxfiylik taʼminlangan.
Amir Temur armiyasi taktik jihatdan oʻziga xos xususiyatlarga ega boʻlgan. Razvedka aʼlo darajada yoʻlga qoʻyilgan, qismlarning janggohda yoki jangovar safda talab darajasida harakat qilishi uchun zarur tadbir va choralar ishlab chiqilgan, ularni jang paytida tezkorlik bilan boshqarishga alohida diqqat qaratilgan. Oʻnlik, yuzlik, minglik va tuman qoʻmondonlarini tanlash masalasiga oliy bosh qoʻmondon masʼul hisoblangan, jang vaqtida qoʻshin qanotlarini dushman hujumidan muhofaza qilish va, oʻz navbatida, gʻanim kuchlarini yon tomondan aylanib oʻtib, unga ortdan zarba berish maqsadida tuzilgan otliqlar boʻlgan. Ibn Arabshohning guvohlik berishicha, Sohibqiron qoʻshinida ayollardan iborat boʻlinmalar boʻlib, ular erkaklar bilan bir safda turgan, qahramonlik va matonat namunalarini koʻrsatgan.
Shu sababli, Sohibqiron Sharqda birinchilardan boʻlib armiyaga oʻt sochar qurol (toʻpraʼd)ni olib kirgan. Temuriylar davrida bu qurolning boshqa turlari (zarbzan, farangi, qozon va hokazo) keng yoyildi. Togʻli hududlarda jang olib boruvchi maxsus harbiy qism va boʻlinmalar tashkil etilgan. Bunday harbiy qism Aleksandr, Gannibal, Chingizxon, Lyudovik XIV, Buyuk Fridrix kabi atoqli sarkardalar qoʻshinida ham boʻlmagan. Birgina Shayboniyxon armiyasida bunday qism mavjud edi va u toʻlyuma deb nomlangan.
Amir Temur jahon tarixida birinchi boʻlib qoʻshinni jang maydonida anʼanaviy besh boʻlakdan farqli ravishda yettitaga boʻlib joylashtirish tartibini joriy etgan. Bu yangilik keyinchalik Toʻxtamish, Shayboniyxon singari sarkardalar tomonidan oʻzlashtirilgan. Temuriylarga koʻplab zafarlar keltirgan bu harbiy taktikalardan Shayboniylar, Ashtarxoniylar va Oʻrta Osiyo xonliklari (Buxoro, Xiva, Qoʻqon) oʻzlariga moslashtirib foydalangan.
Xalqimiz “maʼlumotga ega kishi dunyoni egallaydi”, deb bejiz aytmagan. Amir Temur ham razvedka orqali juda koʻp maʼlumotlarga ega boʻlgan. Shu sababli, u yetti iqlim hukmdori boʻldi. Jahonda misli koʻrilmagan saltanatni barpo etdi va uning shuhrati dunyoga taraldi.
Shularni inobatga olgan holda, hozirgi kunda Mudofaa vazirligi oliy harbiy bilim yurti professor-oʻqituvchilari hamda mustaqil izlanuvchilar, shuningdek, Harbiy meros va zamonaviy tadqiqotlar instituti mutaxassislari tomonidan buyuk ajdodlarimiz Jaloliddin Manguberdi, Temur Malik, Amir Temur, Shohruh Mirzo, Mirzo Ulugʻbek, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa sarkardalarning boy merosi, boshqaruv va sarkardalik mahorati, strategiya va jang taktikasi boʻyicha fundamental va amaliy tadqiqotlar olib borilmoqda. Ularning bu boradagi tajribasidan harbiy xizmatchilar hamda kursant va tinglovchilarning bilim va koʻnikmalarini oshirishda foydalanib kelinmoqda.
Alimardon OʻTAPOʻLATOV,
Qurolli Kuchlar akademiyasi milliy iftixor va
harbiy vatanparvarlik kafedrasi katta oʻqituvchisi,
podpolkovnik